Hayotdagi shiorim: MAQSAD-HARAKAT-INTIZOM Akademik Komiljon Tojiboyev bilan suhbat
Bugungi suhbatdoshimiz mamlakatimiz oʻsimlik olamini tadqiq qilishda oʻzining ulkan hissasini qoʻshayotgan, koʻplab botaniklarning ustoziga aylangan Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik Komiljon Tojiboyev boʻladilar.
Komiljon Tojiboyev 1973 yilda Namangan viloyatida tavallud topgan. Ustoz ayni vaqtda floristika, oʻsimliklar sistematikasi, botanik geografiyasi, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlari populyatsiyalarini oʻrganish va saqlab qolish kabi yoʻnalishlari boʻyicha Markaziy Osiyodagi sanoqli olimlardan biri. Olimning 80 ga yaqin ilmiy maqolalari nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilgan. Komiljon Tojiboyev Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobining asosiy mualliflaridan biri, uning tadqiqotlari natijasida 20 ga yaqin yangi oʻsimlik turlari fanga kiritilgan.
Avvalo intervyu berishga rozilik berganingiz uchun katta rahmat. Savollarni fan olamiga qanday kirib kelganingiz bilan boshlasak. Fan olamiga qanday kirib keldingiz? Qaysi omillar bu jarayonda muhim oʻrin tutdi?
Fan olamiga kirib kelishimda men tugʻilib, voyaga yetgan oilamning benihoya katta oʻrni boʻlgan. Ilm ahli qatorida boʻlishim, botanika fan olamidagi kashfiyotlar egasiga aylanishim dadamlar, NamDU professori Sharobitdin aka Tojiboyevning orzusi boʻlgan. Shuning uchun ilk bolalik yoshlarimdan meni botanika sohasiga maqsadli yoʻnaltirganlar va zarur boʻlgan barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilganlar. Buning uchun men dadamlardan benihoya xursandman va bir umrga qarzdorman!
Ilm-fanga kirib kelishda ustozlarning oʻrni beqiyos deyishadi. Sizning botanika kirib kelishingiz, hozirgi darajaga yetishishingizda muhim oʻrin tutgan ustozlaringiz haqida aytib bersangiz.
Fan sohasidagi ilk ustozim dadamiz Sharobitdin aka Tojiboyev hisoblanadilar. Keyinchalik 1999 yilda Fanlar akademiyasining Botanika institutiga aspiranturaga qabul qilinganimdan soʻng, mening ilmiy ishlarimga prof. Hasanov Oʻrinboy Hasanovich, prof. Toshxonim Raximova, prof. Allanazarova Oʻgʻilshod, prof. Xasanov Furqat Oʻrinboyevich kabi ustozlar rahbarlik qilishgan. Men ulardan avvalo ilmga sadoqat, oʻz kasbiga hurmat, qasbni ardoqlash va eng muhimi ilm yoʻli mashaqqatli yoʻl boʻlishligini, lekin sharafli kasb ekanligini, bu boradagi barcha qiyinchiliklar vaqti kelib hurmat-eʼtibor, obroʻ, qator ilmiy yangiliklar va kashfiyotlar bilan oʻrin almashinishini oʻrganganman. Aynan shu holatlarni hozirda shogirdlarimga singdirishga harakat qilaman.
Hozirgi kunda botanika fanining zamonaviy eng dolzarb ilmiy masalalari nimalardan iborat?
Botanika juda ham serqirra va koʻp tarmoqli fan yoʻnalishlaridan biri boʻlib, uning tarkibiy qismi hisoblangan flora, oʻsimliklar sistematikasi va geografiyasi men tadqiqotlar olib borayotgan yoʻnalishlar hisoblanadi. Ayni paytda bu yoʻnalishlarda klassik tadqiqotlar uslublaridan zamonaviy izlanishlarga oʻtish davri roʻy bermoqda. Shunday boʻlsada, ilgʻor fan uslublari fundamental ahamiyatga ega boʻlgan bilimlarga toʻla asoslanib kelmoqda.
