Xalqaro Qizil kitob (2-qism)

Xalqaro Qizil kitob (2-qism)

Bugundan boshlab Xalqaro Qizil kitobga kiritiladigan turlarning toifalari (mezonlari, kategoriyalari) haqida birma-bir to’xtalib o’tamiz. O’tgan galgi maqolamizda aytib o’tganimizdek, ayni vaqtda TMXI (IUCN) tomonidan 98 512 ta biologik tur Xalqaro qizil ro’yxatga u yoki bu toifaga ko’ra baholanib kiritilgan bo’lib, tashkilot 2020-yilgacha ushbu ro’yxatni 160 000 taga yetkazishni maqsad qilgan.

NE – not evaluated

Xavf darajasi baholanmagan turlar toifasi deganda hozircha TMXI tashkiloti tomonidan o’rganilmagan turlar nazarda tutiladi. Agar tashkilot biror bir tur haqida hali o’z xulosasini bermagan bo’lsa demak ushbu tur “not evaluated” (NE) toifasida baholanadi. Turni soha ekspertlari o’rganib chiqqach, u TMXI Qizil ro’yxatining (Qizil kitob) boshqa toifalaridan biri asosida baholanadi.

DD – data deficient

Yetarlicha ma’lumot mavjud bo’lmagan yoki xavf darajasini baholash uchun yetarlicha ma’lumot bo’lmagan turlar toifasi deyilganda TMXI himoya qilinish yoki qirilib ketish darajasini belgilash uchun yetarlicha ma’lumot bo’lmagan turlarni nazarda tutadi. “Data deficient” (DD)  toifaga ega turlar umuman o’rganilmagan turlar degan xulosani bermaydi. Ushbu turlarning biologiyasi, morfologiyasi va boshqa xususiyatlari ilgari to’liq o’zgarilgan bo’lishi mumkin. Lekin ayni vaqtda ushbu tur populatsiyalarining areali, egallagan maydoni, individlar soni to’g’risida ma’lumotlar yetishmaganligi bois ushbu toifa asosida baholangan bo’ladi. “Data deficient” (DD) toifali organizmlar qirilib yoki yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi toifa hisoblanmaydi. Ushbu toifa odatda o’rganilishi zarur bo’lgan turlarga nisbatan beriladi. TMXI “data dificient” (DD) toifasidagi organizmlarning tur soni, populyatsiyasi, arealiga oid tadqiqotlar olib borish lozimligini tavsiya qiladi.

Ayni vaqtda TMXI Qizil ro’yxatiga (Qizil kitob) kiritilgan 98 512 tur organizmning 15 215 turi aynan “data deficient” (DD) maqomiga ega organizmlar hisoblanadi. Ularni quyida sistematik o’rniga ko’ra ko’rib chiqamiz.

Zamburug’lar (Fungi) – 7 tur.

O’simliklar (Plantae) – 2291 tur.

Shundan, ikki urug’pallalilar (Magnoliopsida) – 1478 tur;

                   Bir urug’pallalilar (Liliopsida) – 675 tur;

                   Paporotniksimonlar (Polypodiopsida) – 54 tur;

                   Ignabarglilar (Pinopsida) – 7 tur;

                   Boshqa yuksak o’simliklar – 24 tur;

                   Tuban o’simliklar – 53 tur.

Elvis boychechagi (Galanthus elwesii) – DD toifa asosida Qizil ro’yxatga olingan o’simlik

Hayvonlar (Animalia) – 12908 tur.

Shundan, Xordalilar (Chordata) – 6980 tur,

         Ulardan, minogalar (Cephalaspidomorphi) – 3 tur;

                   Miksinlar (Myxini) – 30 tur;

                   Tog’ayli baliqlar (Chondrichthyes) – 452 tur;

                   Suyakli baliqlar (Actinopterygii) – 3033 tur;

                   Amfibiyalar (Amphibia) – 1443 tur;

                   Reptliyalar (Reptilia) – 1108 tur;

                   Qushlar (Aves) – 56 tur;

                   Sutemizuvchilar (Mammalia) – 855 tur.

Parrak baliq (Capoetobrama kuschakewitschi) – DD toifa asosida Qizil ro’yxatga kiritilgan O’zbekistonda uchraydigan baliq turi

         Umurtqasizlar – 5928 tur.

         Ularda, hasharotlar (Insecta) – 1994 tur;

                   Yuksak qisqichbaqasimonlar (Malacostraca) – 1132 tur;

                   O’rgimchaksimonlar (Arachnida) – 38 tur;

                   Qorinoyoqli molluskalar (Gastropoda) – 1632 tur;

                   Ikka pallalilar (Bivalvia) – 174 tur;

                   Boshoyoqlilar (Cephalopoda) – 376 tur;

                   Ninatanlilar (Echinodermata) – 244 tur;

                   Halqali chuvalchanglar (Annelida) – 108 tur;

                   Boshqa umurtqasiz hayvonlar – 230 tur.

Xromistlar (Chromista) – 9 tur.

Yuqorida har bir sistematik guruhga kiruvchi organizmlarning tur nomlari bilan TXMI Qizil ro’yxati saytida tanishib chiqishingiz mumkin.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.