Suv ayg’irlari go’sht yeydimi?

Suv ayg’irlari go’sht yeydimi?

Juft tuyoqlilar turkumi begemotlar oilasiga mansub oddiy suv ayg’iri (Hippopotamus amphibius) hozirgi kunda faqat Afrika qit’asida uchraydi. Bugungi maqolamizda ushbu noyob hayvonlarning oziqlanish jarayoniga e’tibor qaratamiz.

Suv ayg’irlari o’simlikxo’r hayvonlar sirasiga kiradi. Lekin so’nggi vaqtlarda olimlar tomonidan ularni fakultativ yirtqich deb hisoblash taklif etilmoqda. Suv ayg’irlarining ozuqasi asosan suv bo’yida yoki quruqlikda o’sadigan o’simliklar hisoblanadi. Qiziqarli tomoni suvda o’suvchi o’simliklarni hech qachon iste’mol qilishmaydi. Ugandada olib borilgan kuzatishda suv ayg’irlari jami 27 turdagi o’simliklar bilan oziqlanishi aniqlangan. Ular suvdan tashqariga chiqib, atrofdagi o’simliklarni muguzlangan lablari bilan uzib olib yeyishadi. Ular bir kunda 70 kg gacha o’t yeyishi mumkin, lekin odatda o’rtacha 40 kg dan keyin yeyishdan to’xtaydi. O’rtacha hisobda o’z tana massasining 1,1 – 1,3 foiziga teng ozuqa yeydi.

Suv ayg’irlarining haddan tashqari uzun ichaklari (60 metrga yaqin) ozuqani bir necha bosqichda hazm qilish imkonini beradi. Shu bois ham boshqa yirik o’txo’r hayvonlarga (fil, karkidon) nisbatan suv ayg’irlarining ozuqa hajmi kam bo’lsada, ular ozuqani maksimal darajada o’zlashtiradilar. Doimiy to’dada yashashiga qaramasdan suv ayg’irlari yolg’izlikda oziqlanishni ma’qul ko’radilar. O’tlash vaqtida oldiga boshqa begemotlarning yaqinlashishiga yo’l qo’ymaydi. Lekin ko’pincha ona begemot o’tlash vaqtida o’z bolasini ergashtirib yuradi. Yangi tug’ilgan begemot bolalarining ichaklari steril holatda bo’lganligi bois ularda o’tlarni hazm qilishga yordam beradigan bakteriyalar bo’lmaydi. Yosh begemotchalar ona begemot axlatini yeyish orqali ushbu bakteriyalarni “yuqtiradilar”.

Oxirgi vaqtda begemotlarning yirtqichligi, go’sht iste’mol qilishi haqidagi ma’lumotlar paydo bo’lmoqda. Masalan, qo’riqxona kuzatuvchilari Tanzaniyaning Mara daryosi bo’ylarida begemotlarning Tomson bug’usini ovlagani va uni yegani haqida aytishgan. 1995-yilda esa Zimbabveda suv ayg’irlarining impala antilopalarini qanday ovlagani va yegani haqida gap tarqalgan. Efiopiyaning Kaffa viloyatidagilar esa begemotlar doimiy ravishda sigirlar to’dasiga tashlanib, ularga katta talofat yetkazayotgani haqida xabar qilishgan. Ayrim manbalarda esa begemotlar orasida kannibalizm hodisasi ham uchrashi haqida yozilgan.

Go’shtxo’r begemotlar

Olimlarning qayd etishlaricha begemotlarning oshqozoni va ichak tuzilishi go’shtni hazm qilishga moslashmagan. Lekin ulardagi bunday go’shtxo’rlik hayvondagi xulq-atvor buzilishi oqibatida yoki organizmdagi ayrim mineral moddalarga bo’lgan talab ortganda yuz berishi mumkin.

Bundan avval hayvon lichnkalari, ularning o’ziga xos xususiyatlari va ayrim hayvonlardagi lichinkalarning nomlanishi haqida maqola e’lon qilgan edik.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.