Tabiiy floralarni tadqiq etish, undagi turlar tarkibini oʻrganish, xususan tabiiy va antropogen omillar taʼsiri ostida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni aniqlash va floraga taʼsir koʻrsatishi mumkin mavjud omillar majmuasi saqlanib qolgani taqdirida kelgusidagi jarayonlarni bashorat etish keng koʻlamda olib borilayotgan tadqiqotlar jumlasiga kiradi. Hozirgi kunda milliy, tabiiy geografik hududlar kesimida va hatto qitalar darajasida muvaffaqiyat bilan olib borilayotgan bir qator loyihalar mavjud. Ular orasida “Flora of Pan-Himalaya” (Himoloy va unga yondosh boʻlgan hududlar florasi), qitalar darajasida olib borilayotgan tadqiqotlar orasida Flora of North Ameraica loyihasi alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu loyiha doirasida Shimoliy Amerika mintakasining tabiiy sharoitda oʻsayotgan barcha oʻsimliklar xilma-xilligi oʻrganiladi. Bu 1993 yildan boshlangan va Meksikaning shimolidan tortib to Grenlandiyagacha boʻlgan hududdagi 20 mingdan ortiq oʻsimliklarni ilmiy ravishda oʻrganishni oʻz ichiga qamrab olgan loyiha hisoblanadi. U ayni kunlarda davom etayotgan faoliyat boʻlib, maʼlumotlarning aksariyat qismi eFloras internet tarmogʻida eʼlon qilinmoqda. Ushbu darajadagi yana bir eng mashhur loyiha Atlas Flora Europea boʻlib, unda oʻsimliklar sistematikasi va nomenklaturasining eng soʻnggi yutuqlari asosida Sharqiy va Gʻarbiy Yevropadagi 30 dan ortiq mamlakatlar xududlari florasini tadqiq etish koʻzda tutilgan.
Bu borada bizning yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda, qanday muammolarimiz mavjud?
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan Oʻzbekiston botanika maktabi milliy floraning zamonaviy nashrlarini yaratish borasida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Jahon amaliyotidan maʼlumki, bu kabi tadqiqotlar davomiyligi (uzoq yillik izlanishlarni talab etadi), kuchli salohiyatga ega boʻlgan ishtirokchilar tarkibi (turli oʻsimlik oilalari yetuk monograf olimlarni talab etadi) va yetarli miqdordagi moliya mablagʻlariga muhtoj. Bu omillar hozirgi kunda Botanika institutida mujassamlashgan va 2017 yildan beri “Oʻzbekiston florasi” ning dastlabki ikki jildi chop etildi va navbatdagi ikki jildi nashr uchun tayyorlandi.
Keyingi yillarda toboro jadal suratlar bilan rivojlanib borayotgan yoʻnalishlardan biri oʻsimliklar xilma-xilligi va ularning oʻsish muhitlarini saqlab qolishga qaratilgan tadqiqotlar hisoblanadi. Chunki bu yoʻnalish yil sayin dolzarblashib bormoqda. Kishilik jamiyatining tez rivojlanishi atrof-muhitga, xususan oʻsimliklar olamiga oʻz taʼsirini oʻtkazib kelmoqda. Ayni vaqtda tabiiy landshaftlarni qisqarishi, Yer shari boʻylab oʻrmonlar maydonlarining qisqarishi, tabiiy oʻtloqlarning inqirozga uchrashi, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar roʻyxatining ortishi zamonaviy botanika fanining eng muhim masalalaridan biri boʻlib turibdi.
Botanika fanining kelajak taqdirini qanday tasavvur qilasiz?
Botanikaning ayrim yoʻnalishlari, jumladan oʻsimliklar xilma-xilligini elektron hujjatlashtirish, molekulyar-genetik tadqiqotlar, inqirozga uchragan tabiiy landshaftlarni tiklash, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar populyatsiyalarini qayta tiklashga qaratilgan tadqiqotlar rivoj topadigan darajada tasavvur qilaman. Bundan tashqari, ekotizimlarning eng muhim komponentlaridan biri hisoblangan va oziq-ovqat mahsulotlari orasida muhim oʻrin tutadigan oʻsimliklarni oʻrganuvchi fan sifatida kun sayin dolzarblashib borayotgan oziq-ovqat tanqisligini oldini oluvchi fan sifatida rivojlanishini koʻz oldimga keltiraman.
Botanika boʻyicha hozirdagi eng kuchli ilmiy maktab(lar) qayerda joylashgan (oliygohlar, ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriya, ilmiy markaz va hokazo)?
