Xalqaro biologlar guruhi Kaliforniya shtatida joylashgan Mono ko’lining mishyakka boy cho’kindisidan 8 ta nematoda turini ajratib olishdi. Ulardan faqatgina uchtasi fanga ma’lum turlar bo’lib, qolganlari hali kashf qilinmagan nematodalardir. Ajablanarli jihati shundaki fanga noma’lum bo’lgan nematoda turlaridan biri (Auanema sp.) bir vaqtning o’zida uchta jinsga ega ekanligi, bolalarini xuddi kenguruga o’xshab o’z tanasida olib yurishi va odam uchun halokatli bo’lgan miqdordan 500 barobar ortiq mishyakli sharoitda yashay olishi bilan biologlarni shoshirib qo’ygan.
Mono ko’li dunyodagi eng sho’r suvli ko’llardan biri bo’lib, uning sho’rligi okeannikidan ikki barobar ortiq, ishqoriylik ko’rsatkichi pH 10 ga teng. Shu vaqtgacha ushbu ko’lda mutaxassislar tomonidan faqatgina ikkita tirik organizm: jabraoyoqli qisqichbaqasimonlardan artemiya va ikkiqanotlilardan suv pashshasining yashay olishi aniqlangan edi xolos. Yangi tadqiqot natijasida ko’ldagi biologik xilma-xillik 10 ta turga yetgan.
Ushbu 8 topilmaning barchasi yuqori miqdordagi mishyakli muhitda yashaydigan ekstremofil organizmlar bo’lib, olimlarning ta’kidlashicha bunday organizmlarni o’rganish stress jarayoni bilan kurashishda yangi yo’nalishlarni ochib berishi mumkin.
Uch jinsga ega nematodaning tanasida bir vaqtning o’zida germafradit, erkak va urg’ochi jinsiga ega bolalari mavjud bo’ladi. Germafradit organizmlar nasl qoldirish uchun o’z-o’zidan ko’paya oladi, lekin ayrim jinsli vakillar esa ko’payish uchun qo’shilishga majbur. Odatda ona organizm ko’payish jarayonining avvalida ayrim jinsli bolalar yuzaga kelsa, keyinchalik germafradit nasl yuzaga keladi. Olimlarni qiziqtirgan jihat shundan iboratki, qanday qilib bir vaqtning o’zida uch jinsga ega nasl ona organizmida yashay olmoqda? Tadqiqotchilar buni ayrim jinsli nasl germafradit nasl mavjud bo’lgan muhitda tur populyatsiyasida genetik barqarorlikni saqlab turish uchun mavjud bo’lsa kerak deb izohlashmoqda.
Ushbu nematoda turning o’ziga xos yana bir ajablanarli xususiyati shundan iboratki, uni odatdagi ekstremal yashash muhitidan ajratib olib noekstremal laboratoriya sharoitida saqlanganda ham bemalol yashay olgan. Odatda ekstremofil organizmlar tabiiy ekstremal muhitdan ajratilgandan keyin tezda halok bo’ladi. Biologlar Yer yuzasidagi hali insoniyat bilmaydigan juda ham ko’p turli tuman xususiyatlarga ega organizmlar mavjudligini, ular o’zlarining kashf etilishini kutib yotganini ta’kidlashadi.
Mazkur kashfiyot haqida xalqaro Current Biology ilmiy nashri xabar berdi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.