Hayvonlar ichida eng yirik mitoxondrial genom aniqlandi

Hayvonlar ichida eng yirik mitoxondrial genom aniqlandi

Tashqi ko’rinishi qadimiy dengiz gullarini yodga soluvchi korall poliplariga mansub Isarachnanthus nocturnes hozirgi vaqtgacha hayvonlar ichida ma’lum bo’lgan eng yirik mitoxondrial genomga ega ekanligi aniqlandi. Uning mitoxondrial genomi 80 923 ta nukleotid juftligidan iborat bo’lib, bu ko’rsatkich uy sichqonida 16 301 tani, odamda 16 569 tani, qizil tulkida 16 813 tani, zog’ora baliqda 16 581 tani, maxaon kapalagida 15 185 tani, yomg’ir chuvalchangida 14 998 tani tashkil etadi.

Mitoxondriyalar eukariot organizmlar hujayrasida uchraydigan qo’sh membranali organoid bo’lib, o’zida genetik material saqlaydi. Mitoxondriya DNK (mt-DNK) sida yadrodagi DNK dan ko’ra ancha kam genetik ma’lumot saqlansa-da, ular muhim biologik, evolutsion ahamiyatga ega hisoblanadi. Aksariyat umurtqalilarning mt-DNK si halqasimon shaklda bo’lib, o’zida ma’lum sondagi genlarni tutadi. Masalan, baliqlarning mt-DNK si 13 ta oqsil, 2 ta r-RNK va 22 ta t-RNK kodlovchi, jami 37 gendan iborat.

Tadqiqotchilar Isarachnanthus nocturnes ning mt-DNK si chiziqli ekanligini qayd etar ekanlar, bundan avval xuddi mana shunday ko’rinishdagi DNK ayrim meduzalarda uchraganini aytishmoqda. Biologlar mt-DNK dan foydalangan holda tirik organizmlarning filogeneyasini tadqiq etishadi. Hozirgacha olimlar yuqoridagi hayvonlarda nega bunday noodatiy ko’rinish va katta hajmdagi mt-DNK mavjudligi sababini aniqlay olishmagan.
Tadqiqot natijalari xalqaro Scientific Report ilmiy jurnalida chop etilgan.

Muallif haqida

Izohlar

  1. New genomicis
    New genomicis 27 May, 2019, 09:22

    Men uchun katta yangilik bu ajoyib ekan!

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.