Bu fan yoʻnalishlari boʻyicha eng rivojlangan ilmiy maktablar asosan Yevropa va AQSH da mujassamlashgan. Ular orasida Qirollik Kyu botanika bogʻi (Angliya), Milliy tabiat tarixi muzeyi (Fransiya), Nyu-York botanika bogʻi (AQSH), Missuri botanika bogʻi (AQSH), Leyden botanika instituti (Niderlandiya) kabilarni alohida qayd etish lozim. Osiyo mintaqasidagi botanika muassasalari orasida Kiota botanika bogʻini (Yaponiya) aytish mumkin. Soʻnggi yillarda esa Xitoydagi botanika institutlari, ayniqsa botanika bogʻlari jadal rivojlanmoqda. Ular orasida Pekin botanika instituti, Kunming botanika institutlarini misol tariqasida keltirish mumkin.
Bu fan boʻyicha zamonaviy tendensiyalarni oʻzida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?
Tavsiya etish mumkin boʻlgan internet resurslari juda ham koʻp. Bu yoʻnalishga kirib kelayotgan yosh mutaxasislarga www.ipni.org, www.theplantlist.org, www.catalogueoflife.org, www.gbif.org saytlari bilan ishlashni, bundan tashqari nomlari yuqorida qayd etilgan ilmiy muassasalarning saytlari bilan muntazam ravishda tanishib borishni tavsiya etaman. Bundan tashqari olimlarning xalqaro ResearchGate portali ham foydali manba hisoblanadi. Ilmiy maqolalarni chop etish uchun esa SCI bazasiga kiritilgan barcha jurnallar birday foydali boʻlishi mumkin.
Botanika fanidan oʻzbek tilidagi oliy taʼlim darsliklari, ilmiy adabiyotlar masalasi qanday ahvolda? Qanday natijalarga erishilgan? Qanday muammolar mavjud?
Oʻzbek tilidagi mavjud darsliklarning deyarli barchasi zamonaviy fan talablariga javob bermaydi deb hisoblayman. Hozirgi kunda taʼlim tizimida qoʻllaniladigan darsliklar, xususan botanika boʻyicha taʼlim beradigan manbalar fanning yutuqlari aks ettiradigan holatda va eng muhimi oʻquvchining bu boradagi bilimlarini shakllantiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va mulohaza eta olish qobiliyatini rivojlantiradigan boʻlishi lozim. Barcha darajadagi botanika darsliklarining umumiy kamchiligi mahalliy flora turlari yoki Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami boʻyicha yetarli maʼlumot bera olmasligidadir. Oddiy misol tariqasida shuni aytish mumkinki, maktab, litsey oʻquvchilari, hatto universitet talabasi atrofimizni oʻrab turuvchi va eng keng tarqalgan oʻsimliklarning lotincha nomlarini bilmaydi. Vaholanki, bu talaba bilishi lozim boʻlgan eng muhim holatlardan biridir! Buni tushunish uchun esa, meditsina institutining bitiruvchi talabasi odam organizmining aʼzolarini lotincha (ilmiy) nomlarini bilmasligi bilan qiyoslash mumkin! Bu esa botanika boʻyicha taʼlimdagi eng katta yutqazishlardan biri deb hisoblayman.
Biroq, men tegishli mualliflarni tanqid etmoqchi emasman. Chunki men oʻzim qoʻyayotgan talablar boʻyicha darsliklarni yozish, ularni chop etish va dars berish boʻyicha maʼsullar orasida oʻzim ham borman!
Bu fan boʻyicha oʻzbek tiliga zudlik bilan tarjima qilinishi zarur deb hisoblagan va oʻzbek mutaxassislariga amaliy/nazariy yordam berishi mumkin boʻlgan biror horijiy nashrni (kitob, lugʻat va hokazolar) ayta olasizmi?
Bunday nashrlar juda ham koʻp. Aynan biror bir nashrni zudlik bilan tarjima qilish va uni asosida oʻqitish kerak deb hisoblamayman. Bizda qoʻllaniladigan darsliklar avvalo mahalliy floraning vakillarni ham hisobga olishi zarur. Masalan, yovvoyi tarzda oʻsuvchi lola (Tulipa L.), piyoz (Allium L.), gulsafsar (Juno Tratt.), moychechak (Gagea Salisb.) turkumlarining birlamchi kelib chiqish markazi Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston hududi hisoblanadi. Oʻzbekistonda lolalarning 34 turi oʻsadi. Bu koʻrsatkich boʻyicha biz maydoni jihatdan bir necha babobar katta boʻlgan Qozigʻistondan (36 tur) keyin ikkinchi oʻrinda turamiz. Biroq, mavjud adabiyotlarga qaraydigan boʻlsak biz uchun lolalarning faqat ikki-uch turi bor xolosday taassurot qoladi.
