Raqs turidan og‘riqlarni yengishgacha

Barno Baxromova
Farg’ona viloyati pedagog kadrlarni
qayta tayyorlash va malakasini
oshirish instituti o’qituvchisi

Hayvon nomi bilan ataluvchi milliy raqs turi haqida eshitganmisiz hech? Albatta yo‘q. Italiyaning «Tarantella» nomli judayam qadimiy va milliy raqsi bor.  Aytishlaricha bu raqsning yoshi ming yilliklarga borib taqalar ekan. Bu raqs judayam tez harakatli raqs bo‘lib, unda qo‘l-oyoq, tana muskullarining musiqa sadosi ostida tez – tez harakatlanishi talab etiladi. Italiya qadimshunoslari bu raqs turi haqida juda ko‘p afsona va rivoyatlar borligi haqida yozishadi. Lekin  hamma asotirlarda bu raqs turning paydo bo‘lishida aynan o‘sha mavjudotning  hissasi borligini yozib o‘tishadi. Qaysi mavjudodning hissasi borligini taxmin qilyapsizmi?

Rivoyatlarga ko‘ra qadimda Italiyada yashovchi oddiy aholi orasida g‘alati bir kasallik epidemiyasi tarqaladi. Dastlab kasallik dalada ishlovchi ayollar o‘rtasida kuzatiladi. Keyinchalik judayam tez yoyila boshlaydi. Kasallik belgilariga ko‘ra u insonda isitma, holsizlik belgilarini namoyon qila boshlaydi. Ba’zi insonlarni xatto o‘limgacha olib kela boshlaydi. Kasallikni tuzatish uchun avval kasallik keltirib chiqarayotgan sababni izlay boshlashadi va nogahon teridagi qizariqli shishda qolgan ikki dona nuqtali izni sezib qolishadi. Gap nima haqida ketayotganini topdingizmi? Ha, ha gap o‘sha Robinzon Kruzoning do‘sti Jumavoy og‘ziga solmoqchi bo‘lgan pahmoqqina umurtqasiz hayvon – tarantul haqida. O‘sha davrning tabiblari bu kasallikni tarantul keltirib chiqargani uchun tarantizm deya atashadi va bu kasallikka davo choralarini axtara boshlashadi. U vaqtlarda tabiblar uchun bittagina yo‘l –  zaharni terlash orqali tanadan chiqarib yuborish mumkinligiga ishonib tarantizm bilan kasallanganlarni terlatib tuzatish yo‘liga kirishishadi. Albatta kasal insonni mehnat yo‘li bilan terlatib bo‘lmaydi, shuning uchun bemorlarni terlarish uchun musiqa sadolaridan foydalananishgan. Tarantolati  (tarantul chaqqan odam) terlash uchun holdan tolguncha tez harakatlar bilan raqsga tusha boshlaydi. Ba’zilar 36 soatgacha tinimsiz raqsga tushgan. Oqibatda u terlay boshlaydi va qattiq charchab uyquga ketadi. Ertasiga kasallikdan holi, lekin kuchsiz holda uyg‘onadi (aslida muskullarning tez harakati sabab organizmga tushgan zahar tezlikda limfa tomirlarga o‘tib undan limfa tugunlariga tezroqda etib borib zaharni limfotsitlar tomonidan zararsizlantirishi u davr odamlarining hayollariga ham kelmagan bo‘lsa ajab emas). Tarantizm yo‘qoldi lekin, tarantul sabab yuzaga kelgan tarantella hozirgacha saqlanib qoldi.

Tarantul zahari nafaqat yangi raqs turini paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi, balki u hozirgi kunda surunkali og‘riqlarni to‘xtatuvchi oqsilga ega ekanligi ham ma’lum bo‘ldi. Biz bilamizki, ko‘pchilik og‘riq qoldiruvchi dori vositalari vaqtinchalik ta’sir kuchiga ega ekanligi, o‘ziga o‘rgatish hususiyati, ma’lum vaqtlardan keyin esa dori vositasini og‘riqlarni to‘xtatishga kuchi etmay qolishini va bu dori vositasini keyinchalik vaqt o‘tishi bilan boshqa kuchliroq og‘riq qoldiruvchi preparatga almashtirilishini yaxshi bilamiz. Lekin millionlab odamlar surunkali nevropotologik kasalliklar og‘riqlari bilan yashayotganliklari tufayli bu dori vositalaridan ilojsiz foydalanishmoqda. Aynan shuning uchun butun dunyo tadqiqotchilari bu muammolarni hal etish uchun potensial, yangi davolovchi, surunkali og‘riqlardan halos qiluvchi vositalarni izlash bilan mashg‘uldirlar.  Ayni vaqtda bu ish bilan Avstraliyaning Kvinslend universiteti molekulyar biologiya fakulteti bir guruh izlanuvchilari shug‘ullanmoqda. Dastlabki izlanishlar natijalari 2016-yilda «Biophysical Journal»da e’lon qilingan bo‘lib, jurnalda ular Peru yashil barxat tarantuli zahari tarkibida peptidli toksin – ProTx-II borligini aniqlaganliklari haqida yozadilar (Ilk marotaba Peru yashil barxat tarantuli zahari tarkibi AQSHning Yel universiteti tadqiqotchilari tomonidan 2014- yilda yuzlab o‘rgimchak turlari zahari o‘rganilayotgan vaqtda aniqlangan edi). Guruh rahbari Soney Enrikes (Sonia Henriques)ning  Los-Anjelesda bo‘lgan Biophisical Society 60th Annual Meeting anjumanida  takidlashicha  bu pepdidli ProTx-II toksini nerv hujayrasi membranasiga tanlab ta’sir qilish hususiyatiga ega. U og‘riqni his qiluvchi retseptorlar bilan bog‘lanib ular ishini tormozlaydi. Retseptor hujayra  membranasi bu erda asosiy o‘rinda turib peptidli toksin konsentratsiyachini oshirib beradi va bundan og‘riqni sezuvchi retseptorlar ish faoliyati pasayishni boshlaydi.  Oqibatta tez fursatlarda og‘riq haqidagi impulslar markaziy nerv sistemasiga o‘tkazilmay qoladi. Bu esa og‘riq to‘xtaganligidan darak beradi.

Bu natijalardan kelib chiqib tadqiqotchilar hozirda huddi shu zahar tarkibidagi yangi toksinlarni ajratib olish va ularni qo‘shimcha ravishda nerv hujayralari membranasiga insonlar uchun ijobiy ta’sirchangligini aniqlash yuzasidan ish olib borishmoqdalar. Ular tajribalar orqali yangi, ijobiy, foydali natijalarga yaqin kunlarda erishishlariga umid qilishmoqda. Balki kelajakda har xil kasalliklar oqibatida kelib chiquvchi surunkali va nosurunkali og‘riqlarga qarshi kurashishimizda shu tarantul zahari orqali g‘olib bo‘larmiz. Balki og‘riqlardan forig‘ bo‘lgan bemorlar hursandchilikdan Tarantella raqsiga o‘ynay boshlashar.  Kim biladi, bu yog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi albatta.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.