Pomidorning kelib chiqishi to’g’risidagi afsonalar

Ochilov Behruz 
Samarqand davlat universiteti
biologiya yo’nalishi 4-bosqich talabasi

Hozirgi kunga kelib o’zining qimmatli va dietik xususiyatlari bilan butun jahonda eng keng yetishtiriladigan o’simlik bu –pomidordir. Pomidor o’simligi haqida hamma eshitgan bo’lsa kerak, lekin uning kelib chiqishi haqidagi afsonalarni esa ko’pchilik bilmasa ham kerak. Shuning uchun men sizlarga pomidor haqidagi ajoyib ma’lumotlarni keltirib o’taman:

Morfologiyasi

Pomidor (Solanum lycopersicum) – ituzumdoshlar oilasi vakili bo’lib, 2- 3 metrgacha o’sa oladigan bir yillik, tropik iqlimlarda esa ko’p yillik o’simlikdir. Pomidor poyasi va barglarini tuzilishiga qarab 3 xilga bo’linadi:

Shtambli – poyasi yo’g’on, kam shoxlanuvchan, hatto mevalari bilan ham tik turuvchi.

Shtambsiz- poyasi ingichka, kuchli shoxlanuvchan, mevasi og’irligi ta’sirida yotib qoladigan.

Kartoshkasimon- yirik bargli.

Shuningdek pomidor poyasi determinant (asosiy poya va yon shoxlari mo’tadil o’sib, to’pgul hosil qilish bilan tugaydi) va indeterminant (asosiy poya kuchli o’sishi bilan farqlanadi, yon shoxlari olib turilganda 2-3 metrgacha o’sishi mumkin) turlarga bo’linadi. Determinant pomidor navlari ochiq dalaga ekilsa, indeterminant navlar asosan issiqxonalarda yetishtiriladi. Gulining urug’chisi ko’pchilik navlarda changchilardan iborat konusning ichida joylashadi, bu esa pomidorning 95% hollarda o’zidan changlanuvchi bo’lishini taqozo etadi. Ba’zan chetdan hasharotlar yoki shamol yordamida ham changlanishi mumkin. Pomidor yorug’sevar o’simlik. Mevasining og’irligi 50 gr dan 1000 gr gacha bo’lib, shakli yumaloq, yumaloq-yassi, noksimon, olxo’risimon bo’lishi mumkin.

Kelib chiqishi

Pomidorning asl vatani Meksika bo’lib, keyinchalik Peru, Chili va Ekvadorda yetishtira boshlagan. Ispanlar Amerikada mustamlakalar o’rnata boshlagandan so’nggina butun dunyoda tarqala boshladi. Pomidor Yevropaga yevropalik savdogarlar tomonidan dastlab, Ispaniya, Portugaliya, keyinchalik Italiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga ham olib kelingan. Dastlab u xonadonlarda, hovlilarda xushmanzara gul sifatida tuvaklarda o’stirib, parvarish qilishgan. O’rta Osiyoga esa ilk bor XIX asrda o’z davrining yirik ishbilarmoni Afzalxo’jaboy, Muhammadsiddiqboy va Saidazimboylar tomonidan Rossiyadan olib kelingan. . Ilmiy terminologiyada tomat nomi ishlatilsa-da, O’zbekistonda o’simligi ham, mevasi ham pomidor yoki xalq orasida “pamildori” deb yuritiladi XVI asrda Yevropa mamlakatlarida mazasini tatib ko’rib, ilk ijobiy bahoni bergan italyalik biolog olimlar, bu ajoyib mevaga “pomidor” – “oltin olma” nomini berishgan. Aynan italyaliklar pomidorni qalampir, piyoz, sarimsoq bilan yeyishni udum qilish bilan birga turli taomlarga qo’shimcha sifatida iste’mol qilishni yo’lga qo’yishgan.

Pomidor hozirgi kunda inson oziq- ovqatlari ichida o’ziga xos o’ringa ega bo’lib, har bir stolda pomidor yoki uning mahsulotlarini ko’rishimiz mumkin. Pomidor dastlab kashf qilingan paytda uni zaharli sabzavot deb bilishgan va uni iste’mol qilishdan qo’rqishgan. Bilamizki, pomidor ituzumdoshlar oilasi vakili bo’lib, bu oilada juda ko’p zaharli o’simlik turlari borligi uchun pomidorni ham turdoshlari kabi zaharli deb bilishgan.

Pomidorning kelib chiqishi haqidagi qiziqarli faktlar

Pomidor haqida ko’p mif va afsonalar bor bo’lib, pomidor zaharli haqidagi mish-mishlar 1820-yildan boshlangan va o’shanda pomidor zaharli degan xulosaga kelishgan.

Eng taniqli afsonalar haqida hatto 1949- yilda ko’rsatuv ham tayyorlashgan. Bu ko’rsatuvda pomidorning foydali yoki zaharli ekanligi to’g’risida bahslashishgan.

