Yil otasi medaliga munosib bo’lgan qush

Yil otasi medaliga munosib bo’lgan qush

Baliqchiqushlar (Charadriiformes) turkumiga mansub bo’lgan taroqtojli yakana (Irediparra gallinacea) qushining nasl uchun g’amxo’rligi haqiqatdan ham yil otasi medaliga munosib hisoblanadi. Ushbu qush tropik mintaqadagi suv yuzasini turli o’simliklar qoplab olgan suv havzalarida yashashga moslashgan. Ushbu qush janubiy-sharqiy Barneo orolida, Filippinning janubida, Sulavesi, Maluku, Kichik Zond orollarida, Yangi Gvineya, Yangi Britaniya hamda Avstraliyaning shimoliy va sharqiy qismida yashaydi. Uni ushbu hududdagi suv yuzasini nilufarlar, suv giatsinti qoplab olgan botqoq suvli havzalarda uchratish mumkin.

Taroqtojli yakananing suv-botqoq qushlariniki kabi uzun-uzun oyoqlari uzun panja barmoqlari bilan tugagan, bu esa ularning suv yuzasidagi nilufar va boshqa suv o’simliklari bo’ylab suvga cho’kmasdan yurish imkonini beradi. Shu bois ham uni suv yuzasida yuguruvchi qush ham deb nomlashadi. Ular kun bo’yi suv yuzasida o’zlarining sevimli ozuqalari bo’lmish suvda yashovchi umurtqasizlar, jumladan chivinlarning lichinkalari va o’simlik urug’lari, ayniqsa nilufar urug’larini izlaydilar.

Taroqtojli yakanalarda poliandriya holati uchraydi, ya’ni moda qush bir vaqtning o’zida bir nechta nar qush tomonidan urug’lanadi. Nar qushlar suv yuzasiga suzib yuruvchi uya quradilar. Uyaga urg’ochi qush 4 ta qora nuqtalari bo’lgan yorqin rangli jigarrang tuxum qo’yadilar. Tuxumlarni faqat nar qushlar bosib o’tiradlar. Tuxumdan chiqqan polaponlar tez voyaga yetib uyani tark etadilar.

Yaqinda taroqtojli yakana ota qushlarida yana bir nasl uchun g’amxo’rlikning ilgari kuzatilmagan ko’rinishi mavjudligi aniqlandi. Bunda ota qush polaponlarini qanoti ostiga qistirgan holatda ularni xavfsiz joyga olib o’tayotgani kuzatilgan. Suv yuzasidagi suzib yuruvchi uya polaponlar kattalashib borgan sari turli ta’sirlar natijasida shikast yeyishi va buzilishi mumkin, shunday holatlarda ota yakana polaponlari ana shunday qanotlari ostiga qistirgan holda boshqa joyga olib o’tadi.

Shunday ajoyib xususiyatlariga qaramay ushbu qush ayni vaqtda Xalqaro Qizil kitobning zaif turlar ro’yxatiga kiritilgan. Ularning yashash areallarini saqlab qolish ushbu qush turining yashab qolishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.