Atlas tovusko’zi (Attacus atlas) tangachaqanotlilar turkumiga mansub dunyodagi eng yirik kapalaklardan biri hisoblanadi. Qanotlarini yoyganda ularning o’lchami 25-30 sm gacha yetadi. Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida tarqalgan, jumladan uni Janubiy Xitoy, Tailand, Indoneziya, Kalimantan, Yavaning kam yomg’ir yog’adigan tropik va subtropik o’rmonlarida uchratish mumkin.
Ushbu kapalaklarning o’g’iz organi rivojlanmagan, shu bois oziqlanmaydi. Qurtlik davrida jamg’argan ozuqasi hisobiga yashaydi. Urg’ochilari erkaklariga qaraganda nisbatan yirik bo’ladi. Urg’ochilari odatda g’umbakdan chiqqanidan so’ng uzoqqa ketmaydi. Erkaklarini jalb etish uchun qorin qismining uchki tomonidagi bezlardan maxsus feromonlarni ishlab chiqaradi. Erkagi mo’ylovlaridagi xemoretseptorlar yordamida bir necha kilometrlardan urg’ochisining hidini tanib, topib keladi. Urug’langan urg’ochi kapalak barglar ostiga diametri 2,5 mm bo’lgan tuxumlarini qo’yadi.
Ikki haftalardan keyin tuxumdan chiqqan lichinka faol harakatlanib sitrus daraxtlarning barglari bilan oziqlanishga kirishadi. Lichinka 11,5 sm gacha o’sadi. Lichinkaning tashqi tomonida oq tikanaklari bo’ladi. Voyaga yetgan qurt daraxtga chiqib, 7-8 sm li pilla to’qiy boshlaydi. Pilla ichida g’umbakka aylanib, 4 haftadan keyin imago (voyaga yetgan hasharot) bo’lib chiqadi.
G’umbakdan chiqqan yetuk hasharot ancha nimjon bo’lib, kuchini tejash maqsadida kunduzlari uchmaydi. Asosan tunda faol harakatlanadi. Ularni yilning istalgan vaqtida uchratish mumkin, lekin asosan sentabr-yanvar oylarida ko’p uchraydi. Og’iz organlari rivojlanmaganligi uchun tanasidagi yog’lar hisobiga ko’payish uchun sherigini topib ko’paygunigacha bir necha kun davomida yashay oladi.
Hindistonda ushbu kapalakning qurtlari xonakilashtirilgan bo’lib, uning pillasidan o’ziga xos jigarrang, mustahkam ipak olinadi. Atlas tovusko’zining ipagi fagara ipagi deb nomlanadi. Tayvanda esa ushbu kapalak pillalari ayollarning mayda katmonlari sifatida qo’llaniladi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.