Ilonlar qurg’oqchilikdan keyin kamroq, yog’ingarchilikdan keyin esa aksincha ko’proq chaqishi aniqlandi
Yangi o’tkazilgan tadqiqot so’nggi 20 yillikda Kaliforniyada ilon chaqish holatlari avvaldan qayd qilinganiga teskari ravishda, yog’ingarchilik mavsumidan keyin ortishini ko’rsatdi. Bu haqida o’tgan haftada xalqaro Clinical Toxicology ilmiy jurnalida chop etilgan maqolada aytib o’tiladi.
Juda oz bo’lsa-da, ayrim ilmiy adabiyotlarda ilonlarning chaqish holatlari issiq ob-havo sharoitida ortishi haqida so’z boradi. Bu holatni ilonlarning ushbu vaqtda ozuqa qidirib yurishi va faol hayot tarzi bilan izohlash mumkin.
“Bizga avvaldan aytib kelinganidek yuqori haroratli mavsumda ilonlar chaqish holatlari ortishini ilmiy jihatdan isbotlab berishga qaror qildik. Lekin olingan natijalar butkul teskari holatni ko’rsatib turibdi”, – deydi Stenford kasalxonasi tez yordam bo’limi doktori Grant Lipman.
Tadqiqotning borishi
Doktor G.Lipman va uning hamkasblari Kaliforniya zaharlanishni nazorat qilish tizimi tomonidan 1997 va 2017 yillar oralig’ida shaqildoq ilon chaqishi oqibatida qilingan 5365 qaydni tekshirib chiqishgan. Qaydlarda chaqish kuni va vaqti; bemorning yoshi va jinsi; tananing qaysi qismi chaqilgani; murojaat qilingan joy; davo chorasi va tibbiy natijalar aks etgan. Bemorlarning o’rtacha yoshi 37 yoshni tashkil qilgan. Ularning aksariyati erkaklar bo’lib, voqea asosan uyda, hovlida ro’y bergan.
Chaqishlar asosan bahor va yoz oylarida, okrugning butalar ko’p o’sadigan hududlarida kuzatilgan. Mariposa okrugida 1 mln kishiga 96 chaqish to’g’ri kelgan bo’lsa, Santa-Klara okrugida bu ko’rsatkich 4 ga teng bo’lgan.
Shundan so’ng tadqiqotchilar mavjud holatlarni NASA va Qurg’oqchilikni kamaytirish milliy markazining iqlim o’zgarishlari qaydlari bilan solishtirib chiqishgan. Ajablanarli tomoni Kaliforniyada kuzatilgan qurg’oqchil mavsumda ilonlarning chaqish holatlarni nisbatan pastlagan, ayniqsa 2015-2016 yillarda kuzatilgan rekord darajadagi qurg’ochchilik yillarida keskin kamaygan.
“Albatta tadqiqotimiz kutilmagan natijalarni berdi va bu iqlim o’zgarishining mahsuli bo’lsa ajab emas. Tadqiqot natijalari asosida biz sodir bo’ladigan umumiy holatga oldindan tayyorlanishimiz, odamlar, ayniqsa sayyohlar ko’plab safar qiladigan joylarda antitoksin dori vositalari uchun oldindan moliyalashtirishni rejalashtirishimiz mumkin” – deydi bosh tadqiqotchi Kolorado-Boulder universiteti professori Kaleb Filip.
Olimlar ushbu ilmiy xulosalar ilonlar chaqish xavfini hech qachon kamaytirmasligini ta’kidlar ekan, zaharli ilonlarga duch kelgan vaqtda ular bilan olishmaslikni tavsiya qilishadi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.