Voydod! Chumoli!

Feruzaxon Qurbonova
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani
21-maktab oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi

– Voydod! Chumoli! Chumoli!
Bu hayqiriq-odamlarni darrov ishini to‘xtatib, uy-joyini tashlab chiqishi va to‘g‘ri kelgan joydan boshpana axtarishi kerak degan ma’noni anglatardi.

Qimirlagan jon borki, qochishga joy qidira boshladi. Tobora bostirib kelayotgan ajal hammani vahimaga soldi. Katta va kichik hayvonlar, hasharotlar, o‘rmon to‘ng‘izlari, suvda ham quruqda yashovchilar, sudraluvchilar va hatto insonlar ham vahimaga tushib qolishiga sabab bo‘lgan bu “dahshatli ajal” – mahalliy aholi tili bilan aytganda, “tambocha” degan qonxo‘r chumoli edi.

Chumolilar yong‘in tovushiga o‘xshagan shovqin bilan bostirib kelib, katta-katta maydonlarni xarob etadi. Quyundek yopirilib, har bir in, har bir tirqish, har bir kovak, barg, uya va arixonalarga kirib oladi. Kaptar, kalamush, qandala, suvarak va sudralib yuruvchilarni kemiradi, odamlar va hayvonlarni bosh olib qochishga majbur etadi.

 “Tambocha”, “Tauoka” yoki ”Ziafu” deb nomlanuvchi bu chumoli bo‘g‘imoyoqlilar tipi, hasharotlar sinfi, pardaqanotlilar turkumi, chumolilar oilasi, esiton avlodiga mansub bo‘lgan Esiton  burchellii ko‘chmanchi chumolisidir.

Esiton chumolisi uncha katta bo‘lmagan hasharot hisoblanib, kattaligi 3-12 mm, ona chumoli 16 mm keladi. Ona chumoli va erkak chumoli qanotli, ishchilar esa qanotsiz bo‘ladi. Yirik ishchi va soqchi chumolilar sariq-qo‘ng‘ir tusli, kichik ishchi individlar esa qora va sarg‘ish tusli qoringa ega. Oyoqlari uzun, qorin qismi ikkiga ajralgan. Ko‘pchilik turlarida ko‘zlar yaxshi rivojlanmagan yoki butunlay ojiz bo‘ladi. Soqchilarining yirik jag‘lari uchi qarmoqsimon ilgakli mandibulalar hosil qiladi.Bu hatto chumoli tanasi uzunligiga teng bo‘lishi mumkin.

Markaziy va Janubiy Amerika (Meksikadan to Braziliya va Boliviyagacha), Janubiy Afrikadagi nam tropik o‘rmonlarda tarqalgan bu “ko‘chmanchilar” hech qachon in qurmaydi, doimo harakatlanib yuradigan ulkan kolonna hosil qilad. Jamoada 2000000 gacha chumoli bo‘ladi.

Bu chumoli qayerdan kelyapti va qayerga boradi?

Ular o‘z nomi bilan “ko‘chmanchi”. Esitonlar hayotini shartli ravishda 2 davrga bo‘lish mumkin. 1-harakatdagi (11-16 kun) va 2-to‘xtash davri (19-22 kun).

1-davrda yegulik bormi-yo‘qmi safarga chiqaveradi.Saf tortilgan kolonna oldida razvedkachilari, yon tomonda  yirik jag‘li soqchilar, kolonna o‘rtasida, bir talay mulozimlar orasida tuxumlarini ortib olgan ona chumoli va ishchilar yuradi.Chumolilar lichinka va g‘umbaklarini oftobdan pana qiladi.Shu bilan birga lichinkalarni hamma vaqt yalab olib yuradi. Lichinkalar tanasidan o‘z “hammol”lariga yoqadigan suyuqlik ishlab chiqaradi. Qachonki, bu suyuqlik tugab qolgachgina esitonlarda darbadar kezish ishtiyoqi pasayadi.Bu paytda lichinkalarning g‘umbakka aylanadigan vaqti bo‘lganligi uchun ular endi to‘xtashlari kerak.

