Tirik organizmlar klassifikatsiyasi

Tirik organizmlar klassifikatsiyasi

Tiriklikni ilmiy asosda o’rganish boshlanganidan beri turli olimlar tomonidan uni turli ko’rinishda tasniflashga harakat qilingan. Hozirda butun tiriklik olamini sistemaga solishda bir necha tamoyillarga amal qilinadi. Ayni damda tirik organizmlarning zamonaviy klassifikatsiyasi ierarxiya tamoyiliga asoslanadi. Ierarxiyaning turli darajalari turlicha nomlanadi. Ayni damda tirik organizmlar quyidagi asosiy birliklar bilan tasniflanadi: dunyo, tip yoki bo’lim, sinf, turkum, oila, urug’ va tur.

Ushbu sistematik tamoyil binar nomenklatura va ilmiy sistematikaga asos solgan shved olimi Karl Linney sharafiga Linney ierarxiyasi deb nomlanadi. Hozirga kelib sistematikaning dunyo birligidan ham katta birlik, ya’ni 1990 yilda Karl Vyoze tomonidan domen tushunchasi fanga kiritilgan.

Ushbu sistema bugungi kunda takomillashib 2 domen (eukariotlar va prokariotlar) va unga kiruvchi 7 dunyodan iborat. Quyidagi rasmda zamonaviy klassifikatsiya tizimining tadrijiy rivojlanish bosqichlarini ko’rishingiz mumkin.

Eukariotlar – hujayrasida shakllangan yadroga ega bo’lgan organizmlar.

Prokariotlar – hujayrasida shakllangan yadroga ega bo’lmagan organizmlar.

Hayvonlar – geterotrof oziqlanuvchi, aktiv harakatlanib hayot kechiruvchi organizmlar.

Zamburug’lar – geterotrof oziqlanuvchi, vegetativ tanasi mitselliy deb ataluvchi organizmlar.

O’simliklar – fototrof oziqlanuvchi, passiv harakatga ega bo’lgan organizmlar.

Xromistlar – hujayrasida xloroplastga ega boshqa eukariot organizmlarni tutuvchi eukariot organizmlar. Aksariyat qismi avtotrof, ayrim turlari esa geterotrof va saprofit holda oziqlanadi. Bularga quyoshlilar, infuzoriyalar va oxrofit suvo’tlari kabilar kiradi.

Protozoalar – erkin yoki parazit holda yashovchi bir hujayrali parafiletik kelib chiqishga ega bo’lgan eukariot organizmlar. Ilgari ularni bir hujayrali sodda hayvonlar deb atalgan. Bularga evglenalar, amyobalar, foraminiferalar, dinoflagellata kabilar kiradi.

Arxeylar – hujayrasida shakllangan yadro va membranali organoidlari yo’q organizmlar. Ilgari ular bakteriyalar dunyosining arxeobakteriyalar deb nomlanuvchi guruhini tashkil etar edi. Boshqa tirik organizmlardan o’zining mustaqil evolutsion rivojlanishi va o’ziga xos biokimyoviy xususiyatlari bilan farqlanadi. 1977 yilda K.Vyoze tomonidan bakteriyalar dunyosidan ajratilgan. Arxeylar tuzilishiga ko’ra bakteriyalarga yaqin tursa-da, ayrim genlari va metabolitik jarayonlari bilan eukariotlarga yaqin turadi. Asosan xemotrof usulda oziqlanadi.

Bakteriyalar – hujayrasida shakllangan yadroga va membranali organoidga ega bo’lmagan bir hujayrali organizmlar.

Bo'limlar: Umumiy biologiya
Atamalar: klassifikatsiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.