Qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi yurak-qon tomir va metabolik kasalliklardan himoyalashi mumkin

Qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi yurak-qon tomir va metabolik kasalliklardan himoyalashi mumkin

Termogen qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi insonni yurak-qon tomir va metabolik kasalliklardan himoya qilishi Nature Medicine jurnalida chop etilgan retrospektiv tadqiqotda maʼlum qilindi.

Organizmdagi yogʻlar ikki xil: qoʻngʻir va oq yogʻ toʻqimalaridan tashkil topgan. Ulardan oq yogʻlar katta qismni tashkil etadi va energiyani zaxiralash vazifasini bajaradi. Qoʻngʻir yogʻlar esa kam miqdorda boʻladi va energiyani issiqlik koʻrinishida tarqatadi. Ular asosan boʻyinda, yelka sohasida va buyraklarni oʻrab joylashadi.

Ilmiy tadqiqot uchun 50 mingdan ortiq bemor 130 mindan koʻp PET skanerlash oʻtkazish orqali tekshirilgan. Bemorlar qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi bor yoki yoʻqligiga koʻra guruhlarga ajratilgan. Shulardan 10% ga yaqinida qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi aniqlangan. Tadqiqot natijalariga koʻra sovuq faollashtiruvchi qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi glukoza va erkin yogʻ kislotalarining metabolizmini va natijada energiya sarfini oshiradi.

Qoʻngʻir yogʻ toʻqimasi bor insonlarda qandli diabetning 2-turi, dislipidemiya, tojsimon arteriya kasalligi, yurak yetishmovchiligi va gipertenziya kasalliklari kam uchrashi aniqlandi. Shuni ham taʼkidlash joizki, qoʻngʻir yogʻi bor semiz odamlarda bunday yogʻi boʻlmagan odamlarga qaraganda yurak-qon tomir va metabolik hastaliklar kam uchraydi.

Semizlik keng tarqalgan hozirgi dunyoda uni oldini olish va davolash muhim ahamiyatga ega. Qoʻngʻir yogʻ toʻqimasining bunday xususiyatini bilish kelajakda potensial terapevtik davo usullarini ishlab chiqishda yordam beradi.

Bo'limlar: Fiziologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.