Viktoriya regiya

Viktoriya regiya

O’simliklar orasida o’zining takrorlanmas xususiyatlari bilan odamni hayratda qoldiragan turlar nihoyatda bisyor. Ana shunday turlardan biri bu Amazonka viktoriyasidir (yoki viktoriya regiya) (Victoria amazonica).

Nilufarguldoshlar oilasiga mansub ushbu o’simlik o’zining yirik kuvachalari bilan ko’rgan kishini hayratda qoldira oladi. Ushbu noyob o’simlikni 1832 yilda nemis tabiatshunosi Eduard Pyoppig Amazonka daryosi bo’ylab Peru va Braziliyaga qilgan safari davomida kashf etadi.

Kashf etilish tarixi

Ushbu o’simlikning kashf etilish tarixi ham qiziq. Eduard Pyoppiggacha ham bu o’simlikni juda ko’p tabiatshunos va sayohatchilar ko’rishgan, undan gerbariy tayyorlashgan, uni o’zlaricha nomlashgan, lekin turli sababga ko’ra omad Pyoppigga nasib qildi. Jumladan, fransuz tabiatshunosi Alsid D’Orbini bu o’simlikni 1827 yilda, nemish tabiatshunosi Genke 1802 yilda uchratgan. Ikki tabiatshunos ham o’simlik gerbariylarini Janubiy Amerikadan Yevropaga Botanika jamiyatiga yuborgan, lekin gerbariylar Yevropagacha yetib bormagan. Yana bir fransuz tabiatshunosi Bonplan 1819 yilda tayyorlagan gerbariylari esa e’tiborsiz qolib ketgan.

Amazonka viktoriyasi Braziliya va Boliviya hududidan oqib o’tuvchi Amazonka daryosi irmoqlari va o’zanida uchraydi. Bundan tashqari Karib dengiziga quyiladigan Gayanadagi daryolarga ham uchraydi. Viktoriya regiya Gayananing milliy ramzi hisoblanadi, ushbu o’simlik Gayana gerbida ham tasvirlangan. Darvinning zamondoshi J.Guker Janubiy Amerikaning Tinch okeani tomonidagi qirg’oqlarida ushbu o’simlikning uchramasligiga u yerda daryo suvlarining nihoyatda tez oqishi sabab deb aytadi.

Mahalliy aholi bu o’simlikni aponoy deb ataydi. Ularning tilida bu qushlar uchun tova (сковородка) ma’nosini bildiradi. Haqiqatdan ham viktoriyaning barglari oshxona jihozini yodga soladi.

Tuzilisi

Suv yuzasidagi ulkan barglarining diametri 2 metrgacha boradi. Barg chetlari tepa tomonga qayrilgan bo’ladi. Shunday bo’lsada yomg’ir paytida barg yuzasida suv to’planmaydi, u barg bandi asosidagi teshik orqali oqib ketadi. Shu bilan birga barg yuzasi o’tkir va uzun mayda tikanlar bilan qoplangan bo’lib, bu uni turli o’simlikxo’r baliqlar va hayvonlar yeyishidan himoya qiladi. Barglari uning yuzasiga bir tekisda yoyilgan 30-40 kg yukni bemalol ko’tarib tura oladi.

Uning gullari faqat tunda ochiladi, tong otishi bilan gultojibarglar yopilib, gul suv ostiga tushib ketadi.

Uning jozibali barglari va gullari juda ko’pchilik o’simliksevarlarni o’ziga jalb qiladi. Shu bois uni turli oranjereyalarda o’stirish yo’lga qo’yilgan.

Bo'limlar: Botanika
Atamalar: viktoriya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.