Salamandralarning yangi turi topildi

Salamandralarning yangi turi topildi

AQSHlik olimlar jamoasi Florida shtatidan suvda hamda quruqlikda yashovchilar sinfiga mansub salamandralarning yangi turini aniqlashga muvaffaq bo’lishdi.

Yangi aniqlangan salamandra sirenlar (Sirenidae) oilasiga mansub bo’lib, ularning hayoti butkul suvda kechadi. Tashqi ko’rinishidan ugor balig’ini eslatuvchi ushbu salamandraning morfologik belgilari o’ziga xos bo’lib, tashqi jabralari yaqqol ko’zga tashlanadi, faqatgina oldingi oyoqlari rivojlangan.

Olimlarning ta’kidlashlaricha ushbu amfibiyaning ajdodlari boshqa salamandralardan oila evolutsiyasi boshlangan vaqtdayoq ajralib chiqqan. Bo’r davrida Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Afrikaning barcha suv havzalarida sirenlar keng tarqalgan bo’lgan. Hozir esa ushbu oila vakillarining areali ancha cheklangan bo’lib, ular AQSHning janubiy qismi va Meksikaning shimoliy sharqiy qismida uchraydi.

Yangi topilgan salamandraga to’rsimon siren (Siren reticulata) deb nom berildi. Ushbu tur janubiy Alabama va shimoli-g’arbiy Floridaning qsiqarib borayotgan biologik xilma-xillikning qaynoq qismida so’nggi 44 yil ichida topilgan birinchi sirenlar vakili hisoblanadi.

To’rsimon siren. Rasm muallifi: Pierson Hill

To’rsimon siren genetik jihatdan hozirgi fanga ma’lum bo’lgan barcha salamandra tur va kenja turlaridan farq qiladi. U nisbatan ancha yirik amfibiya bo’lib (60 sm), AQSH hududidagi so’nggi 100 yillikda topilgan eng yirik umurtqali hayvon hisoblanadi.

Ushbu kashfiyot haqida 5-dekabr kuni xalqaro PLoS ONE ilmiy jurnali xabar berdi.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.