Yasmiqchalar

Yasmiqchalar

Yasmiqchalar – yosh poyalarda ikkilamchi qoplovchi to’qima peridermada joylashgan, turli xildagi shakl va ko’rinishda bo’lgan gaz almashnuviga xizmat qiladigan yordamchi organ hisoblanadi. Ularni daraxt va butalarning yosh poyalarida osongina payqash mumkin.

Odatda novdalar yuzasini epiderma qoplab olgan bo’lib, ularda joylashgan barg og’izchalari orqali gazlar almashinuvi sodir bo’ladi. Epidermadan keyin periderma hosil bo’lishi bilan barg og’izchalarining hujayralari halok bo’lib, gaz almashinuvi funksiyasini bevosita peridermadan hosil bo’lgan yasmiqchlar davom ettiradi. Yasmiqchalar periderma hosil bo’lguncha rivojlanib bo’lgan bo’ladi. Ayrim barg og’izchalarining ostidagi subepiderma qatlami hujayralarida bo’rtmachalar paydo bo’ladi. Mana shu bo’rtmachalar keyinchalik yasmiqchalarga aylanadi.

Yasmiqchalarning shakliga qarab daraxtlarning turini aniqlash mumkin bo’ladi. Odatda ildizlarda yasmiqchalar bo’lmaydi. Lekin botqoqlikda o’sadigan qarag’ay turlarining ildizlarida yasmiqchalar borligi aniqlangan. Shunday o’simliklar mavjudki, ularning tanasida yasmiqchalarni umuman uchratmaysiz. Bularga tok, uchqat, maymunjon kabi o’simliklar kiradi. Ularning poya hujayralari har yili almashinib turadigan po’stloq yuzalari hisobiga nafas oladi.

Yasmiqchalarni poyadan tashqari yana mevalar yuzasida ham, ayniqsa olma va nokda ko’rish mumkin. Nok mevasi yuzasidagi yasmiqchalarning rangiga qarab turib meva pishgan yoki pishmaganligini aniqlash ham mumkin bo’ladi. Masalan, xom mevalarda yasmiqchalarning rangi yashil, meva pishib borgan sari ularning rangi to’qlashib oxiri jigarrang tusga kiradi. Ba’zan esa mana shu yasmiqchalar orqali meva ichiga turli xilda chirituvchi bakteriya va zamburug’lar tushishi va mevani tezda yaroqsiz holatga keltirib qo’yishi mumkin.

Bo'limlar: Botanika
Atamalar: yasmiqchalar

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.