Jannat qushlari

Jannat qushlari

Tirik tabiatning eng ajoyib mo’jizalaridan biri bo’lgan qushlar ichida jannat qushlari (Paradisaeidae) deb nomlanuvchi chumchuqsimonlar turkumiga mansub qushlar oilasi mavjud. Siz ular haqida oz bo’lsa ham ma’lumotga egasiz. Bugun ushbu qushlar haqida biroz batafsil tanishib chiqamiz.

Ushbu oilaga mansub qushlarning narlarida jinsiy dimorfizm kuchli rivojlangan bo’lib, ushbu qushlar o’zlarining nihoyatda chiroyli va turli rangdagi patlari, ovozi, boshidagi tojlari bilan moda qushlardan keskin farqlanib turadi. Gill F. va Donsker D. tomonidan tashkil etilgan Xalqaro qushlar ro’yxati katalogining 2018 yilgi jadvalida ushbu qushlarning ayni vaqtda yer yuzida 16 urug’ga mansub 43 turi mavjud ekanligi haqida yozilgan. Ushbu turlarning 38 turi faqatgina Yangi Gvineya orollarida uchraydi.

Vakillari

Ushbu oilaning eng kichik vakili qirol jannat qushi (Cicinnurus regius) bo’lib, uning uzunligi 15 sm, og’irligi 50 g atrofida bo’ladi. Eng yirik vakili jimjimador monukodiyaning (Manucodia comrii) uzunligi esa 44 sm ni, og’irligi 430 g ni tashkil etadi. Bu turlarning ikkisi ham TMXI ro’yxatiga kiritilgan.

Dimorf turlarda urg’ochilarining deyarli barchasida patlarning rangi kulrang rangda bo’lib, narlardan farqli ravishda ko’zga tashlanmaydi. Yosh nar qushlar yetti yilda voyaga yetadi, mana shu davrgacha ularning aksariyati moda qushlarniki kabi patlarga ega bo’ladi, voyaga yetgach esa turli rangli patlar bilan almashinadi. Bu esa ularni voyaga yetguncha yirtqichlar ko’zidan panada bo’lishiga yordam beradi.

Jannat qushlari ozuqasining asosini turli mevalar, bo’g’imoyoqli umurtqasizlar tashkil etadi, ayrim turlari esa gul nektari, kichik umurtqalilar bilan oziqlanadi.

Jannat qushlarining eng e’tiborli jihati shundaki, ularning narlari ko’payish mavsumida moda qushlar e’tiborini jalb qilish uchun turli raqslar va kuylarni ijro etishadi. Moda qushlar esa nar qushning raqsi va ovoziga qarab o’ziga juft tanlaydi. Yirik vakillari odatda bitta, mayda vakillari esa 2-3 ta tuxum qo’yadi. 16-22 kunda tuxumdan chiqqan yosh jo’jalar uyani bir oydan so’ng tark etadi.

Charlz Darvinning do’sti Alfred Rassel Uolles 6 yil davomida Avstraliya zoogeografik hududida yashab, o’rganganlari natijasida o’zining mashhur “Malay arxipelagi” (1869) nomli asarini yozadi va unda jannat qushlari haqida juda ko’p ma’lumotlarni keltirib o’tadi.

Jannat qushlarining patlari nihoyatda chiroyli bo’lgani uchun ularni qadimdan ovlashga bo’lgan qiziqish katta bo’lgan. Bu o’z navbatida qushlarning tur va individ soni kamayishiga, ular yashaydigan hududlar maydoni keskin qisqarib ketishiga olib keldi. Hozirda jannat qushlarining ko’pgina turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan bo’lib, ularni ovlash taqiqlanadi.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.