Masxaraboz baliqlarning ultrabinafsha nurlarni ko’ra olishi aniqlandi
Dunyoga mashhur Scientific Reports ilmiy jurnalida kecha chop qilingan maqolada Avstraliyaning sharqiy qirg’oqlarida joylashgan Buyuk baryer riflarida yashovchi Baryer rif masxaraboz balig’i (Amphiprion akindynos) ning ultrabinafsha nurlarni ko’ra olishi, ushbu nur yordamida u o’z ozuqasi va o’z “do’stlari”ni ajrata olishi aniqlanganligi haqida so’z boradi.
Masxaraboz baliqlar Pomacentridae oilasining Amphiprioninae kenja oilasiga mansub baliqlar bo’lib, ularni tanasidagi sariq va oq rangdagi dog’lardan osongina ajratib olish mumkin (Nemoni eslang!). Bu baliqlar doimiy ravishda dengiz aktiniyalari bilan simbiozlikda hayot kechiradi.
Tadqiqotchilarni ushbu baliqlarning yashash muhitidan kelib chiqib qanday ko’rishi juda qiziqtirgan. Tadqiqotchilar dastlab maxsaraboz baliqning ko’rish jarayonini nazorat qiluvchi gen va undan sintezlanadigan oqsilga e’tibor qaratishgan. Boisi ko’rish jarayonida hosil bo’ladigan oqsildan foydalangan holda organizm qabul qila oladigan yorug’lik to’lqinini aniqlash mumkin. Tajribada aniqlanishicha, maxsaraboz baliqlarning ko’zlaridagi fotoretseptor yorug’likdagi binafsha rangni va ultrabinafsha nurni farqlay olishadi. Ushbu xususiyat ularga o’z sheriklari bo’lgan boshqa masxaraboz baliqlarini va o’zlarining doimiy yashaydigan aktiniyalarini osongina tanib olish imkonini beradi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha ushbu baliqlar suv yuzasiga yaqin bo’lgan pelagik muhitda yashaydilar. Bunday chuqurlikka ultrabinafsha nurlar bemalol tusha oladi, bu nur aktiniyalarning o’sishda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa maxsaraboz baliqlar ultrabinafsha nurini yuta oladigan zooplanktonlar bilan oziqlanadilar. Bunday zooplanktonlar umumiy fonda baliqqa qora nuqtalar ko’rinshida ko’rinadi va baliq ularni osongina farqlab oladi.
Baliq tanasidagi oq rangli dog’lar ultrabinafsha nurlarni o’zida akslantirgani bois ham maxsaraboz baliqlar o’z turdoshlarini boshqa baliqlar ichidan farqlay oladilar. Maxsaraboz baliqlar bilan oziqlanuvchi boshqa yirik yirtqich baliqlar ushbu nurni ko’ra olmaydi va bu jihatdan maxsaraboz baliqlar ustun turadi va o’z dushmanidan osongina qochib keta oladi.
Bundan avvalgi maqolalarimizda baliqlarning xotirasi haqida ma’lumot bergan edik.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.