Tez uyqu davrini nazorat qiluvchi ikki gen aniqlandi

Tez uyqu davrini nazorat qiluvchi ikki gen aniqlandi

Yaponiyalik va Avstraliyalik olimlarning xalqaro guruhi tez uyqu davrini boshqarishda ishtirok etadigan ikkita muhim genni aniqlashdi.

“Uyqu hayvonlar uchun universal va muhim bo’lgan jihat hisoblanadi. Yuksak tuzilgan umurtqalilar, jumladan qushlar va sutemizuvchilarda uyqu ikki: tez va chuqur uyqu davridan iborat. Tez uyqu davrida miyamiz uyg’oq vaqtimizdagidek faol holatda, shu bilan birga ushbu vaqtda xotira jarayonlari ishlayotgan bo’ladi” deydi Biotizimlar dinamikasini tadqiq etish markazi va Tokiyo universiteti professori Hiroki Ueda.

Prof. Ueda va uning jamoasi sichqonlarda olib borgan tadqiqotlari davomida tez uyqu davrini nazorat qiluvchi ikkita atsetilxolin retseptor geni – Chrm1 va Chrm3 ni aniqlashdi.

“Neyrotransmitter atsetilxolin va uning retseptori tez uyqu davrini nazorat qilishda muhim o’rin tutadi. Sutemizuvchilar miyasining turli qismlarida tez uyqu davrida va uyg’oqlikda ko’p miqdorda atsetilxolin ishlab chiqariladi. Faqatgina nerv tizimining murakkab tuzilganligidan aynan qaysi retseptor yoki retseptorlar guruhi bevosita tez uyqu davriga ta’sir qilishi aniqlanmagan edi” deydi tadqiqotchilar.

Tadqiqotning borishi

Tadqiqotchilar Chrm1 va Chrm3 retseptorlarining yo’qolishi tez uyqu davriga xos xususiyatni stimullashini aniqlashdi. Ushbu retseptorlar miyaning turli qismlarida ko’p miqdorda uchraydi.

Tajriba davomida Chrm1 geni olib tashlanganda tez uyqu davri qisqargan va bo’laklarga bo’lingan, aksincha Chrm3 olib tashlanganda chuqur uyqu davri qisqargan. Ikkala gen baravariga olib tashlanganda esa sichqonlarda tez uyqu davri kuzatilmagan, shunday bo’lsada ular o’z tirikligini saqlab qolgan.

“Tadqiqotning eng qiziqarli tomoni shundaki tez uyqu davridan ayrilgan sichqonlar o’z tirikligini qiyinchiliksiz saqlab qolgan. Bu esa bizning oldimizga haqiqatdan ham tez uyqu davri bilish va xotira jarayonlari kabi muhim fundamental biologik funksiyada rol o’ynaydimi yoki yo’qmi, mana shuni chuqur tekshirib ko’rishni taqozo etadi” deydi tadqiqotning birinchi muallifi Biotizimlar dinamikasini tadqiq etish markazi va Sukubi universiteti professori Yasutaka Niva.

Tadqiqot natijalari xalqaro Cell Reports ilmiy jurnalida chop etildi.

Bo'limlar: Genetika
Atamalar: gen, tez uyqu davri

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.