Skunslar oilasi

Skunslar oilasi

Yaqin-yaqingacha yirtqichlar turkumining suvsarsimonlar oilasiga mansub bo’lgan ushbu hayvonlar so’nggi o’tkizilgan molekulyar tadqiqotlardan so’ng alohida skunslar oilasi (Mephitidae) sifatida ajralib chiqdi.

Umumiy ma’lumotlar

Skunslarni tashqi qiyofasidan, ya’ni qora fondagi bir necha qator oq hoshiyalardan osongina ajratib olish mumkin. Bunday oq hoshiyalar skunsning boshidan orqasi bo’ylab dumigacha yetadi. Oq hoshiyalar dushmanni ogohlantiruvchi belgi hisoblanadi. Skunslarning o’ziga xos xususiyatlaridan biri bu badbo’y hid chiqaruvchi anal bezlarining bo’lishidir. Ushbu himoya vositasidan dushmandan himoyalanish vaqtida foydalanadilar. Eng kichik vakili dog’li skuns (Spilogale putoriu) bo’lib, og’irligi 200 g dan 1 kg gacha boradi; eng yirik vakili cho’chqaburun skunslar (Conepatus) ularning og’irligi 4,5 kg gacha boradi.

Tarqalishi 

Skunslar oilasining deyarli barcha vakillari Yangi dunyo hayvonlari hisoblanadi. Yo’l-yo’l hoshiyali skunslar Kanadadan to Kosta-Rikagacha, cho’chqaburun skunslar AQSH ning janubiy hududlaridan to Argentinagacha, dong’li skunlar esa Britaniya Kolumbiyasining janubi
va Pensilvaniyadan  to Kosto-Rikagacha bo’lgan hududlarda uchraydi. 1997-yildan skunslar oilasiga mansub deb hisoblangan badbo’y bo’rsiqlarning  (ungacha suvsarsimonlarga kirgan) ikki turi yangi dunyodan tashqarida – Indoneziyaning Yava, Sumarta, Kalimantan, Filippinning Palavan orollarida tarqalgan. 

Skunslarning uchrash areali.
binafsharang – Mephitis; ko’k – Spilogale; sariq – Conepatus; yashil – Mydaus
Manba: wikipedia.org 

Hayot tarzi

Skunslar turli xil landshaftlarda hayot kechiradi. Jumladan ularni o’rmonzorlarda, o’tloqzorlarda, agrotsenoz va tog’lik mintaqalarda uchratish mumkin. Qalin o’rmonlar va botqoqliklardan uzoqroq yurishga harakat qiladi. Asosan tunda faol hayot kechiradi. Odatda o’ziga yerda uya qaziydi, ba’zan boshqa hayvonlarning uyasini egallab ham oladi. Ayrim vakillari (Spilogale) esa bemalol daraxtlarda o’rmalab yuradi.
Skunslar hammaxo’r yirtqichlar bo’lib, odatda o’simlik mahsulotlari, chuvalchanglar, hasharotlar va boshqa umurtqasizlar, mayda umurtqalilardan – ilonlar, qushlar va ularning tuxumlari, kemiruvchilar bilan oziqlanadi.  Qishda to’da holida – bitta erkak va bir nechta urg’ochi (12 tagacha) skunslar uyalarida qishlashadi, qolgan vaqtlarda yakka hayot kechiradi. Boshqa yirtqichlardan farqli ravishda o’z hududi chegarasini belgilab olmaydi. oziqlanish maydoni erkak skunslarda 20 km. kv. gacha, urg’ochilarida esa 2-4 km. kv. gacha bo’ladi.
Skunslarning hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan, lekin ko’rish xususiyati past bo’lib, 3 metr uzoqlikdagi predmetni farqlay olmaydi.

Ko’payishi

Odatda yuvosh bo’lgan ushbu hayvonlar nikoh mavsumida ancha agressiv bo’lib qoladi. Nikoh mavsumi erta bahordan boshlanib 2-3 oy davom etadi. Mephitis va Conepatus urug’i vakillarida homiladorlik o’rtacha 2-3 oy davom etadi. Dog’li skunsning shimoliy populyatsiyalarida esa homiladorlik 250 kungacha, ba’zan undan ham uzoq vaqt davom etadi. 2 – 10 tagacha jish bola tug’adi, yangi tug’ilgan skunslarning anal bezlari rivojlangan holatda bo’ladi. Yangi bolalarni faqat ona skuns parvarishlaydi, ota skuns bu ishlarga deyarli aralashmaydi. Yangi tug’ilgan avlodlarning o’lim ko’rsatkichi yuqori bo’lib, 50 – 70% i odatda halok bo’ladi. Bunga odatda turli kasalliklar bilan kasallanish va yirtqichlar sabab bo’ladi. Ikki oylik skunslar mustaqil hayotga yo’l oladilar. Birinchi yilning oxirida voyaga yetishadi.
Skunslar 7 yilgacha umr ko’radi, lekin odatda 3-4 yildan uzoq yashamaydi. Tutqunlikda esa 10 yilgacha yashay oladi.

Sistematikasi

Ayni vaqtda skunslar oilasining 4 urug’ga mansub 12 turi mavjud:

– Conepatus – cho’chqaburun skunslar: – 4 ta turi bor;
– Mephitis – yo’l-yo’l skunslar: – 2 ta turi bor;
– Mydaus – badbo’y bo’rsiqlar: – 2 ta turi bor;
– Spilogale – dog’li skunslar: – 4 ta turi bor.

Ekosistemadagi o’rni

Hammaxo’r skunslarning ozuqa ratsionidagi o’simlik va hayvonlarning tur soni ancha keng. Lekin o’zlari badbo’y hidlari tufayli kam holatlarda o’ljaga aylanishadi. Asosan mayda yoshli skunslarda koyot, tulki, puma, kanada yovvoyi mushugi, bo’rsiqlar va hidni sutemizuvchilar kabi yaxshi ajrata olmaydigan yirtqich qushlar tashlanib turadi. Shu bilan birga skunslar bir qancha parazitlar va kasalliklarning tashuvchilari hisoblanadi. Gistoplazmoz ham asosan skunslar orqali tarqaladi. Skunslar ba’zida quturish kasalligi bilan ham og’rib turadi.
Skunslarning asosiy dushmanlari bu odamlar bo’lib, odatda ular uning badbo’yligi tufayli yoki uy parrandalarini yeb ketgani tufayli qirib yuborishadi. Amerikaning ayrim joylarida uni xonaki hayvon sifatida ham saqlashadi, faqatgina avval uning anal bezlari olib tashlanadi.


Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: Mephitidae, skunslar

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.