Saytimiz kundan kunga o’z kontentini biologiyaning turli sohalariga oid maqola va turli ma’lumotlar bilan to’ldirib borar ekan, jarayonga xayrihoh yoshlar safimizga qo’shilmoqda. Ushbu maqolada bo’lajak olim, shifokor Andijon tibbiyot instituti Davolash fakulteti talabasi Sarvarbek Sulaymonovning skelet sistemasi haqidagi saytimiz uchun maxsus tayyorlangan maqolasi bilan tanishishingiz mumkin.
Odam anatomiyasi haqida so’zlar ekanmiz, birinchi navbatda tasavvurimizda skelet surati gavdalanadi. E’tibor bering! Sizning tasavvuringizdagi skelet tasvirining tiniqligi qanchalik darajada? Unchalik tiniq emas to’g’rimi? Ya’ni siz har bir suyakning kichik aksessuarlarigacha aniq-tiniq tasavvurga ega emassiz… Keling, hozir xayolingizdagi shu tasvirlarni sezilarli darajada oydinlashtirishga urinib ko’ramiz va tasavvuringizni 2D formatidan 3D ga o’zgartirishga harakat qilamiz. Buning uchun esa sizdan faqatgina diqqat-e’tibor talab etiladi!
Tanamizda tayanch-harakatlanishda ishtirok etuvchi 206ta suyak mavjud. Bu suyaklar o’zaro harakatli va harakatsiz birikib skelet sistemasini tashkil etadi (bulardan faqatgina tilosti suyagi boshqalari bilanbirlashmagan). Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda esa suyaklar soni 270 dan orti qbo’ladi va tuzilishida ham bir qancha farqlar bor. Odam ulg’aygan sari ayrimsuyaklar o’zaro qo’shiladi va natijada 206 tani tashkil etadi. Bilamizki, suyaklar shakliga ko‘ra bir necha tiplarga bo’linadi. Quyidagi rasmda suyaklarning tiplari keltirilgan:
Endi suyaklarning tuzilishiga ham e’tibor qaratamiz. Bu uzun naysimon suyakning tuzilishi bo’lib, bir necha qismlarni farqlaymiz: tanaga yaqin proksimal va tanadan uzoqdagi distal qismlar, buyerda proksimal-distal epifiz va o’suvchi qism metafizni ko’ramiz, o’rta qismiesa diafiz hisoblanadi. Metafiz qismi suyakning bo’yiga o’sishini ta’minlaydi. Epifiz qismlarida gialin tog’ayi bilan qoplangan bo’g’im yuzalari mavjud. Barcha suyaklar yuzasi suyak usti pardasi periosteum bilan qoplangan, naysimon suyaklarda ichki suyak pardasi endoosteum ham bo’ladi.
Ko‘rib turganingizdek, suyaklarda oziqlantiruvchi teshik mavjud bo’lib, u yerdan oziqlantiruvchi arteriya va vena qon tomirlari o’tadi. Suyaklardagi qon sirkulyatsiyasi shu tomirlarga bog’liq.
Quyidagi rasmda naysimon suyakning gistologik tuzilishi keltirilgan.
Bu suyakning asosini suyak plastinkalari tashkil etib, plastinkalar ingichka, bir-biriga parallel holda joylashgan kollagen tolalardan va osteotsit hujayralardan iborat. Har bir plastinkada kollagen tolalar qo’shni plastinkadagi kollagen tolalarga nisbatan parallel joylashadi. Plastinkalarda tolalarning bunday yo’nalishi suyak to’qimasini mustahkam qiladi.
Suyak plastinkalarining joylashishiga qarab ikki xil suyak moddasi farqlanadi: kompakt (zichlashgan) va g’ovak suyak. Kompakt suyakda plastinkalar bir-biriga jips parallel joylashsa, g’ovak suyakda plastinkalar har xil yo’nalishda, bir-biriga nisbatan turli xil burchak hosil qilib joylashadi va ularning orasida kichik-kichik bo‘shliqlar hosil bo‘ladi.
Nishonlangan radioaktiv fosfor bilan o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, g’ovak suyak o‘zida harakatchan fosfor tutib, u osonlik bilan qonga o‘tishi mumkin. Kompakt suyak esa g’ovakka qaraganda uch marta kamroq harakatchan fosfor tutadi. Shunday qilib, mineral tuzlar almashinuvida g’ovak suyak asosiy rol o’ynaydi.
