Vashington universitetining olimlar jamoasi tomonidan xonadagi havoni zararli hisoblangan gazlar – xloroform va benzoldan tozalovchi tillarang epipremnum (Epipremnum aureum) deb nomlanuvchi xona o’simligining transgen formasi yaratildi. Ushbu o’simlik havodan yutgan zaharli moddalarini oqsil biosintezida foydalanadi va uni o’zining o’sish jarayoni uchun sarf qiladi.
Xona havosida ko’pincha havoda uchib yuruvchi formaldegid, benzol, xloroform kabi turli organik zaharli moddalar bo’ladi. Ular havoga ovqat tayyorlash, dush qabul qilish, chekish kabi jarayonlar natijasida ajralib chiqadi.
Odatda xona o’simliklari ham xona havosidagi zararli gazlarni yutadi, lekin ular kutilganidek samarali emas. Odatdagi kattalikdagi xona havosida yig’ilib qolgan zaharli formaldegid gazini yutishi uchun o’sha xonada 20 dan ortiq o’simlik bo’lishi talab etiladi.
“Ko’pchilik kishilar xona havosidagi ushbu xavfli organik birikmalar haqida deyarli o’ylamaydi. Shu bois biz bu borada nimadir qilishga qaror qildik. Mana natijada bizni ushbu chiqindi moddalardan xalos etadigan transgen xona o’simligini yaratdik” – deydi Vashington universiteti Fuqaro va atrof-muhit muhandisligi kafedrasi professori Stuart Strand.
Professor Strand va uning hamkasblari birgalikda sutemizuvchilardagi CYP2E1 deb nomlangan genni tillarang epipremnum genomiga ko’chirib o’tkazish orqali o’simlikning detoksikatsiya (zaharni zararlantirish jarayoni) xususiyatini oshirish mumkinligi haqida o’ylashadi. Ushbu gen sitoxrom P450 2E1 oqsilini kodlaydi, ushbu oqsil havodagi ko’plab uchuvchi organik birikmalarni parchalash xususiyatiga ega.
Odam organizmidagi sitoxrom P450 2E1 oqsilini benzolni fenolga, xloroformni esa karbonat angidrid va xlorid ionlariga aylantirib beradi. Lekin ushbu oqsil odam jigarida joylashgan bo’lib, u faqatgina kishi spirtli ichimlik iste’mol qilganda ishga tushadi, shunday ekan ushbu oqsil odamlarni havodagi zaharli gazlar xavfidan qurqara olmaydi.
“Biz ushbu jarayonni organizmdan tashqarida ham amalga oshirish mumkinligi borasida kengashib “yashil jigar” loyihasiga qo’l urdik. Bundan tashqari 2E1 o’simlikning o’zi uchun ham foydali bo’lishi mumkin. Parchalangan birikmalar – karbonat angidrid va xlorid ionlarini o’simlik fotosintez jarayonida, fenolni esa hujayra devorini shakllantirish jarayonida foydalanishi mumkin”, – deydi professor Strand.
Olimlar jamoasi quyon CYP2E1 genini epipremnum genomiga transformatsiya qilishdi. Shundan so’ng maxsus berk flakon ichiga transgen o’simlikni qo’yib, uning ichini benzol va xloroform moddasi bilan to’yintirishdi. Uch kundan keyin ushbu moddalarning flakondagi konsentratsiyasi sezilarli darajada kamaydi, sakkiz kundan keyin esa u yerdagi xloroform miqdori niyohatda kamligi ma’lum bo’ldi.
Shu bilan birga jarayonning samaradorligini solishtirish uchun boshqa bir flakonga transgen bo’lmagan epipremnum joylashtirildi, uchinchi flakonga esa o’simlik joylashtirilmadi. Tajriba davomida odatdagi o’simlik va o’simlik bo’lmagan flakonlardagi zararli moddalar konsentratsiyasi o’zgarishsiz qolgan. Olimlarning ta’kidlashlaricha transgen xona o’simligi yaratish bilan xona havosini zaharli moddalardan tozalab turuvchi biofiltr yaratildi. U o’z navbatida maxsus filtrlar o’rnini bemalol bosa oladi.
Ushbu tadqiqot natijalari xalqaro Environmental Science & Technology ilmiy jurnalida chop etildi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.