Taksonomistlar uchun nomenklatura tiplari haqida qisqacha yo’riqnoma

Taksonomistlar uchun nomenklatura tiplari haqida qisqacha yo’riqnoma

Nomenklatura tiplari bu organizmga ilmiy nom berishda va uni rasmiy ravishda e’lon qilish vaqtida asoslaniladigan namuna yoki namunalar yig’indisi. Organizmlar jamoasini ilmiy ravishda nomlash orqali ular u yoki bu taksonga mansubligi belgilanadi. Mana shu jarayonda nomenklatura tiplaridan foydalanadilar. Quyida ana shunday nomenklatura tiplarining eng muhimlari bilan tanishtirib o’tiladi. Maqoladagi nomenklatura tiplari zoologiya nuqtai nazaridan yoritilgan (botanikada birozgina juz’iy farqlar bo’lishi mumkin).

Holotip – tur yoki undan quyi bo’lgan taksonlarni rasmiy ravishda tasvirlayotganda qo’llaniladigan yagona jismoniy namunadir. Holotip har doim bir dona bo’ladi. Masalan, tasavvur qilaylik, biolog biror yangi hayvon turini ilk marotaba fanga kiritmoqda, yana ham aniqroq misol keltiradigan bo’lsak, biror baliq turini. Sistematik daryodan ushbu baliqning 7 ta namunasini tutgan va ularni tekshirib ularni yangi turi ekanligini aniqladi va uni fanga kiritish uchun rasmiy tasvirlamoqda (maqola yozmoqda). Mana shu jarayonda ana o’sha 7 ta namunaning ichida yangi turning xususiyatlarini o’zida yaxshi mujassamlashtira olganini holotip sifatida ajratib oladi. Qolgan 6 ta namuna esa paratip hisoblanadi. Holotip va paratip faqat turni ilk marta aniqlayotgan sistematik tomonidan belgilanadi. Holotiplar odatda mintaqadagi mashhur va ko’pchilik foydalanishi mumkin bo’lgan tabiat muzeylari yoki boshqa kolleksiyalarda saqlanadi. Ulardan boshqa biologlarning foydalanishiga hech qanday to’siq bo’lmasligi lozim. Holotip sifatida belgilangan namunadagi organizmning jinsi (agar ma’lum bo’lsa), unga tegishli eng muhim ko’rsatkichlar va maxsus voucher raqami belgilangan bo’lishi kerak. Muallif turni rasmiy tasvirlash vaqtida ushbu turning holotipi qaysi raqam ostida qaysi muzey yoki kolleksiyada saqlanayotgani haqida ma’lumot yozib qoldirgan bo’ladi. Buni quyidagi Ekvadorda aniqlangan yangi daraxt baqasi turi haqidagi maqolada ko’rishingiz mumkin.

1-yangi turning ilmiy nomi; 2-turga Xalqaro Zoobank tomonidan berilgan identifikatsion raqam; 3-holotipning qayerda qaysi qaramda saqlanayotganligi haqida ma’lumot, bu yerda QCAZ – Museo de Zoología at Pontificia Universidad Católica del Ecuador, Quito manzilining xalqaro qisqartirma ko’rinishi, 68649 – holotipning muzeyda saqlanish raqami; 4-holotipning jinsi; 5-holotip tutilgan joy kordinatasi; 5-holotip kim tomonidan qachon tutilganligi

Holotiplar mazkur taksonning “tipik” vakili bo’lishi shart emas, lekin aslida shunday bo’lishi lozim. Ba’zida holotiplar butun holatda emas, aksincha organizm fragmentlaridan iborat bo’ladi, bu holat odatda qazilma holdagi organizmlarda ko’plab uchraydi. Yura davrining dastlabki vaqtlarda yashagan yirik o’simlikxo’r dinozavrlarga mansub Pelorosaurus humerocristatus ning holotipi yirik oyoq suyagidan iborat bo’lib, u hozirda Londondagi Tabiat tarixi muzeyida saqlanadi. Keyinchalik ushbu dinozavrning to’liq holatdagi skelet qoldig’i topilsa ham holotip o’zgarmaydi.

Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan Tuluza muzeyida saqlanuvchi hozirda qirilib ketgan dengiz yulduzlari urug’iga mansub Marocaster coronatus ning holotipi

Paratip odatda holotip bilan bir vaqtda tutilgan yoki holotipdan farqli joylardan tutilgan bo’lishi mumkin. Odatda ko’pgina kolleksiyalarda paratiplar saqlangan bo’ladi. Paratip hech qachon lektotip bo’lmaydi, sababi agar namuna paratip sifatida belgilangan ekan, demak uning holotipi aniq belgilangan bo’ladi. Lekin holotip yo’qolib qolgan vaqtda paratiplar orasidan birini neotip deb belgilab olish mumkin.

