Fanimiz tarixidagi qahramonona tajribalar

Gulmira Berdiyeva
Buxoro viloyati Vobkent tumani
11-maktab biologiya fani o’qituvchisi

Biologiya hayot haqidagi fan bo’lib, juda qiziq va murakkab fan. Fanimiz g’aroyib ajoyibotlarga, flora va faunaga boyligi, olimlarimizning hayratona tajribalari bilan boshqa fanlardan ajralib turadi. Biologiyada keltirilgan har bir ma’lumotning negizida olimlarimizning chuqur o’rganilgan tajribalari yotadi. Fan tarixida qahramonona tajribalar deya nom olgan tajribalarning bir nechtasini taqdim etmoqchiman.

Zaharlanishga to’g’ri keldi

Avstraliyalik olimlar Robin Uorren va Barri Marshall 1982 yilda odam oshqazoni shilliq pardasining Helicobacter pylori bakteriyasini topishgan. Va gastrit hamda oshqazon yarasining sababi stress yoki o’tkir taomlar emas, aynan bakteriyalar ekanligi to’g’risidagi taxminni ilgari surishgan. Bu bilan hamkasblarining kulgusiga sabab bo’lishgan. Shunda g’azabi qo’zigan Marshall probirkadagi bakteriyali suyuqlikni ichib yuborgan. Tez orada u gastrit bilan kasallangan va ishonmaganlarga uni namoyish etgan. Natijada olimlarning kashfiyoti tan olindi va 2005 yilda ular Nobel mukofotiga sazovor bo’lishdi.

O’limga teng yosharish

Rus transfiziologiyasi asoschisi Aleksandr Bogdanov qon quyish muolajasi inson organizmini yoshartiradi va og’ir kasalliklarni davolashi mumkin, deb hisoblagan. 1926 yildan 1928 yilgacha u o’zida 11marta qon almashtirish muolajasini o’tkazgan va o’zini ajoyib his qilayotganini aytgan. 12-martasida esa fojea yuz bergan. Bogdanov silga chalingan talaba bilan qon almashgan. Olim unga o’z immunitetini o’tkazishni istagan. Va, aftidan, o’tkazgan ham. Natijada talaba tirik qolgan, tajribachi vafot etgan. Hozir taxmin qilish mumkinki, qon rezus-faktorning mos kelmasligi Bogdanovni o’limga olib borgan. O’sha paytlari rezus-faktor haqida hech narsa bilishmagan-da.

“Ko’ramiz, quturishdan o’larmikinman”

Lui Paster quturishga qarshi vaksinani yaratgan. Lekin ancha vaqtgacha uni ishlatishga qo’rqishgan – ayniqsa, odamni tishlagan itning quturgan yoki quturmaganligi noaniq bo’lgan hollarda. Mabodo, it sog’lom bo’lib chiqsa vaksina tufayli o’lib qolishdan qo’rqishgan. Paster o’ziga o’zi ukol qilib, vaksinaning xavfsiz ekanligini isbotlashga qaror qilgan. Lekin so’nggi pallada qo’rqqan. Shunda uning hamkasbi – vrach Emmerix Ulman shunday tajribaga rozilik bildirgan. Ko’ylagini yuqori ko’tarar ekan, “ko’ramiz, quturishdan o’lamanmi yoki yo’qmi” degan u bamaylixotir. Ulman tirik qolgan. Bu esa Paster vaksinasining keng tarqalishiga yordam bergan.

Tajriba quyoni bo’lganlar

Rus olimi Fyoder Talizin qoramol gijjasi bilan og’rish alomatlari va jarayonini o’rganish uchun 1940 yillarda gijjaning ikkita tirik lichinkasini yutub yuborgan. Oradan to’rt oy o’tgach, uning ichaklarida umumiy uzunligi 9metru 80santimetr bo’lgan ikkita chuvalchang yashayotgani aniqlangan.

Londondagi Imperiya kolleji mutaxasisi Pirs Mitchell xochga mixlangan odam qanday hislarni boshdan kechirishini shaxsan o’zida sinab ko’rgan.

Yangi diagnostic usullarni ishlab chiqish uchun nemis jarrohi Verner  Forsman 1929 yilda venasi orqali o’z yurak bo’shlig’iga kateter kirgizgan. Buning uchun 1956 yilda Nobel mukofotini olgan.

1933 yilda Jenevalik vrach va zoolog Jak Ponto ilon zahriga qarshi o’zi yaratgan zardobni sinash uchun uchta ilonga o’zini chaqtirgan. Tirik qolgan.

Shved kimyogari Karl Shelle 1782 yilda sianid kislotasini kashf etgach, uning ta’mini ta’tib ko’rgan va jon bergan.

Fransuz vrachi Nikolaus Minovitsi bo’g’ilganda paydo bo’ladigan hissiyotlarni o’zida sinash uchun 1905 yilda o’zini arqonga osgan va yordamchilaridan sekundomer bo’yicha ahvolini tasvirlashni so’ragan.

Vrach Shabsay Moshkovskiy esa ‘beri-beri’ kasalligi (B1vitamini yetishmasligi tufayli rivojlanadi) sababi to’g’risidagi taxminlarini tekshirish uchun faqat guruch bilan ovqatlangan. Uning taxmini to’g’ri bo’lib chiqqan. Biroq u ancha keyin – 87yoshida hayotdan ko’z yumgan.

Muxtasar qilib aytganda har bir fanning ilmiy ma’lumotlari asosida mukammal o’rganilgan tajribalar yotadi. Fan rivoji oldida ana shunday tajribalarni hayoti uchun xavfli ekanligini bilsada, hech ikkilanmay o’tkazgan olimlarimizga tasanno demasdan ilojimiz yo’q.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.