Yotoq qandalalari 115 mln yil avval Yer yuzini dinozavrlar bilan birgalikda kezgani ma’lum bo’ldi
Yotoq qandalalari (Cimicidae) yarim qattiqqanotli hasharotlar turkumiga mansub parazit hasharotlar oilasi bo’lib, ularning bugungi kunda 90 ga yaqin turi mavjud. Ushbu hasharotlar issiqqonli hayvonlar: sutemizuvchilar va qushlarda qon so’rib parazitlik qiladi. Aksariyat turlari tunda faol hayot kechiradi. Ularning aksariyati kosmopolit turlar bo’lib, odamlar asosan sinantrop tur bo’lgan oddiy yotoq qandalasi (Cimex lectularius) dan aziyat chekadi.
Turli mamlakatlardan yig’ilgan olimlar jamoasi Sheffild universiteti, Bergen muzey universiteti hamda Drezden universiteti boshchiligida yotoq qandalalarining o’ndan ortiq turlarining DNK namunalarini o’rganib chiqishdi va ular ushbu qandalalarning ilk xo’jayin organizmlari deb hisoblanadigan ko’rshapalaklardan 50 mln yil avval paydo bo’lganligini aniqlashdi.
«Yangi tadqiqotlar natijalaridan biz bilan birgalikda yotog’imizda yashaydigan parazit organizmlarni bundan 100 mln yillar avval (Bo’r davrida) paydo bo’lganligi, ular o’sha vaqtlarda dinozavrlar bilan yonma-yon yashaganligi ma’lum bo’lmoqda. Bu esa yotoq qandalalarining evolutsiyasi biz avval o’ylagandan ko’ra murakkabroq ekanligini ko’rsatmoqda», – deydi tadqiqot mualliflaridan biri Sheffild universiteti professori Mayk Siva Joti.
Professor Siva Joti va uning jamoadoshlari 15 yil davomida dunyoning turli qismlaridan yotoq qandalalarining namunalarini yig’ishdi. Ular Afrikadan ko’rshapalaklar va qo’toslarda hamda Janubiy-sharqiy Osiyo mintaqasida tarqalgan qushlarning inlarida yashab parazitlik qiluvchi qandalalarni to’plashga muvaffaq bo’lishdi.
Olimlar ta’kidlashlaricha ular yotoq qandalalari uchun dastlabki xo’jayin organizm bo’lgan ko’rshapalaklarning ulardan ancha keyin paydo bo’lganining ma’lum bo’lishi kutilmagan yangilik bo’lgan. Ularning aniqlashlaricha yangi qandala turlari har yarim mln yil orasida odamlarda parazitlik qilshga moslashar ekan. Bunda ular yangi xo’jayinga to’la moslashib ketmasdan o’zining avvalgi xo’jayiniga qaytib o’tish qobiliyatini saqlab qoladi.
Yotoq qandalalaridagi ushbu xususiyatlarni o’rganish jarayonida ularning ayrimlari xo’jayin organizmga to’la moslashishi, ayrimlari esa muntazam ravishda xo’jayinini almashtirib turishi aniqlandi. Bu yangilik o’z navbatida biologlarga shunday imkoniyat beradiki, endilikda ular qandalalarning xususiyatlarini hisobga olgan holda yarim mln yil kutmasdan turib ham odamlarda qaysi qandalalar parazitlik qilishi mumkinligini oldindan aytib bera oladilar.
Olimlar jamoasi aniqlagan yana bir yangilik shundan iborat bo’ldiki, odamlarda parazitlik qiluvchi oddiy yotoq qandalasi (Cimex lectularius) va tropik yotoq qandalasi (Cimex hemipterus) bundan 47 mln yil avval divergensiya qilgan bo’lib, bu ajralish hatto odam paydo bo’lmasidan avvalgi davrda yuz bergan. Ushbu topilma esa odamning parazitlariga qarab ularning evolutsiyasini aniqlashda yordam beruvchi Eshford gipotezasi nomi bilan mashhur bo’lgan nazariyaning 1,6 mln yil avval odamning Homo sapiens va Homo erectus turlari orasidagi divergensiyasini tushuntirib beruvchi farazini keskin rad etadi.
Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha ushbu tadqiqot natijalari yotoq qandalalarining qanday qilib samarali parazitlik hayot tarziga erishish evolutsiyasini to’g’ri tasavvur qilish hamda ularga qarshi kurashning yangi metodlarini ishlab chiqishda yordam beradi. Tadqiqot natijalari ushbu haftada xalqaro Current Biology ilmiy nashrida chop etildi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.