Rastoropsha (olabuta)

Rastoropsha (olabuta)

Ko’pgina o’zbek tilidagi saytlarda rastoropsha deb nomlanayotgan o’simlikning o’zbekcha nomi olabo’ta bo’lib, u murakkabguldoshlar oilasining shu nomli turkumiga kiradi. Olabuta (Silybum) turkumi o’z ichiga ikki turni oladi. Ulardan biri dog’li olabuta (Silybum marianum) bo’lib, O’zbekiston hududining janubiy viloyatlarida o’sadi. Quyidagi maqolamizda ushbu o’simlik haqida so’z boradi.

Botanik tavsifi

Olabutaning umumiy ko’rinishi

Hayotiy shakli bir (madaniylashtirilgan formalarida) yoki ikki yillik tikanli o’simlikning bo’yi 1-1,5 metrga yetadi. Poyasi oddiy yoki shoxlangan, tikansiz. Barglari poyada ketma-ket o’rnashgan, ellipssimon, chetlari o’yilgan, yirik (uzunligi 80 sm gacha boradi). Barg cheti va uning orqa yuzasidagi tomirlarida bo’ylab sarg’ich tikanchalar o’rnashgan. Barg plastinkasi yashil yaltiroq, yuzasida oq dog’lari bor. Gullari to’q qizil, pushti yoki oq rangda bo’lib, yirik sharsimon yakka savatchada yig’ilgan. Gulining atrofini tikanli bargchalar o’rab turadi. To’pgulning gulo’rni qalin, tuklar bilan qoplangan. Barcha gullari ikki jinsli, naysimon. Iyul-avgust oylarida gullaydi. Mevasi doncha.

Tarqalishi

Dog’li olabuta (rastoropsha) ning vatani O’rta yer dengizi, Bolqon va Pireney yarimoroli bo’lib, uni Yer yuzining deyarli barcha mintaqasida uchratish mumkin. Tabiiy holatda juda ko’p joylarga iqlimlashgan. Shimoliy Amerika, Eron, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlarda uni invaziv tur sifatida qayd etishadi. O’zbekistonning janubiy viloyatlarida ko’plab maydonlarda o’sadi. Dorivorlik xususiyati sabab madaniylashtirilgan. Ko’plab davlatlarda, jumladan, Avstraliya, Germaniya, Polsha, Rossiya, ukraina, Xitoy va Argentinada katta maydonlarda ekiladi. Yevropa davlatlarida uni mart-aprel oylarida ekishadi.

Olabuta (rastoropsha) ning kimyoviy tarkibi

Olabuta tarkibidagi asosiy ta’sir qiluvchi modda flavonoidlar va flavonolignalar (silibinin, silikristin, silidianin) hisoblanadi. Bundan tashqari o’simlik o’z tarkibida alkoloidlar, saponinlar, yog’ kislotalari, oqsil, vitamik K, smola, tiramin, gistamin va ko’pgina makro va mikroelementlarni saqlaydi.
Tibbiyotda uning urug’idan siqib olingan moyi, mevasidan tayyorlangan spirtli va suvli ekstraktlari, choylari va siropi qo’llaniladi. O’simlikning yetilgan mevalari tibbiy maqsadda yig’iladi. Olabuta (rastoropsha) ni asosan jigar (gepatit, sirroz, zaharlanish), o’tqopi kasalliklarida, o’tqopidagi tosh holatlarida, yo’tal va boshqa xastalikda qo’llaniladi. O’simlik preparatlari jigarda o’t suyuqligi ishlab chiqarishni kuchaytiradi.

Bundan avvalgi maqolamizda o’simliklarni changlantirishda chivinlarning ishtiroki haqida ma’lumot bergan edik.

Atamalar: olabuta, rastoropsha

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.