👉 1. Zamburug’larning xilma-xilligi borasida hanuzgacha bilimlarimiz chegaralangan bo’lib, ularning tur soni haqida 2017-yilgi ma’lumotda 2,2 mln dan 3,8 mln gacha yetishi mumkinligi aytiladi. Hozirgacha ularning atigi 120 000 turi tavsiflangan bo’lib, ularning 8000 dan ortiq turi o’simliklarga, 300 ga yaqin turi esa odamlarda turli xilda patogen xususiyatlarini namoyon qilishi aniqlangan.
👉 2. Zamburug’larni tasniflashni ilk marotaba Karl Linney (1707-1778) boshlab bergan. U yaratgan zamburug’lar taksonomiyasini botanik-mikolog olim Kristian Hendrik Person (1761-1836) davom ettirib, ilk marotaba zamburug’larning ilmiy asosdagi sistemasini yaratdi, ko’plab urug’ va turlarni fanga kiritdi. Shundan so’ng mikologiya faniga shved botanik-mikologi Elias Magnus Fris (1794-1878) kirib keldi. U zamburug’lar sistematikasini takomillashtirdi, zamburug’larga bag’ishlab bir nechta fundamental asarlar yozdi va natijada “mikologiya otasi” degan faxriy nomga ega bo’ldi. Hozirda zamburug’lar dunyosining 19 bo’lim, 79 sinfi mavjud.
👉 3. Zamburug’larni alohida mikologiya deb nomlanuvchi fan o’rganadi. Mikologiya so’zi yunoncha “mykes” – zamburug’ va “logos” – fan so’zlaridan hosil qilingan. Ushbu terminni ilk marotaba lotin tilidagi ko’rinishini (mycologicæ) 1796-yilda Kristian Hendrik Person o’z kitoblarida qo’llagan. Uning hozirgi ko’rinishini esa 1824-yilda ingliz mikologi Robert Kay Grevill qo’llagan.
👉 4. Zamburug’lar eukariot organizmlar bo’lib, ular hayvon ham, o’simlik ham emas. Hayvonlarga hujayrasida xloroplastlarining bo’lmasligi, geterotrof oziqlanishi va organik moddalardan energiya manbai sifatida foydalanishi bilan o’xshasa, o’simliklarga hujayra devori va vakuolalarining bo’lishi bilan o’xshaydi. Qirqquloq va yo’sinlarga o’xshab spora hosil qiladi. Yo’sinlar va suv o’tlari kabi hujayra yadrosidagi xromosomalari gaplod to’plamga ega.
👉 5. Zamburug’lar ichida 71 turining biolyuminessensiya xususiyati mavjudligi aniqlangan, ya’ni ular o’zidan tunda turli rangda yog’du chiqara oladi. Ularga Mycena chlorophos, Mycena singeri, Omphalotus nidiformis kabilar misol bo’ladi.
👉 6. Zamburug’lar juda ham chidamli organizmlar bo’lib, ular turli xil ekologik muhitda yashay olishlari bilan boshqa dunyo vakillaridan ajralib turadi. Ularni qurg’oqchil sahrolardan tortib to, yuqori sho’rlangan hududlarda, radioaktiv nurlanish mavjud bo’lgan joylarda va hatto okeanlarning tubida uchratish mumkin. Masalan, amfibiyalar populyatsiyasini keskin kamayib ketishiga sabab bo’luvchi parazit zamburug’ – Batrachochytrium dendrobatidis hayotining ma’lum davrini to xo’jayin organizm paydo bo’lmaguncha suvda harakatchan zoospora ko’rinishida o’tkazadi.
👉 7. Zamburug’lar asosan gifa ko’rinishida o’sadi, lekin makroskopik vakillari mitselliy ko’rinishida o’sib, ularni oddiy qurollanmagan ko’z bilan ham bemalol ko’rish mumkin bo’ladi. Lekin ular shunday vakillari ham borki, ular favqulodda holatda yirk hajmda o’sadilar. Masalan, Armillaria solidipes zamburug’ining bitta koloniyasi doimiy o’sishi natijasida 900 ga maydonni ishg’ol qilgani, uning yoshi esa 9 ming yilga teng ekanligi aniqlangan.
👉 8. O’simlik va hayvonlarning tosh qazilma topilmalaridan farqli ravishda zamburug’larning qazilma topilmalari nisbatan kam uchraydi. Ularning eng dastlabki qazilma holdagi namunalari paleoproterozoy erasiga mansub bo’lib, ularning yoshi 2,4 mlrd yilga teng. Ushbu ko’p hujayrali dastlabki zamburug’lar bentos organizmlar bo’lib, suv ostida ipsimon ko’rinishda o’sgan. Kuni kecha esa paleontolog-mikolog olimlar bundan ham antiqa topilmaga duch kelishdi. Ular Kanadaning artktika qismida Ourasphaira giraldae deb nomlanuvch zamburug’ning toshga aylangan qoldig’ini topishdi. Topilmaning yoshi mlrd dan oshiq. Bu shundan dalolat beradiki zamburug’lar quruqlikda o’simliklardan avvalroq o’sgan.
👉 9. Zamburug’lar boshqa olam vakillarining aksariyati bilan simbioz hosil qilishi bilan ham ajralib turadi. Ularning tabiatda mutualistik yoki antogonistik simbioz shakli ko’proq uchraydi. Yuksak o’simliklarning deyarli 90 foizi zamburug’lar bilan mikoriza hosil qilishda ishtirok etadi. Olimlarning ta’kidlashlaricha yuksak o’simliklar va zamburug’larning mikoriza hosil qilish hodisasi juda qadimiy jarayon bo’lib, ayni vaqtda fanda 400 mln yil avvalgi ana shunday simbioz ko’rinishining dalillari mavjud.
👉 10. Zamburug’lar ichida zaharli vakillari mavjud bo’lib, ular ishlab chiqargan zahar mikotoksin deb ataladi. Ular orasida anchadan beri ma’lum bo’lgan, o’ta zaharli amatoksin ishlab chiqaruvchi Amanita zamburug’lari mavjud bo’lib, ular odatda boshoqli ekinlarni zararlantiradi, shunday o’simliklar mahsulotlarni iste’mol qilgan odamlar orasida ergotizm deb nomlangan o’ta xavfli kasallik yuzaga keladi. Qadimda ergotizm epidemiya darajasigacha ko’tarilib, butun katta shaharlar aholisini qirib tashlashgacha borgani ma’lum.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.