Sharq bo’g’ma iloni – Eryx tataricus

Sharq bo’g’ma iloni – Eryx tataricus

Sharq bo’g’ma iloni – Eryx tataricus (Liechtenstein, 1823) sudralib yuruvchilar sinfi, tangachalilar turkumi, ilonlar kenja turkumi soxta oyoqlilar oilasi bo’g’ma ilonchalar urug’iga mansub tur. Xalqaro reptiliyalar katalogi ma’lumotiga ko’ra bugungi kunda uning 3 ta kenja turi mavjud. Turkmaniston Qizil kitobiga areali cheklangan tur (III mezon) sifatida kiritilgan.

Tashqi tuzilishi

Ilonlarning o’rtacha uzunligi urg’ochilarida 1050 mm, dumining uzunligi 60-70 mm; erkaklarining uzunligi 950 mm, dumining uzunligi 70-80 mm gacha yetadi. Dumlarining uchi to’mtoq, aylana hosil qiladi. Peshonasi va tumshug’ining yuqori yuzasi u yoki bu darajada tekis yoki birozgina bo’rtgan. Ko’zlari ikki tomonda biroz yuqorida joylashgan. Boshi bo’yni bilan yaqqol chegaralanmagan, yuza tomondan ko’p sonli mayda noto’g’ri shaklli tangachalar bilan qoplangan. Qorin tangachalari 169-213 tagacha, dumosti tangachalari esa 27-45 tagacha yetadi. Tanasining aylanasidagi tangachalar 43-59 qatordan iborat. Tanasining orqa tomonidagi va dum qismidagi tangachalari turlicha: silliqdan to kuchli g’adir-burur holatgacha bo’ladi.
Rangi. Tanasining yuqori tomoni sariq-jigarrang, qizil-jigarrang yoki kulrang-jigarrang tusda tovlanadi. Orqasi bo’ylab turli shakldagi qora-qo’ng’ir dog’lar ko’zga tashlanadi. Tanasining yon tomonida esa ko’p sonli to’q rangli dog’lar va xollari mavjud. Qorin tomoni ba’zan qora-qo’ng’ir dog’li, ba’zan esa dog’siz yorqin rangda bo’ladi.

Tarqalishi va kenja turlari

Sharq bo’g’ma iloni Qozog’istonning markaziy qismi va sharqiy qismida, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmanistonning sharqiy qismida uchraydi. O’rta Osiyodan tashqarida ularni Eron, Afg’oniston, g’arbiy Pokiston, Shimoli-g’arbiy Hindiston, g’arbiy Xitoy va janubiy Mug’ulistonda ham uchratish mumkin. Asosiy tarqalish areali janubi-sharqiy O’zbekiston va Tojikiston hududiga to’g’ri keladi.
Sharq bo’g’ma ilonining 3 ta kenja turi ma’lum bo’lib, Eryx tataricus tataricus Lichtenstein, 1823 Tojikistonning shimoliy mintaqasida, O’zbekistonning Farg’ona vodiysida uchraydi. Tojikistonning Vaxsh vodiysida esa Eryx tataricus speciosus Tsarevskji, 1915 kenja turi keng tarqalgan bo’lib, Tojikistonning janubi-g’arbiy qismidagi Hisor vodiysida esa Erys tataricus vittatus Chernov, 1959 kenja turi ko’proq uchraydi. So’nggi kenja turni aksariyat sistematiklar alohida tur sifatida e’tirof qilishadi, lekin hali-hanuz uning sistematik o’rni to’liq ko’rib chiqilmagan.

Sharq bo’g’ma ilonining Markaziy Osiyodagi tarqalish areali
Muallif: hujayra.uz

Uchrash joylari

Sharq bo’g’ma ilonini tuproqli va o’simliklar nisbatan zich o’sadigan cho’llarda, yarim cho’l va adirliklarda uchratish mumkin. Cho’l hududining o’simliklar bilan qoplangan qismidan qochmaydi, lekin ochiq qumliklar va barxanliklardan uzoq yuradi. Vohalarda esa efemer o’simliklar o’sadigan tepaliklar, toshli va shag’alli adirliklarning butazorlar bilan qoplangan qismida, sahrolarning esa shuvoq va sho’ralar ko’p o’sadigan hududlarida uchraydi. Ba’zan esa sug’oriladigan yerlarda ham uchrab turadi. Tog’li hududlarda dengiz sathidan 1500-1600 metr balandlikkacha bo’lgan hududlarda pistazorlarda ham uchraydi. E.t.tataricus shimoliy Tojikistonning qumliklarida, tuproqli va qumli tekisliklari va adirliklarida uchraydi. O’zbekiston va Turkmaniston hududida joylashgan Ko’hitang tizmalarida esa tuproqli adirliklarda va efemer o’simliklar ko’p o’sadigan toshli hamda toshli-shag’alli qiyaliklarda yashaydi. E.t.speciosus kenja turi Vaxsh vodiysida keng ko’lamda tarqalgan bo’lib, uni daryo qirg’oqlaridan 1-2 metr uzoqlikda uchratish mumkin. Hisor vodiysiga xos bo’lgan E.t.vittatus kenja turi esa asosan o’rmonli adir va tog’liklarda dengiz sathidan 700 metr balandlikkacha bo’lgan mintaqalarda uchraydi.

Hayot tarzi

Faolligi. Sharq bo’g’ma iloni o’zi uchun uya qazimaydi, odatda kemiruvchilar, toshbaqalar yoki boshqa hayvonlarning tayyor uyalarini egallab oladi. Qishni mana shunday uyalarda 1,8-2,5 metr chuqurlikda yumshoq tuproqlarda qishlab o’tkazadi. Mintaqa iqlimining o’ziga xosligidan kelib chiqib mavsumiy faollik davri davomiyligi turlicha bo’ladi. Markaziy Osiyoning janubidagida sharq bo’g’ma ilonlari mart oyidan noyabrgacha faol bo’lsa, janubiy Balxashorti, Qozog’iston, Mug’ulistondagi vakillari may oyidan sentabrning boshigacha faol bo’ladi.
Ko’payishi. Bahor oylarida ularni faqatgina uyasi oldida pana joylardagina uchratish mumkin. Urg’ochisi iyun-iyul oylarida yoki avgustning oxiri sentabrning boshlarida 5 tadan 34 tagacha tirik tug’adi. Yangi tug’ilgan ilonlarning uzunligi 150-200 mm atrofida bo’ladi.
Oziqlanishi. Odatdagi oziq ratsionini turli kaltakesaklar va mayda kemiruvchilar tashkil etadi, ba’zan esa mayda chumchuqsimonlarni ovlaydi. Odatda tunda uyasi atrofida ov qiladi.

Tabiiy dushmanlari

Sharq bo’g’ma iloni tabiatdagi ozuqa zanjirida ishtirok etadi. Bo’z echkemar, tulkilar, ukki, yirtqich qushlar va quloqdor tipratikan ushbu ilonning tabiiy dushmanlari hisoblanadi.

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.