2-to‘xtash davrida chumolilar kattaroq tosh, daraxt kovagi kabi panaroq joyni topib, asalarilardek dumaloq shaklga kiradi.Ana shu jonli shar chumolining jonli va ko‘chib yuradigan ini-bivuaka hisoblanadi.U boshdan oyoq teshiklardan iborat bo’lib, teshiklar inning markaziga olib boradi. Mana shu joyda ona chumoli tuxum qo‘yadi. Bir necha to‘xtash kunida 30000 tagacha ( haftasiga 250000!) tuxum qo‘yishga ulguradi.

Chumolilarning ayrimlari bu vaqtda in hosil qilishda ishtirok etmasdan tevarak- atrofni izg‘ib yuradi va butun jamoa uchun ovqat izlaydi. Shu orada lichinkalar g‘umbakka, g‘umbakdagilar esa chumolichalarga aylanadi. Bu hodisadan so’ng “koptoksimon in” uvalanib ketadi.

Esitonlarda alohida “ko‘payish mavsumi” yo‘q. Ona chumoli inda qoladi. Erkak chumolilar esa uchib boshqa kolonna axtaradilar. Begona jamoa soqchilari esa uni tutib olib, o‘z jamoalariga olib keladiar. Shundan so‘ng urug‘lanish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Urug‘lanish jarayoni tugagach, erkak chumolini kolonnadan quvib chiqarishadi va u 48 soatdan so‘ng nobud bo‘ladi. Urug‘langan tuxumlarning ayrimlari alohida parvarish qilinadi va undan yosh ona chumoli rivojlanadi. Yangi ona chumoli bir qancha ishchilar bilan yangi kolonnaga asos soladi. Chumolilar yana saf tortgan holda yo‘lga tushadi. Bu gal ham ajal ularga hamroh bo‘ladi. Hatto ariq va soylar ham ularga to‘siq bo‘lolmaydi. Irmoqlar duch kelib qolsa, ular o‘z tanalaridan “jonli ko‘prik” yasaydilar. Orqadan kelayotgan lashkar bu ko‘prikdan bemalol o‘ta oladi. Agar daryo kattaroq va tezoqar bo‘lsa, chumolilar jonli shar shakliga kirib, ona chumoli va lichinkalarni shar orasiga chuqurroq berkitib, daryoga yumalab tushadilar. Shar suvda cho‘kmaydi. Koptok sharning tagidagi chumolilar doim yuqoriga ko‘tarilib, suv betiga chiqib turadilar. Ularning o‘rniga boshqasi o‘tadi. Shunday qilib, koptok shar yuzasida tirik oqim paydo bo‘ladi, lekin uvalanib ketmaydi.

Esiton burchelli xavfli, odamga ham hujum qiladi. Chaqqanda o‘tkir jag‘lari bilan badanga mahkam yopishib oladi va qattiq tishlaydi. Yopishib olgan chumolini faqat ikkiga bo‘lib ajratib olish mumkin. Boshi bilan jag‘lari jarohatda qolib ketadi. Bir qancha chumolining bir vaqtda baravariga chaqishi insonda kuchli allergiyani, anafilaktik shokni yuzaga keltirishi mumkin.

Hozirgi kunda esitonlarning bir qancha turlari mavjud bo‘lib, uni tekshirgan dastlabki tadqiqotchi angliyalik tabiatshunos va sayyoh Genri Beyts fikricha, har bir turning o‘z strategiyasi bor. Bir xillari kolonna-kolonna hosil qilib yursa, boshqalari bir qator saf tortib yuradi, uchinchilari xuddi “to’q qizil suyuqlik oqimidek “ yerda oqib boradigan zich saf hosil qiladi. Eng qizig‘i esitonlar bilan ayrim hasharotlar, o’rgimchaksimonlar birgalikda yashab, mirmekofiliyalar hosil qiladi. Mirmekofiliya bu – chumolilar bilan birga yashovchi ayrim hasharot, o‘rgimchaksimonlarning ittifoqi hisoblanadi. Masalan, esitonlar ko‘pchilik kanalar (Larvamima), lomexuzin qo‘ng‘izlari (Lomechusini), Phoridae oilasiga mansub pashshalar bilan mirmekofiliya hosil qiladi. Esitonlar kenja oilasiga mansub turlar lomexuzin turiga mansub qo‘ng‘izlarning 30 avlodiga mansub 130 turi bilan birgalikda mirmekofiliyalar hosil qilishi aniqlangan. Ayrim chumolilar tanasida Coxequesoma, Planodiscus va Trichocylliba turiga mansub kanalarni olib yuradi.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.