Berlin shahridagi Tabiat tarixi muzeyida saqlanayotgan Lepidothrix vilasboasi qushining paratipi

Agar muallif namunalarni holotip yoki paratiplarga ajratmagan bo’lsa, ularning barchasi sintip deb hisoblanadi. Ushbu turga oid namunalar ustida ishlayotgan biolog mutaxassislar mazkur sintiplarning birini holotip sifatida tanlashi kerak bo’ladi va u lektotip deb nomalanadi, qolganlari esa paralektotip hisoblanadi.

Masalan, qaysidir bir hasharotning 23 ta namunasi dunyoning biror bir entomologiya muzeyida saqlandi deb olaylik. Ushbu turni fanga kiritishda muallif mazkur namunalarni asos qilib foydalangan. Lekin ularning qaysi biri holotip ekanligini ajratib yozib ketmagan. Shu bois mazkur 23 ta namunaning barchasi sintiplar deb qabul qilinadi. Ma’lum vaqt o’tgandan keyin ushbu tur bilan bog’liq biror tadqiqot olib borayotgan entomolog-sistematik ushbu namunalar ustida ish olib borishiga to’g’ri kelsa, albatta ularning ichidan turga xos bo’lgan belgilar yaqqol namoyon bo’layotganini ajratib uni lektotip deb nomlaydi. Qolganlari o’z-o’zidan paralektotip hisoblanadi. Masalan, mashhur sistematik olim Karl Linney biologik sistematika faniga qo’shgan ulkan hissasi uchun odamlarning ya’ni Homo sapiens turining lektotipi sifatida belgilangan.

Agar turning holotipi, sintipi yoki lektotiplari bo’lmasa, kolleksiyada saqlanayotgan holotip yo’qolgan vaqtda yoki foydalanish uchun o’ta yaroqsiz holatga kelib qolgan holatda yohud muallif ilk marotaba ushbu turni tavsiflayotganida turning holotipi qayerda ekanligini yozib ketmagan bo’lsa tabiatdan olingan ushbu turga oid yangi namuna ushbu tur uchun neotip deb belgilab olinadi.

Agar fanga kiritilayotgan yangi hayvon turida jinsiy dimorfizim hodisasi kuchli darajada kuzatiladigan bo’lsa u holda holotipdagi organizm jinsiga qarama-qarshi jinsdagi tur namunasi ham saqlanadi, bu allotip deb nomlanadi. Masalan, jannat qushlarining urg’ochi va erkagi tashqi ko’rinish jihatdan bir turga mansub bo’lsa-da, keskin farqlanadi. Xuddi mana shu vaqtda holotip sifatida erkagi tanlangan bo’lsa allotip sifatida uning urg’ochisi tanlanadi. Lekin Zoologik nomenklatura bo’yicha xalqaro kommissiya (ICZN) ushbu terminni qayd etmagan. Kodeksda allotiplar paratiplar qatorida ko’rsatilgan.

Holotip yoki umuman boshqa nomenklatura tiplari va ular haqida ma’lumotlar nima uchun zarar hisobalandi? Bular o’zining yuqori taksoniga mansub boshqa yangi taksondoshlari kashf etilayotgan vaqtda solishtirish uchun muhim hisoblanadi. Buni quyidagi misol blan tushintirish mumkin. Hozirda Alburnoides urug’iga mansub baliqlarning 36 ta turi mavjud. Ushbu urug’ning tipik turi Alburnoides bipunctatus hisoblanadi (tipik tur nima ekanligi haqida alohida maqola yozilmoqda). Ushbu urug’ga mansub har bir turning holotipi dunyoning qaysidir ixtiologiya kolleksiyalarida yoki muzeylarida saqlanadi. Endi ushbu urug’ga oid biror yangi tur aniqlanadigan bo’lsa, ushbu turni haqiqatdan ham yangi alohida tur ekanligini isbotlash uchun yangi turning barcha morfologik va boshqa belgilari ushbu urug’ga mansub boshqa turlarning belgilari bilan solishtirib chiqiladi. Shunday vaqtda mana shu nomenklatura tiplari va ular haqidagi ma’lumotlar qo’l keladi. Bundan tashqari nomenklatura tiplari ayni mazkur turning valid tur ekanligini uchun ham asos bo’lib xizmat qiladi.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.