Suyak devorining o’rta qavatini osteonlar (Gavers sistemasi) hosil qilib, ular kompakt suyakning struktura birligi hisoblanadi. Osteonlar ham plastinkalardan iborat bo’lib, ular konsentrik halqalar sifatida qon tomirlarni o’rab joylashadi. Osteonlar devori qalinligi 5-20 mkm bo’lgan, bir-birining ichiga kirgan silindrlar sistemasidan tuzilgan. Qon tomirlar osteonlar markazida joylashadi. Osteon halqalarini hosil qilgan plastinkalarning ossein tolalari o’z yo’nalishiga ega bo’lgani uchun suyakning bo’ylama va ko’ndalang kesmalarida plastinkalarni aniq ajratish mumkin.
Yuqorida suyakning tashqi tomondan suyak usti pardasi periosteum bilan o’ralganligini aytib o’tgan edik. Suyak usti pardasida oziqlantiruvchi qon tomirlaridan tashqari nerv tolalari ham joylashgan. Bu miyelinli va miyelinsiz nerv tolalarining chigallari mavjud. Nerv tolalarining bir qismi osteon kanaliga, u yerdan esa suyak ko’migiga yetib boradi.
Sezgan bo’lsangiz bu rasm yuqoridagi rasm kesmasining yaqinlashtirilgan holati va bu yerda suyak hujayralariga e’tibor qaratilgan. Uch xil suyak hujayralari farq qilinadi: osteotsitlar, osteoblastlar va osteoklastlar.
Osteotsitlar o’simtali hujayralar bo’lib, o’z shakliga mos keladigan bo’shliqlarda joylashadi va o’simtalari bilan o’zaro bog’langan. Osteotsitlar suyak to’qimasining asosiy hujayralari hisoblanib, hujayra markazi (sentrosomalar) topilmagan, shu sababli bu hujayralar bo’linish qobiliyatiga ega emas.
Osteoblastlar (osteon – suyak; blastos – kurtak) suyak usti pardasida va suyakning yangidan hosil bo’layotgan joylarida uchraydi. Bular suyak hosil qiluvchi yosh hujayralardir. Bu hujayralar doimo oqsil sintez qilib hujayralararo moddaga ajratib turadi, hujayralararo modda hosil bo’lishi tugagandan so’ng ular aktiv bo’lmagan suyak hujayralariga – osteotsitlarga aylanadi.
Osteoklastlar (osteon – suyak, clasio – parchalanish, yemirilish) – bu hujayralar ohaklangan tog’ay va suyak to’qimalarining yemirilishida aktiv ishtirok etadi. Ular makrofaglarning maxsus turi bo’lib, suyak to’qimasi bilan uchrashgan yeridao’yiqlar (lot. – lacuna) hosil bo’ladi. Osteoklastlarning suyak to’qimasini yemirishida ular ajratib chiqaradigan CO2 muhim rol o’ynaydi, deb hisoblanadi.
Tanadagi mavjud suyaklar quyidagi rasmlarda nomlari bilan ko’rsatilgan:
Oramizdan deyarli ko’pchilik bosh suyaklarining tuzilishi, umuman olganda, ularning soni, birikish chegaralari haqidagi ma’lumotlarga qiziqsalar kerak deb o’ylagan holda rasmlar borasida ko’proq bosh suyaklariga urg’u berishga qaror qildik.
Ko’rib turganingizdek bosh suyaklari bir-biri bilan o’ziga xos tarzda turli xil choklar hosil qilib birikkan. Bu choklardan eng mustahkami chakkaning tangasimon choki (ing. squamous suture) hisoblanadi.
Son suyagi tanadagi eng qattiq suyak bo’lsa, yanoq suyagi yoyi esa inson yuz qismidagi suyaklarning eng qattig’idir.
Yana bir ma’lumot – miya qutisi suyaklarining ichki yuzasida bosh miyadan qon olib ketuvchi venoz sinuslarning egatlari mavjud, bu egatlar bosh hali suyaklanmagan vaqtda yuzaga keladi.
Jinsga oid farqlar
Skelet sistemasida jinsga oid bir qancha farqlar mavjud. Hozir ulardan bir nechtasini ko’rib chiqamiz:
– Ayollarda yelka chanoqqa nisbatan tor bo’ladi, erkaklarda aksincha(buni hamma biladi)
– Chanoqda qov suyaklari orasida gemiartroz (symphisis) – yarim bo’g’im mavjud bo’lib ayollarning tug’ish jarayonida suyaklarning bir-biridan uzoqlashishini ta’minlab beradi
– To’shning xanjarsimon o’sig’i ayollarda erkaklardagiga nisbatan to’mtoqroq bo’ladi.
E’tiboringiz uchun tashakkur! Agarda odam anatomiyasi haqida puxta bilimlarga ega bo’lishni istasangiz yoki 3D formatdagi dasturlarga qiziqsangiz ushbu manzildan shaxsiy kompyuteringiz uchun anatomiyadan inglizcha maxsus dasturni yuklab oling.
Sarvarbek Sulaymonov
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izohlar
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.
Ajoyib maqola bo‘libdi