Agar oʻtmishga qaytib, oʻzingiz istagan faqat bitta buyuk olim bilan gaplashish imkoni berilsa siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani soʻragan boʻlardingiz?
Savol juda murakkab, dastlabki xayolimga kelgan holat unga javob bermaslik boʻldi. Lekin savolni ham murakkabligini va ayni paytda qiziqarli ekanligini aytmoqchiman. Men ilmiy faoliyatim davomida bir qator zamonamizning buyuk olimlari bilan uchrashish, hamsuhbat boʻlish baxtiga muyassar boʻlganman. Oʻzim uchun ulardan foydali ibrat sifatida qabul qilgan juda ham koʻp jihatlarni ololganimni alohida taʼkidlashim mumkin. Savolga javob berish uchun esa men uchun oʻzbek botanik olimlari orasida katta hurmatga sazovor boʻlgan, akademik Qodir Zokirovich Zokirov bilan suhbatlashishni tanlagan boʻlar edim. Bu olimning Sovetlar davrida ham vatanparvarligi, oʻzbek olimlarining shaʼni va obroʻsi uchun kurashganligi, katta maktabning asoschisi ekanligi meni tanlovim sabablaridan biri hisoblanadi.
Agar taqdirning taqozosi bilan akademik Zokirov bilan uchrashganimda undan avvalo haqiqiy olim boʻlish, yirik kashfiyotlar egasi, koʻplab va munosib shogirdlarning mehribon ustozi, fan sohasida hurmatga sazovor boʻladigan asarlarning muallifi, el-yurt koriga yaraydigan inson boʻlish kabi sharafli va ayni paytda sermashaqqat maʼsuliyatni uddalashda nimalardan ilhom olasiz, nimalar Sizga kuch-quvvat bagʻishlaydi deb soʻragan boʻlardim.
Ilmni puxta egallash uchun kishida eng avvalo qaysi jihatlar boʻlishi kerak deb oʻylaysiz. Ilm egallash uchun biror narsadan voz kechish shartmi?
Ilm egallash eng avvalo koʻp mutoalaani talab etadi. Undan soʻng esa fikr yuritish, oʻylash va masala qoʻyish va uni yechimini topishga harakat qilish qoʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish kerak. Baʼzan ilm egallash uchun juda koʻp narsalardan voz kechishga toʻgʻri keladi. Hozirgi kunda men bilan ishlayotgan va jahon botanika fanini rivojlanishiga katta hissa qoʻshayotgan olimlarning aksariyat qismida deyarli shaxsiy hayot ikkinchi darajada boʻlib qolgan desam mubolagʻa boʻlmasa kerak. Ularda televizor koʻrish, ayniqsa badiiy filmlarni, ayrim koʻngilochar tadbirlarda ishtirok etish imkoni deyarli yoʻq holatda. Lekin shuni alohida taʼkidlashim lozimki, ularning ilmiy mehnatlari natijalaridan ayni vaqtda yuz minglab olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, shu fanni oʻrganishni boshlagan talabalar bahramand boʻlib turishibdi. Bu esa har bir ilm odami yetishishi mumkin boʻlgan ulkan sharaf deb hisoblayman.
Oʻzbekistonliklarning ilk Nobel mukofoti qaysi sohada boʻladi deb oʻylaysiz?
Aniq fanlardan birida boʻlishini taxmin qilaman.
Faningizga oid oʻzingiz eng muhim deb hisoblagan 5 ta asarni sanab bering.
