Tibbiyot sohasida oʻqiydigan talabalar va shifokorlar uchun foydali boʻlgan mobil ilovalar

Tibbiyot sohasida oʻqiydigan talabalar va shifokorlar uchun foydali boʻlgan mobil ilovalar

Elektron texnologiyalar va ilovalarning rivojlanishi tibbiyotni oʻrganish va soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratyapti. Tibbiy hujjatlarni elektronlashtirish tibbiyot xodimlarining ishini kamaytirib, bemor haqidagi ma’lumotlarga masofadan turib ega boʻlish imkoniyatini paydo qildi. Soʻnggi vaqtlarda tibbiyot talabalari va tibbiyot xodimlari orasida mobil ilovalardan foydalanish juda ommalashyapti. Quyidagi maqolamizda mana shunday zarur va foydalanishga qulay boʻlgan ilovalar haqida ma’lumot beramiz. Maqolalar ommaviyligi, qamrov koʻlami, isbotlarga asoslanganligi, narxi va boshqa xususiyatlariga koʻra saralab olindi.

  1. Medscape

Medscape – tibbiyot xodimlari va talabalari uchun tibbiy maʻlumotlar ulashuvchi platforma. Shuningdek, Medscape tibbiyot xodimlari bilimlarini doimiy boyitib borishni ham maqsad qilgan. Medscape ilovasida dorilar, soʻnggi yoʻriqnomalar, kasalliklar, protseduralar, vaziyatlar va savollar, diagnostika, kalkulyatorlar, dori aniqlagich, dorilar taʼsiri, soʻnggi yangiliklar boʻlimlari mavjud. Platformadan onlayn yoki mobil ilovada offline yuklab olib foydalanish mumkin. Ilova ingliz tilida va undan foydalanish bepul. Aynan shu turdagi rus tilidagi ilova sifatida Справочник врача ni keltirishim mumkin. Medscape ilovasiga raqobatdosh va qaysidir jihatlari bilan undan yaxshiroq platformalar mavjud. Lekin, ular pullik ilovalar boʻlib, muddatli obuna boʻlishni talab qiladi. Misol sifatida Uptodate, DynaMedPlus va Epocratesni keltirishim mumkin.

Medscape ilovasidan olingan ekran rasmi
  • IBM Micromedex Drug ref

IBM Micromedex Drug ref dasturi hozirda ishlatiladigan dori vositalari haqida zarur barcha maʻlumotlar bilan taʻminlaydi. Har bir dorining turli kasallik uchun tavsiya etilgan dozalari, ehtiyot zarur holatlar (allergiya, kasalliklar, homiladorlik va emizish), dorilarning oʻzaro taʻsiri, nojoʻya taʻsirlari, dori nomlari, taʻsir mexanizmi, farmakokinetikasi, administratsiyasi, bemorni kuzatish, qanday qoʻllash, toksikologiyasi va bemorlarga klinik tushuntirish ishlari ilovada batafsil yoritilgan. Ilova ingliz tilida va yillik 2.99 AQSh dollari miqdorida aʻzo boʻlish puli toʻlanishi kerak. Huddi shu yerda keltirilgan tartibdagi dori vositalari haqidagi ma’lumotlar yuqoridagi Medscape va boshqa ilovalarimizda ham bor.

IBM Micromedex ilovasidan olingan ekran rasmi
  • Human Anatomy Atlas

Human Anatomy Atlas – inson tanasining toʻliq 3D atlasi. Koʻplab talabalar tomonidan kitob atlaslardan koʻra ma’qul koʻrilgan. 10000 dan ortiq anatomik modellar taʼriflar bilan keltirilgan ilova 7 ta tilda (ingliz, ispan, fransuz, nemis, italian, yapon va soddalashtirilgan xitoy tili) mavjud. Har bir anatomik tuzilmaning ingliz va lotin tilidagi nomi, inglizcha talaffuzi, u haqida maʻlumot, tuzilmada boʻlishi mumkin boʻlgan kasalliklar haqida ham ma’lumotlar mavjud. 3D atlas odam tanasini maydonlar, organlar sistemasi, gross anatomiya, koʻndalang kesmalar va mikroanatomiya boʻlimlari boʻyicha oʻrgatadi. Ilovani hozirda Play Marketdan atigi 0.99$ (oldin narxi 25$ edi) ga sotib olishingiz mumkin.

Human atlas anatomy ilovasidan olingan ekran rasmi
  • Dorlandʻs illustrated medical dictionary

Dorlandʻs illustrated medical dictionary – tibbiyot talabalariga juda qoʻl keladigan ilova. Tibbiy kitob yoki maqola oʻqiyotgan vaqtingizda notanish atamaga duch keldingizmi, unda mana shu ilova siz uchun. Ilovada tibbiyotga oid deyarli barcha atamalar, dorilar, kasalliklar va boshqalar haqida qisqacha ma’lumot bor. Play Marketdan bepul yuklab olish mumkin boʻlsa-da, ilova ichida undan toʻliq foydalanish va reklamalardan qutilish uchun toʻlov qilish kerak.

Dorlandʻs illustrated medical dictionary ilovasidan olingan ekran rasmi

Bu toʻrtta ilova qaysi tibbiyot mutaxassisi yoki talabasi boʻlmasin barchaga birdek yordam beradi. Undan tashqari aynan bir mavzu yoki sohani oʻrgatish uchun chiqarilgan ilovalar ham bor. Ularga misol qilib ECG guide, Radiology, Infectious diseases, antibiotics kabi ilovalarni misol qilib keltirish mumkin. Mobil gadjetlar va telefonning oʻzidagi hisoblagichlar bilan maʻlumot almashadigan salomatlik ilovalari har bir kishiga oʻz salomatligini kuzatib borish imkonini beradi.

Yuqorida keltirilgan ilovalar yoki ularning muqobili albatta har bir tibbiyot talabasi yoki shifokorda boʻlishi kerak. Chunki, bu kabi ilovalarning oʻrnini boshqa hech narsa bosa olmaydi. Tezkorligi, maʻlumotni tez topish mumkinligi, qulayligi, eng soʻnggi maʻlumotlar bilan boyitilganligi bu ilovalarning ustunligidir. Agar, sizda ham boshqalarga tavsiya qilish mumkin boʻlgan ilovalar boʻlsa, fikrlar boʻlimida yozib qoldiring. 

Bo'limlar: Anatomiya
Atamalar: atlas, ilova, tibbiyot

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.