Amerikalik polkovnik Robert Gibbon Jonson pomidorni zaharli emasligini isbotlamoqchi bo’ladi va

1820- yilning 26 – sentabrida Nyu-Jersidagi “Salema” deb nomlangan sud binosi oldida bir savat pomidorni yeyishga va’da beradi. Buni ko’rish uchun 2000 ga yaqin odam kelgan. Palkovnik bir savat pomidorni yeb bo’lgach, unga hech narsa qilmaganini ko’rgan odamlar hayratda “yoqa tishlab qolishadi”, chunki odamlar “baxtsiz” polkovnik yeb o’ladi degan o’y bilan kelishgandi . Polkovnik pomidorning zaharli emasligini va shirin ta’mli ekanligini isbotlagandan so’nggina, ba’zi odamlar pomidorni ekib, o’stirishni boshlashgan.

Hattoki, XVIII asrda Daniyada pomidor inson xotirasini susaytiradi deb ishonishganligi to’g’risidagi ma’lumot ba’zi manbaalarda yozib qoldirilgan.

Rossiyadagi afsonalarning birida, aholining nazarida pomidor quturish va boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishadi deb o’ylashgan. Ma’lum vaqtlardan so’ng esa ular pomidordan ajoyib ovqat tayyorlanishini bilishgan.

Angliyalik taniqli vrach, botanik, London botanika bog’i rahbari J. Jerard pomidor mevalari va barglari zaharli deb o’ylagan va uning iste’molini Angliyada ta’qiqlagan, lekin J. Jerard bilardikim ayni o’sha vaqtda Italiya va Portugaliya aholisi pomidorni yeyishga yaroqli deb bilishgan. Shuning uchun, Jerard pomidorning aniq zaharli yoki zaharli emasligini bilish maqsadida, yeyishni taqiqlagan bo’lsada o’z botanika bog’ida pomidor yetishtirib, uning ustida ilmiy izlanishlar olib borgan. Aholi olimlarning fikriga shu qadar kuchli ishonishganki, ularni bergan ma’lumotlari tufayli pomidorni 2 asr davomida iste’mol qilmay, iste’molini XVIII asrga kelibgina boshlagan.

Hattoki, Amerika urushida komandir bo’lgan J. Vashingtonni ham uning oshpazi pomidor bilan zaharlamoqchi bo’ladi, ammo bu ish bermagach oshpaz qochishga qaror qilgan, lekin uni payqab tutib dorga osishgan.

 Yana bir afsonaga ko’ra Fransiya qiroli Lyudovik, Bastiliyada saqlanayotgan bir mahbusni bir oy pomidor bilan boqishni buyuradi. Qirol o’ylaydiki u ham zaharli o’simlikka o’xshab insonni o’ldiradi deb, afsuski mahbus 4 hafta davomida pomidor iste’mol qilsa hamki tirik qolgan, yangi uzilgan pomidorlarni yegan mahbus o’lmagan, aksincha sog’lig’i yaxshilangan. Bunday o’zgarishdan so’ng qirol hayratga tushadi va uni avf etadi.

Tur va navlari

Mevasining rangi qizil, pushti, sariq, binafsha, oq va hatto qora ham bo’lishi mumkin. Siz bu rangdagi pomidorlarning ko’pchiligini tatib ham ko’rgansiz, lekin qora pamidor haqida eshitib ensangiz qotishi mumkin. U haqida qisqacha ma’lumot: qora pomidor yoki kumato deyiladi. Kumato bu xususiyatlari bo’yicha pomidorga o’xshash, faqat uning rangi qoramtir jigarrang bo’lib, ancha shirinroq hisoblanib, kumatoning asl vatani Galapogoss orollaridir. Bu meva Yevropa bozorlariga kirib kelishgacha bo’lgan davrda Belgiyalik seleksionerlarning mashaqqati katta hisoblanadi. Bunda ular gen injeneriyasi qo’llagan holda pomidorning yovvoyi va xonaki turlarini chatishtirganlar. Kumato dastlab Avstraliyada ekila boshlagan. Porta Kekauro pomidor o’rniga sho’rva, salat, ketchuplarda kumatodan foydalanishni tavsiya qilgan. Avstraliyalik bog’bonlar kumatoni barcha jabhalarda pomidordan ko’ra foydali deb hisoblashadi. Kumato pomidorga qaraganda C vitaminiga boydir.

O’zbek seleksionerlari pomidorning kasallikka chidamli, serhosil, xorijga eksport qilishga mo’ljallangan navlarini yetishtirish ustida ishlar olib bormoqda. Hozirda ayniqsa “Mayoq”, “To’ng’ich”, “Mo’jiza0670”, “Sovg’a”, “Yusupov” kabi navlari tezpishar, mazali, sergo’sht, sersharbat ekani bilan xaridorgirdir.

Hozirda pomidorning 1000 dan ortiq navlari yaratilgan. Asosiy pomidor yetishtiruvchi davlatlar orasida birinchi o’rinda Xitoy (dunyoda pomidor ishlab chiqarishining 16% tashkil etadi) 45, 4 mln tonna, keyingi o’rinlarda AQSH (14, 14 mln tonna), Hindiston (11, 15 mln tonna), Turkiya (10, 7 mln tonna), Misr (10 mln tonna) hisoblanadi.