Florashunoslik, oʻsimliklar geografiyasi va sistematikasida men erishgan yutuqlarda quyidagi asarlarning oʻrni beqiyos deb oʻylayman. Bularning qatorida R.V. Kamelinning “Флорогенетический анализ естественной флоры горной Средней Азии” (1972), M.G. Popovning “Основы флорогенетики” (1963), akademik Ye.P. Korovinning ikki jilddan iborat boʻlgan “Растительный покров Средней Азии и южного Казахстана” (1961–1962), Z.P. Bochansevaning “Тюльпан” (1962) va A.D. Hall ning “The genus Tulipa” (1940) asarlarini men uchun muhim boʻlgan birinchi beshtalikga kiritaman. Markaziy Osiyo oʻsimliklari xilma-xilligi bilan ishlaydigan mutaxasis uchun bu asarlarni oʻzlashtirish birinchi shartlardan hisoblanadi. Agar badiiy adabiyotlarga kelmak men uchun romanlarning romani atoqli adib Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar”i hisoblanadi. Shuningdek, hozirgi kunda ham Chingiz Aytmatovning asarlarini charchamay oʻqiyman.
Gʻarbiy Tyan-Shan togʻ tizmasi florasini tadqiq etgansiz, tadqiqot davomida yangi oʻsimlik turlari va Soyabonguldoshlar oilasiga mansub Kuramosiadum nomli yangi turkumni kashf etishga muvaffaq boʻldingiz. Bundan kelib chiqadiki, yurtimiz florasida hali kashf etilishini kutib turgan oʻsimliklar anchagina. Bu borada tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganmi? Yurtimizning qaysi mintaqasi florasi hali toʻla-toʻkis oʻrganilmagan?
Oʻzbekiston hududi tabiiy flora turlari yetarli darajada oʻrganilmagan hududlar qatoriga kiritilishi mumkin. Bu borada ayni paytda Botanika institutida tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda. Masalan, keng koʻlamli tadqiqotlar bilan Zarafshon tizmasining gʻarbiy tarmoqlari, Hisor tizmasining gʻarbiy qismi, Surxon-Sherobod vodiysi, Qizilqum choʻlida olib borilayotgan izlanishlarni mosl sifatida keltirish mumkin. Hali oʻz kashfiyotchilarini kutib turgan va botanika fani uchun noʼmalum boʻlgan oʻsimlik turlari talaygina. Nisbatan kam oʻrganilgan va flora tarkibi juda ham qiziqarli boʻlgan hududlarimiz qatoriga eng avvalo Bobotogʻ tizmasini, Toʻpalang, Sangardak daryolari havzalarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Ilmiy tadqiqotlaringiz natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston oʻsimliklari roʻyxatiga yangi turlar qoʻshildi. Shular haqida qisqacha aytib bering. Shu vaqtgacha nechta yangi turni fanga kiritishga muvaffaq boʻldingiz?
Men olib borgan tadqiqotlarning bir qismi Oʻzbekiston florashunosligida hozirgacha boʻliq boʻlib kelayotgan masalalarga bagʻishlandi. Bularning birinchisi Oʻzbekiston florasining zamonaviy roʻyxatini shakllantirish edi. Chunki, 1962 yila “Oʻzbekiston florasi” ning soʻnggi 6 jildi chop etilib, unga koʻra mamlakatimiz xududidi 3663 turdagi yovvoyi tarzda oʻsuvchi oʻsimliklar keltirilgan boʻlsa, 2000–2010 yillarga kelib ularning haqiqiy soni 4300 dan ortiqligi ma’lum bo’ldi. Biroq, 1980–1990 yillargacha hal etilishi lozim boʻlgan masala, yaʼni Oʻzbekiston florasining yangi roʻyxati va uning asosida olib borilishi lozim boʻlgan zamonaviy tadqiqotlar turli sabablarga koʻra oqsab kelmoqda edi. Shuning uchun guruhimiz bilan bu boʻshliqni toʻldirish maqsadida koʻp yillik tadqiqotlar olib bordik. Ularning samarasi sifatida Oʻzbekiston florasi uchun yangi 200 dan ortiq oʻsimlik turlari ilk bor qayd etildi. Ular orasida 15 dan ortiq turlar fan uchun yangi turlar sifatida mamlakatimizning turli hududlaridan kashf etildi. Fan uchun yangi sifatida topilgan turlarning aksariyati yovvoyi lolalar, piyozlar va gulsafsarlarga mansub. Umuman olganda esa, Osiyo mintaqasining turli qismlaridan 20 ga yaqin yangi turlarni kashf etish baxtiga muyassar boʻlganman.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlgan uchrashuvda OʻzFA Botanika instituti qoshidagi milliondan ortiq namunaga ega Gerbariy markazidan ilmiy-turistik maqsadda foydalanish mumkinligi haqida aytgan edingiz va buni oʻshanda Prezident ham maʼqullagan edi. Mana shu ishning taqdiri nima boʻldi?
