Partenogenez-otalanmagan tuxum hujayradan zigotaning hosil bo’lishi. Aslida ham shundaymi?
Mehrinoz Suvonova
Jizzax davlat pedagogika instituti
biologiya o’qitish metodikasi 2-bosqich talabasi
Partenogenez – degan tushunchani eshitishimiz bilan ko’pchiligimizning xayolimizda urug’ hujayralarning ishtirokisiz tuxum hujayradan yangi organizm hosil bo’lishi haqida tasavvur paydo bo’ladi. Bugungi maqolamizda ana shu tasavvurning qanchalik to’g’ri ekanligi haqida fikr yuritamiz.
Tabiatda partenogenez hodisa sodir bo’lishini 1762-yilda Shveysariyalik tabiatshunos Sh. Bonne o’simlik shira bitlarida kuzatgan. Tabiiy partenogenez hodisani ko’p hollarda tuban umurtqasizlarda kuzatishimiz mumkin. Yana kam hollarda suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlarda ham uchraydi. Partenogenez lotincha «parthonos»-bokira, qiz holida «genez»-tug’ish, tug’ilish degan ma’noni anglatadi. Ya’ni otalanmagan tuxum hujayradan yangi organizmning hosil bo’lishidir.
Yuqoridagi fikrlarga qarama-qarshi holatda partenogenezning androgez degan turi ham borki, unda yangi organizm urug’ hujayralarning yadrolari hamda tuxum hujayraning sitopazmasi qo’shilishi natijasida paydo bo’ladi. Bu holatda tuxum hujayraning yadrolari nobud bo’ladi. Tuxum hujayraga 2 ta spermatozoid kirib, yadrolari qo’shiladi va diploid to’plamli zigota hosil bo’ladi. Masalan, tabiatda tut ipak qurtida hamda asalarilarda shunday holatni kuzatishimiz mumkin. Androgenez usulda ko’payadigan organizmlardan faqat erkak individlar rivojlanadi. Bundan tashqari organizmlar jinsiy ko’payganda faqat tuxum hujayra yadrosidan yangi organizm rivojlanadi. Partenogenezning bu turi esa ginogenezdir. Demak, bu jarayonda urug’ hujayralar umuman ishtirok etmas ekanda deb o’ylaganlar, xulosa chiqarishga shoshilmang.
Ginogenezda urug’ hujayra tuxum hujayra ichiga kiradi. Ammo, tuxum hujayra yadrosi bilan qoshilmaydi balki, tuxum hujayraning taraqqiy etishi uchun uni faollashtiradi. Bunda spermatozoidning tuxum hujayraga kirishi agent vazifasini bajaradi. Ba’zi bir organizmlarda zigotaning rivojlanishi uchun aynan o’zining turiga tegishli urug’ hujayra bo’lishi shart emas. Masalan, kumushsimon karas balig’ining tuxum hujayralariga sazan balig’ining spermatozoidlari kirib, zigotaning hosil bo’lishiga turtki bo’ladi. Hamda hosil bo’lgan organizmda faqat karas uchun xos belgilar rivojlanadi. Ginogenez usulida ko’payishda faqat urg’ochi individlar shakllanadi. O’z-o’zidan bu usulda hosil bo’lgan zigotada to’plam qanday bo’ladi? Agar, diploid bo’lsa, u qanday sodir bo’ladi? -degan savollar tug’ulishi tabiiy. Hosil bo’lgan zigota, albatta, diploid to’plamli bo’ladi. Bunda ovogenez jarayoning yetilish zonasida sodir bo’ladigan meyoz juda katta ahamyatga ega. Ya’ni meyoz jarayonining 1-bosqichi xuddi mitoz bo’linishdek sodir bo’ladi. Natijada, hosil bo’lgan tuxum hujayrada diploid to’plam saqlanib qoladi yoki tuxum hujayra yetilish zonasida hosil bo’lgan yo’naltiruvchi tanachalarning birini o’ziga biriktirib olib diploid to’plamni tiklaydi.
Yuqorida aytilgan barcha hodisalar tabiatda tabiiy holatda sodir bo’ladi. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, partenogenez deganda erkak organizm ishtirokisiz faqat urg’ochi organizm gametasining o’zidan yangi organizm hosil bo’ladi,- deb tushunmasligimiz kerak. Partenogenez hodisasi tabiatda organizmlarning jinslar nisbatini tartibga solishda ahamyatlidir. Ona tabiatimiz shunchalik mukammal tuzilganki, sir -sinoatlarga va ajoyibotlarga juda ham boydir. Ularni o’rganishdan charchamaylik.
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.