Odam tanasi tashqi tomondan teri bilan qoplangan bo’lib, uning sathi katta yoshli odamlarda 1,5 – 2,3 metr kvadratni, massasi esa tana massasining o’rtacha 4-6 foizini, gipoderma bilan qo’shib hisoblanganda esa 16-17 foizini tashkil etadi. Teri organlar ichida sathi kattaligi bo’yicha ikkinchi o’rinda turadi (birinchi o’rinda ingichka ichak). Teri yetti qavatgacha ektodermal to’qimalardan tashkil topgan bo’lib, muskullar, suyak, bo’g’im va ichki organlarni himoya qilib turadi. Odamning terisi tuzilishi bo’yicha ko’pgina sutemizuvchilarning terisi bilan o’xshash. Butun teri yuzasida soch follikulalari bo’lsada, barchada ham teri tuklar bilan qoplangan bo’lmaydi. Tukli va tuksiz teri farqlanadi. Terining rangi odamlarning populyatasiyalariga qarab turlicha bo’ladi. Bundan tashqari quruq va yog’li terilar farqlanadi. Inson terisining yuza qismida 100 tipga mansub 1000 ga yaqin bakteriya turi yashashi aniqlangan.
Bir dyum kvadrat (6,5 sm^2) teri sathida 650 ta ter bezlari, 20 ta qon tomirlari, 60 000 ta melanotsit va 1000 dan ortiq nerv uchlari joylashgan.
Tuzilishi
Teri uch qavatdan tashkil topgan: epidermis, derma, gipoderma.
Epidermis. Ushbu qatlamda qon tomirlari mavjud emas. Uning hujayralari derma qatlamidagi qon tomirlaridan diffuziya yo’li bilan ozuqa moddalarini qabul qiladi. Havoni esa to’g’rida- to’g’ri tashqi muhitdan oladi. Epidermisni Merkel hujayralari, keratinositlar, melanotsitlar va Langergans hujayralari (Langergans orolchasi bilan adashtirmang) hosil qiladi. Epidermis o’z navbatida 5 qavatdan tashkil topgan. Insondagi oqsil kodlovchi genlarning 70 foizi aynan epidermisda ekspressiya qilinadi.
Derma. Epidermis ostida joylashgan ushbu qavat biriktiruvchi to’qimadan tashkil topgan bo’lib, tanaga tushadigan stress va bosimning kuchini kamaytiradi. U epidermis bilan bazal membrana orqali birikkan bo’lib, unda paypaslash va issiqlikni sezuvchi nerv uchlari joylashgan. Dermada soch follikulalari, ter va yog’ bezlari, apokrin bezlar, limfa va qon tomirlari joylashgan.
Gipoderma. Ushbu qavat derma ostida joylashgan bo’lib, biriktiruvchi to’qima va yog’ to’plamidan tashkil topgan. Uning asosiy vazifasi oziq modda jamg’arish va terining termoregulyatsiya xususiyatini taminlashdan iborat.
Funksiyasi
Terining quyidagi funksiyalari farqlanadi:
1) nafas olish – teri hujayralari tashqi muhit bilan kislorod va karbonat angidrid almashinuvida ishtirok etadi.
2) himoya – teri organizmni tashqi tomondan bo’ladigan turli xil kimyoviy va mexanik ta’sirlardan, ultrabinafsha nurlardan, turli patogen mikroorganizmlar ta’siridan saqlaydi. Teridagi Langergans hujayralari bevosita adaptiv immun tizimining bir qismi hisoblanadi. Bundan tashqari teridan ajraladigan ter bezlari tarkibida lizotsim moddasi mavjud bo’lib, u bakteriya devorlarini parchalash xususiyatiga ega.
3) termoregulyatsiya – terida juda ko’p miqdorda mayda qon tomirlari joylashgan bo’lib, nurlanish orqali ortiqcha energiyaning bir qismini issiqlik ko’rinishida tanadan tashqariga chiqarib yuboradi. Bundan tashqari issiqlik yana bir qismi terlash jarayonida ter bilan birgalikda chiqib ketadi.
4) suv va tuz almashinuvi – terining ushbu xususiyati ter ajratish bilan bog’liq bo’lib, ter bilan birga ortiqcha tuz va suv organizmdan tashqariga chiqib ketib turadi.
5) ayirish – teridan ajraladigan ter tarkibida mochevina bo’lib, uning konsentratsiyasi siydiknikidan 130 barobar past. Bundan tashqari buyrak faoliyatining gipofunksiyasida moddalar almashinuvining mahsulotlari, parchalangan dori qoldiqlari teri orqali chiqarib yuboriladi.
6) qon deposi – organizmdagi qariyb 1 litr qon derma qavatida zahira holatda saqlanadi.
7) gumoral va metabolizm – teri suv va yog’ning to’planish markazi hisoblanadi. Shu bilan birga uning ayrim qismlari ultrabinafsha nurlar ta’sirida D vitaminini va ayrim gormonlarni sintezlaydi.
8) retseptor – terida joylashgan ko’pgina nerv uchlari hisobiga retseptor funksiyasi ta’minlanadi.
9) immun – immun reaksiyalar rivojlanishida qatnashuvchi antigenlarning qabul qilinishi, ta’sir etish jarayoni va transport funksiyalari teri bilan bevosita bog’liq.
Teri va unga bog’liq jarayonlar bilan dermatologiya fani shug’ullanadi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.