Qutb ayig‘i – dengiz sutemizuvchisi (1-qism)

Qutb ayig‘i – dengiz sutemizuvchisi (1-qism)

Britaniyalik botanik, qutbshunos Konstantin Jon Fipps 1774-yilda Shimoliy qutbga qilgan dengiz safarida ajoyib hayvonga duch keladi. U tashqi ko‘rinishidan odatdagi qo‘ng‘ir ayiqqa o‘xshar, lekin yungining tamoman oq bo‘lishi va yirtqich hayot kechirishi bilan farq qilar edi. Fipps qutb ayig‘iga Ursus maritimus, ya’ni “dengiz ayig‘i” deb nom berdi.

Qutb ayig‘i (Ursus maritimus) sistematik jihatdan yirtqichlar (Carnivora) turkumi ayiqlar (Ursidae) oilasi ayiqlar (Ursinae) kenja oilasi ayiq (Ursus) urug‘i mansub bo‘lib, u hozirgi mavjud yirtqichlar turkumining eng yirik vakili hisoblanadi. Voyaga yetgan erkak qutb ayig‘ining og‘irligi 350-700 kg atrofida bo‘ladi. Evolutsion jihatdan u qo‘ng‘ir ayiq (Ursus arctos) ga eng yaqin tur bo‘lib, undan alohida ekologik tokchada rivojlanganligi, jumladan tanasining sovuq iqlim sharoitiga, doimiy ravishda muz, qor ustida yurishga, suvda suzishga va ozuqa ratsionining asosiy qismini tashkil etuvchi tyulenlarni ovlashga moslashgani bilan farqlanadi. Qutb ayig‘i quruqlikda tug‘ilsa-da, umrining asosiy qismini dengizda o‘tkazgani uchun uni dengiz sutemizuvchisi sifatida klassifikatsiya qilinadi.

Qutb ayig‘i evolutsiyasi va taksonomiyasi

Ayiqlar (Ursidae) oilasi boshqa yirtqichlar vakillaridan 38 mln yil avval divergensiya qilgan. Hozirgi ayiqlar (Ursinae) kenja oilasining divergensiya yoshi esa 4,2 mln yilni tashkil etadi. Qutb ayiqlariga oid eng qadimgi qazilma qoldiqlar esa 2004-yilda Shpintsbergen arxipelagining Shahzoda Karl yerlari orolidan topilgan. Topilma taxminan 110-130 ming yoshda edi. Qutb ayig‘ining yoshi borasidagi DNK tahlillari nisbatan aniq ma’lumotlarni beradi. Mitoxondrial DNK tahliliga ko‘ra qutb ayig‘i va hozirgi qo‘ng‘ir ayiq orasidagi divergensiya 150 ming yil avval sodir bo‘lgan.

Avval boshda ushbu turning ikki kenja turi farqlangan: K.J.Fipps tomonidan 1774-yilda kashf etilgan Amerika qutb ayig‘i (Ursus maritimus maritimus) va P.S.Pallas tomonidan 1776-yilda kashf etilgan Sibir qutb ayig‘i (Ursus maritimus marinus). Biroq bugungi kunda ushbu farqlanish invalid hisoblanadi va ushbu ikki kenja tur aslida yagona tur ekanligini qayd etiladi. Yana bir kenja tur Pleystotsen (Kaynazoy erasi To‘rtlamchi davrning epoxasi, 2,588 mln yil avval boshlanib 11,7 ming yil avval yakunlangan) epoxasida yashab qirilib ketgan Ursus maritimus tyrannus aniqlan bo‘lib, ayrim qazilma qoldiqlar uning aslida qutb ayig‘i emas, balki qo‘ng‘ir ayiq bo‘lganligini aytadi, bu holat bugungi kunda bahsli hisoblanadi.

Qutb ayig‘ining tarqalishi va populyatsiyasi

Qutb ayig‘i Shimoliy muz okeani atrofidagi quruqliklarda va unga qo‘shni bo‘lgan orollarda tarqalgan. Ular doimiy ravishda muzliklar bilan qoplangan mintaqalarda yashaydi. Qutb ayiqlarining umumiy sonini hisoblash bo‘yicha biologlar aniq raqamni keltira olishmaydi. Bunga sabab qilib ular yashaydigan muhitning yaxshi o‘rganilmaganligi, shu bilan birga tadqiqot olib borishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator cheklovlarning mavjudligi ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsa-da, bir-biridan mustaqil turli tadqiqotlarda ayni vaqtda Yer yuzidagi qutb ayiqlari sonini 20-25 ming yoki 22-31 ming atrofida deb ko‘rsatiladi. Umumiy holatda Shimoliy muz okeani atrofida qutb ayig‘ining 19 ta subpopulyatsiyalari qayd etilgan. 2017-yilgi ma’lumotga ko‘ra, ushbu subpopulyatsiyalarning bittasi kamayish, ikkitasi o‘sish, yettitasi stabil holatda va 9 tasi haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.