Fanga chuqur kirib bormagan kishiga hamma narsa kashf qilib bo’lingan, hamma muammolar o’rganilgan, tadqiq etish mumkin bo’lgan narsalar juda ozdek tuyuladi. Aslida fanga qanchalik chuqur kirib borgan sari uning har bir qismida o’z yechimini kutib yotgan minglab holatlarga guvoh bo’lasiz. Ayniqsa biologiyaning taksonomiya sohasida ayrimlar aytganidek hamma narsa o’rganib bo’linmagan, hatto o’rganilganlari ichida ham muammoli holatlar juda bisyor. Bugun taksonomiyada keng uchrab turadigan «incertae sedis» jumlasi bilan tanishamiz.
Insertae sedis – bu lotincha so’z bo’lib, «noaniq holat» degan ma’noni bildiradi. U taksonomiyada biror bir taksonning taksonomiyadagi aniq o’rni mavjud bo’lmagan holatda qo’llaniladi.
Bir necha omillarga ko’ra biror bir takson incertae sedis holatida bo’lishi mumkin:
Ma’lumotning yetishmasligi sabab
Ayrim taksonlar (tur, urug’, oila va hatto turkum) haqida ba’zida ularning aniq taksonomik o’rnini belgilashda yetarlicha ma’lumotning yo’qligi bois ular incertae sedis holatida bo’ladi. Odatda bunday holat qazilma holdagi topilmalar bilan tez-tez yuz beradi. Masalan, qazilma holdagi bir hasharot turi topildi, u qoidaga binoan binominal nomladi: Aus bus, Coleopterata incertae sedis. Bu degani Aus bus nomli topilma aniq qattiqqanotlilar turkumiga kiradi, lekin uning turkum ichidagi o’rni noaniq holatda. Bir qarashda hammasi tushunarlidek, topilma hasharot qattiqqanotlilar turkumiga kirar ekan, lekin maqomi incerta sedis, bu nima degani? Masalani yaxshiroq tushunishingiz uchun biroz ichkariga kiramiz. Qattiqanotlilar turkumi 2011-yilgi ma’lumotga ko’ra 4 ta kenja turkum, 24 ta katta oila, 211 oila, 541 kenja oila, 1663 triba va 740 kenja tribalardan iborat. Bizning Aus bus mana shu sistematik birliklarning qaysi biriga mansubligi noaniq, shu bois ham u incertae sedis maqomida turibdi. Yetarlicha ma’lumotlar topilgach uning oilasi, tribasi va boshqa aniq o’rni ma’lum bo’ladi va u hozirgi noaniq maqomidan chiqadi.
Mutaxassislar orasida konsessusning yo’qligi incertae sedis ga sabab bo’ladi
Ayrim holatlarda bir organizm guruhi haqidagi taksonomik adabiyotlar turli mualliflar tomonidan turlicha talqin qilinadi, har bir muallif o’zining asosini keltiradi, dunyo bo’yicha tor soha mutaxassislari orasida ushbu taksonlar haqida umumiy kelishuv mavjud bo’lmaydi va natijada takson incertae sedis maqomida qoladi. Masalan, suyakli baliqlar (Teleostei) infrasinfi turkumlarga bo’linishidan avval bir nechta kohorta va katta turkumlarga bo’linadi. Misol uchun ko’pchiligimiz bilgan karpsimonlar (Cypriniformes) turkumi Otocephala kohortasi, Ostariophysi katta turkumiga kiradi. Shunday bo’lsa-da suyakli baliqlarning soxta uzundum baliqlar (Ateleopodiformes), kaltakesak baliqlar (Aulopiformes), yaltiroq anchouslar (Myctophiformes), lapmrissimonlar (Lampriformes) kabi turkumlari incertae sedis maqomida turadi, boisi ularning qaysi kohorta yoki katta turkumga mansubligi haligacha munozaralar mavzusi bo’lib kelmoqda.
Yana bir yorqin misol bu Yangi dunyo tasqaralari yoki Amerika kondorlari (Cathartidae) oilasi bo’lib, hali hanuz qushlar (Aves) sinfi ichidagi incertae sedis maqomida turadi. Boisi ularning yo kunduzgi yirtqich qushlar turkumiga yoki alohida mustaqil Cathartiformes turkumiga mansubligi hamon mavhumligicha qolmoqda.
Bundan avvalgi maqolamizda baliqlarnign oxirgi taksonomik holatini qanday tekshirish mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.