1. Amerika qit’asidagi tabiiy holda uchraydigan eng yirik mushuk, dunyoda esa kattaligi bo’yicha yo’lbars va sherdan keyin uchinchi o’rinda turadi. Og’irligi o’rtacha 56-96 kg ga yetadi. Qayd etilgan maksimal og’irligi 158 kg, minimal og’irligi esa 36 kg ni tashkil etgan. Odatda urg’ochisi erkagidan biroz kichikroq bo’ladi.
2. Boshqa yirik mushuksimonlardan farqli ravishda yaguar mohir suzuvchi hisoblanadi. U asosan daryo, ko’l va botqoqliklar qirg’og’ida yashab ov qiladi.
3. Yaguarning bosh tuzilishi va jag’lari favqulodda kuchli bo’lib, 100 kg li yaguar tishlagandagi tishlash kuchining koeffitsiyenti 4939 kN (kilonyuton) ga yetadi. Shu bois u bemalol timsoh va toshbaqa kabi terisi qattiq bo’lgan o’ljalarni ham ovlayveradi.
4. Ilgari yaguarning 9 ga yaqin kenja turlari farqlanar edi. Biroq so’nggi morfologik va genetik tekshiruvlar yaguar populyatsiyasi ichida bo’linishlar mavjud emasligini va ushbu turning kenja turlari yo’qligini, bu tur monofiletik takson ekanligini ko’rsatdi.
5. Panthera urug’i taxminan 6-10 mln yillar avval Osiyoda paydo bo’lgan. Genetik tahlillar yaguar Pathera urug’idagi o’zining umumiy ajdod turidan 1,5 mln yil avval divergensiya qilgan va Eopleyston subepoxasida Bering bo’g’ozi orqali Osiyodan Amerika qit’asiga migratsiya qilgan. Yaguarning mtDNK tahlillari ushbu turning 280-510 ming yillar oralig’ida shakllanganligini ko’rsatgan.
6. Yaguar tashqi ko’rinishi jihatidan qoplon (leopard) ga o’xshab ketadi, lekin undan boshining katta va yumaloqligi, dumining kaltaligi, terisidagi to’plam dog’lari kattaroq va to’plam orasida yana kichik dog’lari bo’lishi bilan farqlanadi.
7. Yaguarlar orasida qop-qora – melanist vakillari ham uchrab turadi, ularni odatda qora pantera deb ataladi. Qora pantera bu alohida tur bo’lmay, balki yirik mushuksimonlar (yaguar, qoplon) orasida melanizm holatining uchrashidir (albinizmning teskarisi). Yaguarlardagi melanizm hodisasi melanokortin 1 retseptor genining deletsiyasi hisobiga yuz beradi va ushbu allel dominant holatda nasldan-naslga beriladi. Yaguarlar orasida albinoslari ham uchraydi, ularni oq panteralar deyishadi, lekin bu holat tabiatda o’ta kamdan-kam hollarda kuzatiladi.
8. Yaguar super yirtqich hayvon bo’lib, uning ozuqa ratsioni nihoyatda keng, u mayda kemiruvchi sutemizuvchilardan tortib to yirik reptiliyalargacha ovlaydi. Uning ratsionidagi hayvonlar soni 87 turdan ortadi. Tana massasi 34 kg bo’lgan yaguarning kunlik eng kam ozuqa ehtiyoji 1,4 kg ni tashkil etadi. Tutqunlikdagi 50-60 kg li yaguarlarni kundalik ozuqasi 2 kg dan kam bo’lmasligi tavsiya qilinadi. Lekin u tabiiy sharoitda bir ov qilganida 25 kg gacha go’sht iste’mol qilishi mumkin.
9. Yaguar kalit tur sifatida himoya qilinadi. Uning himoyasi u yashayotgan muhitdagi boshqa hayvonlarning himoya qilinishiga olib keladi. Lekin yaguarning kalit yirtqich tur ekanligi barcha olimlar tomonidan bir xilda e’tirof etilmagan.
10. Yaguarlar tabiiy sharoitda 12-15 yil umr ko’radi, tutqunlikda esa ular 20-25 yilgacha yashashi mumkin.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.