Murodova Xursandoy Pardayevna
Navoiy viloyati Karmana tumani
30-umumiy o’rta ta’lim maktabi
biologiya fani o’qituvchisi
Boylik ortidan quvish insoniyatga tekkan azaliy “kasallik” desak adashmaymiz. Kimdir bor-budini yig’ib chet elga ishlagani ketsa, yana kimdir boyishning osongina yo’llarini izlashga tushadi. Xalqimiz orasida shunday bir mish-mish bor ekan: kimning uyida urg’ochi bo’rining terisi va jinsiy a’zosi bo’lsa o’sha inson o’z-o’zidan boyib, qaysi sohaga qo’l urmasin ishlari judayam tez yurishib, omadi kelarmish. Bunday gaplarga ishontiruvchilar esa maxsus “mulla domla”lar ekan. Ularga falon pul, ya’ni dollar to’lasangiz, yordamchi ovchilari olib kelgan urg’ochi bo’rining terisiga va jinsiy a’zosiga duo o’qib yaxshilab “dam solib” qo’yarkan. Bu ish imi-jimida hech kimga aytmay bajarilar va urg’ochi bo’rining yangi egasi boyib ketar ekan. Bu sizga kulgili tuyulmayaptimi? Endi bu holatni mantiqan o’ylagan holda tahlil etadigan bo’lsak, shunday oson yo’l turganda odamlar o’zini qiynab, qora terga botib, mehnat qilib peshona terisi evaziga boyishni tanlagan bo’lishmasdi.
Bo’rilar hayoti o’rganilganda bo’rilar qo’lga o’rgatib bo’lmaydigan yagona yirtqich hayvonlar sirasiga kiradi. Ularning hayoti olimlar tomonidan kam o’rganilgan. Ularning oilasida bitta erkak to’daboshi, bitta urg’ochi va boshqa ov qiluvchi bo’rilar va bolalari bo’ladi. Bo’rilarda eshitish, hid bilish, ko’rish kabi sezgi organlari kuchli rivojlangan. Bo’rilarning miyasi itlarnikiga nisbatan 30% yaxshi ishlaydi, eslab qolish qobiliyati juda kuchli. Ular to’da bo’lib ov qiladi. Qorni to’q paytida ham ko’ngilxushlik uchun qo’ylarni bo’g’izlab ketishi ham kuzatilgan. Tunda yolg’iz yurgan odamga ham hujum qilishgani fanga ma’lum. Bo’rilar monogam hayvon hisoblanib, bitta urg’ochi bilan umrining oxiriga qadar juft bo’lib yashaydi. Agar urg’ochi bo’rini inson tomonidan ovlanayotgani ularning xotirasiga mangu muhrlanib qolsa, insonlarning qo’ylariga, hattoki o’zlariga ham hujum qilishlari ehtimoli yanada ortadi.
Hamma yirtqich hayvonlarni yirtqichligi uchun yoki boylik ramziga aylangani uchun ovlash shu ketishda davom ettiraverilsa, kelajak avlodga faqatgina ular haqidagi ma’lumotlar saqlangan hujjatli filmlar va kitoblar qoladi xolos. O’zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga bo’rilar kiritilmagan bo’lsa ham, lekin hozirgi kunga kelib Yer yuzida kulrang bo’rining 39 kenja turi aniqlanib, ularning 13 tasi bugungi kungacha qirilib ketgani ma’lum bo’ldi. Bizda ham urg’ochi bo’rining ketidan quvib boylik izlashda davom etish to’xtamas ekan, albatta yaqin yillar ichida Qizil kitobdagi kamayib borayotgan, yo’qolib ketayotgan tur sifatida bo’rilarni o’z qo’limiz bilan kiritib qo’yishimiz hech gap emas. Har qanday hayvonning ham tabiat oziq zanjirida o’z o’rni bor. Bo’rilar och paytida kasal, o’lgan hayvonlar bilan oziqlanib sanitarlik vazifasini ham bajaradi. Tabiatda erkin yashovchi yovvoyi hayvonlaridan boylik kutib yashash insoniy fazilatimizga mos emas. Shunday ekan keling, urg’ochi bo’rini boylik ramziga aylantirishni bas qilib, tinch va osoyishta yurtimizda halol mehnat evaziga boylik orttirib, farzandlarimizga o’rnak bo’laylik. Ona tabiatni va uning tarkibiy qismi ular qirilib bitmasidan avval himoya qilaylik!
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.