Yirtqich baliq – piranya

Yirtqich baliq – piranya

Xaratsisimon (Characiformes) baliqlar turkumiga oid piranya oilasiga dunyo bo’yicha 97 tur baliq kirib, ularning deyarli barchasi Janubiy Amerika qit’asida tarqalgan. Ayrim turlari akvariumlarda boqiladi. Boshqa baliq oilalaridan o’zlarining o’tkir jag’lari mavjudligi bilan farqlanib turadi.

Piranyalarning o’lchami 15 sm dan (oddiy piranya) 108 sm gacha (qo’ng’ir paku) bo’ladi. Jag’larining tuzilishi o’z o’ljasi tanasidan katta go’sht bo’lagini tishlab uzib olish imkonini beradi. Odatda o’ljaga jamoa bo’lib tashlanadilar. Tabiatdagi ozuqalari esa o’simlik urug’lari, mevalar, barglar, ba’zan esa umurtqasiz ayrim umurtqali hayvonlar hisoblanadi.

Tuzilishi

Tishlarining tuzilishi uchburchak shaklida bo’lib, uzunligi 4-5 mm keladi. Yuqorida jag’dan chiqqan tishlar pastki jag’ tishlarining oraliqlarini to’ldiradi. Jag’lar yopilganda ustaradek o’tkir tishlar uning orasidagi narsani shartta qirqib oladi yoki baliq o’ljasiga tashlanganda uning tanasidan qalingina qismini tishlab uzib oladi. Yirik piranyalar odam barmog’ini bir urunishda tishlab uzib olishi mumkin.

Ushbu baliqlarning bu qadar kuchli tishlashi, ularning jag’larida joylashgan o’ziga xos muskul kompleksiga bog’liqdir. Ushbu muskullar pastki jag’ni yuqori jag’ bilan bevosita mustahkam bog’laydi. Piranyalarning ozuqa spektri ularning tish tuzilishiga bevosita bog’liq.

Mashhur tabiatshunos Alfred Brem piranyalar haqida quyidagicha yozadi: «Yebto’ymas piranyalarni daryoning giyenalari deb atash mumkin, chunki ularning hududida paydo bo’lib qolgan har qanday yirik hayvonga ham tashlanadilar, hatto o’zlaridan 10 barobar katta baliqqa ham tap tortmasdan tashlanadilar. Ba’zan esa timsohlar ham bunday baliqlar to’dasidan «oyog’ini qo’liga olib» qochib qoladi. Ularning yirtqichligi shu darajaga yetadiki, hatto o’zlarining yarador sheriklarini ham ayab o’tirmaydilar. Piranyalarning tishlari juda o’tkir va mustahkam. Ularning tishlari qattiq daraxt yog’ochidan qilingan cho’pni ham bir zumda parchalab tashlaydi. Qalin baliq ilmoqlari ham piranya tishlarining kuchiga bas kela olmaydi».

Shunday yirtqich bo’lishiga qaramasdan bunday baliqlarning ham tabiiy dushmanlari mavjud. Amazonka daryosida yashovchi delfinlarda amazonka iniyasi va qora kayman piranyalar bilan oziqlanadi.

Piranyalar boshqa baliqlardan farqli ravishda o’ziga xos ovoz chiqarish xususiyatiga ega. O’ljaga yaqinlashganda otning kishnashiga o’xshash ovoz chiqarib tashlanishadi. Boshqa piranyaga yaqinlashganda esa qarg’aning qag’g’illashiga o’xshash ovoz bilan bir-birini ogohlantiradi.

Piranya so’zi guarini tilidagi ikki o’zakdan kelib chiqqan bo’lib, «pira» – baliq, «ania» – badjahl, ya’ni badjahl baliq degan ma’noni bildiradi.

Piranyalarning yer qatlamlaridan topilgan toshga aylangan namunalari kamdan kam uchraydi. Uning barchaga ma’lum namunalari Kaynazoy erasi Neogen davri Miotsen bo’lidan topilgan bo’lsa, Pliotsen bo’limidan topilgan namunalari hali biroz munozarali, shu bilan birga ayrim paleontologlar piranyalarning ayrim vakillari qoldiqlarini quyi va yuqori Bo’r davri yotqiziqlaridan ham topganlar.

Bundan avval Braziliyaning San-Paulu oroli atrofidan yangi baliq turi topilgani haqida xabar bergan edik.

Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: baliq, piranya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.