Institut qoshidagi Markaziy gerbariyga “Oʻzbekiston Milliy gerbariysi” maqomi berildi. Gerbariy binosi toʻliq taʼmirdan chiqarildi. 2019 yilda Milliy gerbariyga dunyoning 10 dan ortiq davlatlaridan olimlarning ilmiy safarlari kutilmoqda. Biroq, shunday boʻlsada, 1.5 mln. dan ortiq gerbariy namunalariga ega boʻlgan va Markaziy Osiyo oʻsimliklari boʻyicha dunyoda eng yirik hisoblangan millatimizning bu bebaho boyligi oʻz obroʻsiga yarashadigan sharoitni kutib turibdi.
Oʻzbek botanika fanining oldidagi muammolar nimalardan iborat? Ilmiy tadqiqotga kirib kelayotgan yosh avlod bu borada aynan nimalarga eʼtibor berishi kerak?
Bir qator obyektiv va subyektiv omillarga koʻra Oʻzbekistonda botanika fanining rivojlanishi bir necha yillar orqada qolib ketdi. Ayni kunlarda Institut olimlari, xususan Oʻzbekiston Milliy gerbariysida faoliyat olib borayotgan mutaxasislarning oldida turgan vazifa ana shu yoʻqotishlarni toʻldirish va hozirgi kunda olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalariga asoslangan holda rivojlanish vazifalarini shakllantirishdan iborat. Botanika instituti hozirgi kunlarda oʻtish bosqichini boshidan kechirmoqda, avlodlar almashinishi roʻy bermoqda. Oxirgi uch yil davomida Institutga ishga qabul qilingan yoshlar ilmiy salohiyatning 49 foizini tashkil etadi. Ularning muvaffaqiyatli ilmiy faoliyatiga juda koʻp narsalar bogʻliq. Oʻrni kelganda shuni taʼkidlash lozimki, eng iqtidorli yosh mutaxasislarimiz xorijning bir qator yetakchi ilmiy muassasalarida tajriba olib qaytishmoqda. Bir qator yosh olimlarimiz esa Janubiy Koreya, Hitoydagi ilmiy maskanlarda oʻz ilmiy faoliyatlarini olib bormoqdalar va aynan ular institut yoshlarining lokomotivlari hisoblanadi.
Oʻzbekistondagi turli OTM biologiya yoʻnalishida tahsil oladigan talabalar, magistrlar, doktorantlar Botanika instituti bilan birgalikda nimalar qilishi mumkin?
Institut Oʻzbekistonda tabiiy flora xilma-xilligini oʻrganish, saqlab qolish va tabiiy zahiralaridan ustivor foydalanish yoʻnalishi boʻyicha yetakchi ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblangani uchun respublikamizdagi barcha OTM talabalari, yosh oʻqituvchilari bilan bu borada birgalikda ishlashimiz, ilmiy maslahat va koʻmakchisi boʻlishimiz mumkin. Bu sohaning rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshish istagida boʻlgan barcha xohlovichlarni oʻz safimizga qabul qilishga tayyormiz. Buning uchun esa ularda mustahkam bilim, xorijiy tillarni oʻzlashtirish va kompyuter sirlarini yaxshi oʻzlashtirish talab etiladi. Birgalikda esa biz Oʻzbekiston florasinini dunyoda eng mukammal oʻrganilgan floralar qatoriga olib chiqishimiz mumkin.
Ayni vaqtda oʻzbek botanika fanida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi kadrlar masalasi qanday holatda? Ilmga yoshlarni jalb qilish ishlari institutda qanday yoʻlga qoʻyilgan?