Bitta niholda ham pomidor, ham kartoshka

XXI asrdagi pomidor haqidagi eng shov-shuvli kashfiyotlardan biri bu, bitta niholda ham pomidor, ham kartoshka pishgan yangi gibridning yetishtirilishi bo’ldi desak adashmagan bo’lamiz. Bu gibrid ko’pchilikni hayratga solish, qiziqtirish bilan birga, ularda ko’plab savollarni ham paydo qildi. Menimcha sizda ham bunday xabarni eshitgan zahoti savollar va qiziqishlar paydo bo’ldi deb o’ylayman va bu gibrid haqida qisqacha ma’lumot berib o’taman.

Britataniyaning “Thomson &Morgan” kompaniyasi bog’bonlarining azaliy orzusi bo’lgan bu navda ustki hosili cherry pomidorlaridan, pastki ildizmevalari esa kartoshkadan iborat o’simlikni yaratishdi va buning urug’ini sotuvga chiqarishdi ham. Pomidor va kartoshka gibridiga “TomTato” (tomato – inglizcha pomidor; potato – kartoshka) nomini berishdi. Bu gibriddagi pomidorlarning kislotalilik darajasi to’g’ri, ammo ularning ta’mi odatiy yeydigan pomidorlarimizga qaraganda shirinroq, kartoshkasini esa bemalol ovqatga ishlatsa bo’ladi . Bu navni yetishtirish uchun mutaxassislar 15 yildan ortiq vaqtini ketkazganlar. Bu ikki tur vakillari ituzumdoshlar oilasiga mansubligi uchun simbiozi tabiiy o’xshashlik bilan shartlangan. Ishlab chiqaruvchilarning aytishiga ko’ra har bir o’simlik qo’lda payvand qilingan, ularda genetik modifikatsiyalangan komponentlar yo’q va asosiysi bu tabiiy va xavfsiz jarayondan iborat. “TomTato” ni issiqxonalarda ham, ochiq havoda ham yetishtirish mumkin ekan.

Kimyoviy tarkibi va ishlatilishi

Olimlarning ilmiy tekshirishlariga ko’ra pomidor tarkibida 95 % suv, miya faoliyatini yaxshilovchi – yod, fosfor, qon tomirlari devorini mustahkamlovchi, insult, infarktning oldini oluvchi- PP, immunitetni ko’taruvchi, kasallik oldini oluvchi – C vitamin, yurakka madad beruvchi – kaliy, suyak to’qimalarini mustahkamlovchi-kalsiy, ishtaxani ochuvchi – B6 vitaminlari bor. Shuningdek, bu ajoyib meva tarkibida organik kislotalar, limon kislotasi, temir tuzlari, mikroelementlardan-Ti, Cr, Sr, Mo bor bo’lib, ular semizlarni ozdirish, jigar, buyrak kasalliklarini davolovchi va kayfiyatni ko’tarish xususiyatlarga ega. Pomidor shuncha ham foydali bo’lish bilan zararli tomonlari ham bor ekan. Bod kasali bilan og’riganlarga pomidor tavsiya qilinmaydi.

Pomidorni iste’mol qilish o’t pufagida tosh paydo bo’lish hollarida, artritda, podagrada va buyrakda tosh paydo bo’lishi kabi kasalliklarda zararlidir, chunki uning tarkibida organik kislotalar bo’lgani sababli bunday holatda zarar yetkazishi, buyrakdagi toshlarni kattalashishiga ham sabab bo’lishi mumkin.

Pomidorni go’sht, tuxum, va baliqqa qo’shib iste’mol qilish mumkin emas.

Pomidor hozirgi davrda dunyoning har bir mamlakatida yetishtirilayotgan sevimli o’simliklardan biri hisoblanadi. Pomidorning bugungi kunga qadar bosib o’tgan yo’li juda uzoq muddatni tashkil etib, turli qit’alarga turli davrlarda kirib borgan, uning ommalashib borishi ham turlicha bo’lgan. Xususan hozirda O’zbekiston respublikasida har bir viloyat, tumanlarda pomidorning gidroponika usulida yetishtirish jadal suratlarda rivojlanib bormoqda. Xulosa qilib aytish mumkinki, har bir o’simlikning o’ziga xos ham foydali, ham zararli xususiyatlari bo’lib, biz uni qay holatda foydalanishimiz mumkinligini bilgandagina, u bizga foydali bo’ladi. Biz qachonki o’simlik haqida to’laqonli ma’lumotga ega bo’lsak, undan oqilona foydalanish imkoniyati oshadi. Bunday ma’lumotlarga ega bo’lish uchun, oldimizda turgan maqsadlarga yetishimiz va yuksak cho’qqilarni zabt etishimiz uchun avvalo o’qishimiz va uni uqishimiz zarurdir.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.