Aromorfoz, idioadaptatsiya, umumiy degeneratsiya: zamonaviy ilm-fan nima deydi?

Aromorfoz, idioadaptatsiya, umumiy degeneratsiya: zamonaviy ilm-fan nima deydi?

Hayvonlarning evolutsion morfologiyasi to’g’risidagi nazariya asoschisi rus biologi Aleksey Nikolayevich Seversov (1866-1936) evolutsiya jarayoning to’rt yo’nalishi haqidagi nazariyani ishlab chiqqan edi. Bular: aromorfoz, idioadaptatsiya, senogenez va umumiy degeneratsiya. Evolutsiyaning morfologik qonuniyatlarini o’rganar ekan, A.N.Seversov tirik organizmlardagi barcha o’zgarishlar tashqi muhit o’zgarishlari asosida sodir bo’ladi deb aytadi. O’z nazariyalarini mana shu dalil asosiga quradi.

Aromorfoz

Organizmlar hayot darajasining umumiy yuksalishiga olib keladigan ularning tuzilishidagi evolutsion progress xususiyatiga ega o’zgarishlarni Seversov aromorfoz deb ataydi. Aromorfoz bu hayot faoliyatining yuksalishi va tizimlarning murakkablashuvi bilan bog’liq jarayon. Olim aromorfoz o’zgarishlarga misol sifatida umurtqali hayvonlarda qon aylanish sistemasining umurtqasizlarnikidan farqli ravishda qayta hosil bo’lishi (to’rt kamerali yurak, katta va kichik qon aylanish doirasi), nerv tugunlari (gangliylar) hosil bo’lishi bilan bog’liq nerv sistemasining murakkablashuvi, turli darajadagi yangi taksonlarning hosil bo’lishi kabilarni keltiradi. Aromorfoz o’zgarish organizmlar uchun xususiy bo’lmay, u juda katta sistematik taksonlarga tegishli hisoblanadi. Eng keng tarqalgan o’zgarishlar esa idioadaptatsiyaga misol bo’ladi deb tushuntiriladi.

Idioadaptatsiya

Idioadaptatsiya (yana bir nomi allomorfoz) ni tushuntirishda Seversov uning umumiy bo’lmay, balki xususiy o’zgarish ekanligini, ajdod organizm yashash uchun kurashda tirik qolish uchun o’z turiga xos, o’zgarish hosil qilishini aytadi. Olimning qayd etishicha, idioadaptatsiya evolutsiyaning o’ziga xos yo’nalishi bo’lib, uning hosil bo’lishi oqibatida bir-biriga yaqin hayvon turlari turli geografik hududlarga yashaydi. Masalan, bo’risimonlar oilasining vakillari biogeografik jihatdan Arktikadan to ekvatorgacha bo’lgan hududlarda tarqalgan. Ularning bunday keng miqyosda tarqalishiga ulardagi turli xildagi idioadaptatsiyalar sabab bo’lgan, shu bois ular orasida raqobat kamayib boradi. Idioadaptatsiyalarning hosil bo’lishi ushbu oila vakillarining keng maydonlarda yashashiga, ularning soni ortib borishiga va shuning oqibatida oila progress rivojlanishga erishishiga olib kelgan.

A.N.Seversov idioadaptatsiyaning quyidagi turlarini farqlab ko’rsatadi:
Shakli bo’yicha: suvda yashovchi organizmlar tana shaklining suyri shaklda bo’lishi (suv qo’ng’izlari, baliqlarda).
Rangi bo’yicha:
1) himoya rangi (kaltakesaklar, buqalamun, sakkizoyoq)
2) ogohlantiruvchi rang (qizil rangli hasharotlar, ari)
3) mimikriya (jizildoq pashsha)
Ko’payish bo’yicha: kakku tuxumini boshqa qushlar uyasiga qo’yib ketishi, chigirtkalar tuxumlarini yerdagi maxsus ko’zachalarga qo’yishi
Harakatlanishi bo’yicha: suv qushlari, morj, tyulenlarning suzishga yordam beruvchi tuzilmalari; qushlardagi uchishga yordam beradigan ikki marta nafas olish, naysimon suyaklar ichining havo bilan to’lgan bo’lishi.
Yashash muhitiga moslanishi bo’yicha: teri osti yog’, mavsumiy tullash va h.k.

Umumiy degeneratsiya

A.N.Seversov aromorfoz va idioadaptatsiyadan farqli ravishda rivojlanish yo’lida o’zining u yoki bu organlar sistemasidan voz kechgan organizmlarning rivojlanish yo’nalishini umumiy degeneratsiya (yana bir nomi katamorfoz) deb atadi. Seversovning hisoblashicha umumiy degeneratsiya organizmlarning morfologik regressga uchrashi bilan bog’liq. Bunda organizm faol hayot siklidan passiv hayot tarziga o’tadi. Masalan, ikki pallali molluskalarda voyaga yetgan vakillarining passiv oziqlanish hayot shakli ularda boshning yo’qolishiga, lentasimon chuvalchanglarning parazit hayot kechishi esa ovqat hazm qilish organlarining yo’qolishiga olib kelgan.

Zamonaviy ilm-fan nima deydi?

Yuqorida sanaganlarimiz A.N.Seversovning organizmlar tadrijiy rivojlanishining uch yo’nalishi faqatgina rus tilidagi adabiyotlardagina uchraydi xolos. Ushbu ilmiy atamalarni xalqaro miqyosdagi ilmiy adabiyotlarda deyarli uchratmaysiz. Ayni kundagi olimlarning e’tirof etishlaricha real hayotda organizmlar rivojlanishidagi o’zgarishlarni Seversov ajratgandek aromorfoz, idioadaptatsiya kabi alohida yo’nalishlarga ajratish uchun yetarlicha asoslar mavjud emas. Tabiatda aromorfoz yoki idioadaptatsiyaning yaqqol chegarasini topib bo’lmaydi. Shu bois Seversovning evolutsiyaning morfologik rivojlanish nazariyasi sun’iy bo’lib, uni tabiatda yaqol uchratish mumkin emas. Seversov nazariyasidagi aromorfoz, idioadaptatsiyaga oid belgilarni faqatgina postfaktum ko’rsatish mumkin. Bu degani organizmdagi o’zgarishlarni o’sha vaqtning o’zida u yoki bu guruhga ajratishning imkoni mavjud emas, uzoq vaqtlardan keyingina organizmlardagi o’zgarishlarni bu aromorfoz yoki bu idioadaptatsiya yohud umumiy degeneratsiya kabi yo’nalishlarga shartli ravishda farqlash mumkin bo’ladi.

Shunday bo’lsada, hozirgi kunda ham ayrim rus biologlari (L.E.Grinin, A.V.Korotayev) Seversov nazariyasini o’z ilmiy ishlarida faol qo’llab kelishadi. Lekin xalqaro toifadagi ilmiy doiralardagi tadqiqotlarda Seversovning qarashlari deyarli uchramaydi.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Muallif haqida

Izohlar

  1. Ichthyologist Akbarjon Rozimov
    Ichthyologist Akbarjon Rozimov 4 Iyul, 2019, 17:55

    Senogenez tipdagi progressda shaxsiy o‘zgaruvchanlik kuzatiladimi ?

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.