Fanlar akademiyasining Botanika institutida ishlash istagini bildirib kelayotgan yoshlarning safi anchagina. Biroq, oʻtgan 3-4 yil ichidagi tajribaga asoslanib aytishim mumkinki, suhbatlashayotgan yoshlarning deyarli 80 foizi Institut qoʻyishi mumkin boʻlgan talablarga javob bermaydi. Afsuski, Institut xodimi boʻlish istagidagi yoshlarimizning aksariyat qismi chet tillarni bilishmaydi. Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot muassasasi xodim boʻlish kamida bitta chet tilni oʻzlashtirgan boʻlishni talab etadi. Ishga qabul qilishga toʻsqinliq qiladigan keyingi holat kompyuter savodxonligi darajasi bilan bogʻliq. Hozirgi kunda oliy taʼlim dargohining bitiruvchisi MS Word, MS Excel dasturlaridan tashqari bir qator dasturlarda ishlay olish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun hamma zarur sharoitlar bor. Biroq, talabalarimiz koʻpincha oʻzlashtirilishi mumkin boʻlgan bilimlarning minimal darajasi bilan cheklanmoqdalar. Biroq, ilmiy tadqiqot muassasalarini yoshlar bilan muntazam ravishda toʻldirib borish zarur. Eng yaxshi, eng bilimlilarni kutib tursak, vaqtni boy berib qoʻyishimiz mumkin. Shuning uchun bu muammoni hal etish yoʻlida Institut bazasida bajarilayotgan loyihalarga, Oʻzbekiston Milliy gerbariysining ilmiy faoliyatiga OTM bakalavr va magistrlarini jalb etish amaliyotini boshladik. Hozirgi kunda 10 ga yaqin yoshlar loyihalarning toʻla qonli ishtirokchisi sifatida faoliyat olib borishmoqda va universitet talabasi davridan boshlab mutaxassis sifatida shakllanishmoqda.
Avlodlar toʻqnashuvi – keksa avlod joy boʻshatmaydi, yoshlar chorak, yarim stavka yuklamalarda ishlashni xohlamaydi. Bunga qanday yechim taklif qilishlari mumkin?
Buning uchun hozirgi kunda Botanika institutida qoʻllanilayotgan amaliyotni joriy etishni taklif qilaman. Unga koʻra, har yili ilmiy xodimlar oʻz kategoriyalariga koʻra belgilangan talablarini bajarishlari lozim. Bu talablarni bajara olmagan olim yoshidan qatʼiy nazar shakllantirilgan ichki raqobat qonunlariga boʻysinishga majbur. Ishlab turgan tizim esa keksa avlod olimlari yoki yosh avlodni ajratmaydi. Eng muhim koʻrsatkich – bu ilmiy natijalar!
Keyingi yillar davomidagi islohotlarning samarasi, yaʼni ITM maʼmuriyati, laboratoriya mudirlari va laborant lavozimlarini bazaviy moliyalashtirish tizimiga oʻtishi, ilmiy loyihalar byudjetnini bir necha barobar ortishi, bajarilayotgan loyihalar sonining ortishi chorak, yarim stavkada ishlayotgan olimlarning sonini keskin qisqartirdi. Bundan tashqari shuni alohida taʼkidlash lozimki, agar xodim, yoshidan qatʼiy nazar oʻz sohasining ustasi boʻlsa hech qachon chorak va yarim stavkada qolib ketmaydi. Bu esa oʻz-oʻziga baho berish orqali emas, balki aniq va ravshan natijalarning tahlili asosida aniqlanishi kerak.
Ajoyib suhbat uchun tashakkur, ustoz. Suhbatimiz so’ngida botanika boʻyicha tahsil olmoqchi boʻlgan va kelajakda uning mutaxassisi boʻlishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?
Men ularga xayotda, ilmda oʻzim oldimga qoʻygan shiorni maslahat bergan boʻlardim, yaʼni MAQSAD-HARAKAT-INTIZOM. Botanik olim boʻlish uchun alohida ajralib turadigan jihatlar shart emas. Lekin bu yoʻnalishning oʻziga xos talablari ham bor. Bu oʻsimliklarni oʻrganishga mehr qoʻyish, uzoq muddatli dala ekspeditsiyalarining mashaqqatlariga chidash va h.z. Biroq, shu oʻrinda ilm yoʻlidagi muaffaqiyatning eng asosiy mezonlaridan biriga alohida toʻhtalib oʻtmoqchiman. Bulardan biri chet tillarni oʻzlashtirish hisoblanadi. Fan rivoji alohida bir mamlakat chegarasida amalga oshmaydi. Ilm choʻqqilarini egallash ilgʻor adabiyotlarni mutoala etish, xorijiy hamkasblar bilan doimiy muloqotda boʻlish, muntazam ilmiy raqobatni talab etadi. Bularning bari esa xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishni talab etadi.
Suhbat hujayra.uz sayti uchun maxsus o’tkazildi.
Suhbatni Baxtiyor Sheraliyev olib bordi.
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.