Xromosoma, xromatin, xromonema, xromatida

Xromosoma, xromatin, xromonema, xromatida

Ushbu maqola genetikadagi mazmunlari bir-biriga juda yaqin bo’lgan quyidagi tushunchalarni asosiy farqlari haqida so’z yuritiladi.

Xromosoma

Xromosoma – eukariot hujayralar yadrosidagi o’zida irsiy axborotning ko’p qismini tutgan, uni saqlash, ifoda etish va nasldan-naslga uzatishni amalga oshiradigan murakkab tuzilgan nukleoproteid tuzilma. Xromosoma asosan bitta uzun DNK zanjiri va unga birikkan gistonlardan tashkil topgan bo’ladi. Eukariotlarda xromosomaning asosiy tarkibiy qismlariga sentromera, telomerlar va replikasiya initsiatsiya nuqtasi kiradi. Uning kashf etilishi bir nechta nemis olimlarining (Shleyden, Virxov, Byuchli) nomi bilan bog’liq. “Xromosoma” atamasini ilk marotaba 1888-yilda V.Valdeyer qo’llagan.

Xromatin

Xromatin – xromosomaning tarkibiy qismi bo’lgan nukleoproteid ip. Uning tarkibiga DNK (30-45%), giston oqsili (30-50%) va giston bo’lmagan oqsillar (4-33%) kiradi. Elektron mikrofotografiya tasvirlarida xromatin xuddi ipga terilgan marjonga o’xshab ko’rinadi. Buni quyidagi rasmdan ham ko’rsangiz bo’ladi. Aynan xromatin darajasida genetik materialdan foydalanish, DNK replikatsiyasi va reparatsiyasi boshlanadi. “Xromatin” atamasini 1880-yilda V.Flemming fanga kiritgan.

Xromonema

Xromonema – mitoz davridagi zichlashgan xromosomaning qayta yoyilish vaqtida yorug’lik mikroskopida ko’rish mumkin bo’lgan spiral tuzilma. Yana ham aniq qilib aytganda xromatin ipining yuqorida darajadagi zichlashgan ko’rinishini xromonema deyiladi, bunda hosil bo’lgan fibrillyar zanjirning diametri 30 nm gacha yetadi. Ilk marotaba xromonemani 1880-yilda O.V.Baranetskiy tradeskansiyaning chang hujayralarida ko’rgan. “Xromonema” atamasini esa 1912 yilda F.Veydovskiy fanga kiritgan.

Xromatida

Xromatida – interfaza davrida hujayra yadrosida ikki hissa ko’paygan xromosomaning strukturaviy elementi. Profaza bosqichidagi zichlashgan xromonema metafaza bosqichiga o’tgandan so’ng xromatida deb nomlanadi. Uni mitozning metafaza bosqichda yorug’lik mikroskopi orqali yaqqol ko’rish mumkin. Xromatida o’z nusxasiga birlamchi belbog’ orqali birikib turadi. Anafaza bosqichidan so’ng esa u mustaqil xromosomaga aylanadi.

Quyidagi rasmda yuqorida ta’riflangan atamalarni tasviriy ifodasi keltirilgan. Bu ushbu terminlarni yanada yaxshiroq tushunishingizga yordam beradi.

Manba: hujayra.uz
Bo'limlar: Genetika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.