Janubiy Sharqiy Osiyo (Malayziya) va Sharqiy Afrikada (Keniya, Tanzaniya, Uganda) hasharotlarning yarim qattiqqanotlilar turkumiga mansub qotil qandala (Acanthaspis petax) nomi bilan mashhur bo’lgan yirtqich qandalalar yashaydi. Ular ham boshqa yirtqich qandalalar kabi hasharotlarni yeb kun ko’radi, lekin hayot tarzi va o’ziga xos etologik xususiyatlari bilan entomologlarning diqqatini tortib kelgan.
Ushbu qandalalarning uzunligi o’rtacha 1 sm ga boradi. Asosan chumoli va terminlarning butun ichki borlig’ini so’rib olib oziqlanadi. O’ljasining qorin qismiga maxsus nayzasini sanchib uning ichida hasharot ichki qismini eritib yuboradigan ferment suyuqlik yuboradi. Bu modda o’ljani falajlab karaxt holatga keltiradi. Hazm bo’lgan o’lja ichki borlig’ini so’rib olganidan keyin qandala o’ljadan qolgan ekzoskeletni o’zining orqasiga maxsus suyuqlik bilan yopishtirib oladi. Yirik vakillarida bunday chumoli ekzoskeletlari 20 tagacha yetadi.
Entomologlar ushbu qandalalarning bunday maskirovkadan foydalanishlarining bir necha sabablari bor deb aytishadi. Birinchidan, bunday qalqon bilan mazkur qandalalarning dushmani hisoblangan o’rgimchaklardan himoyalanish mumkin. Ikkinchidan esa ushbu maxsus qobiq yordamida chumoli va termit orasiga sezdirmasdan kirib borish va ularga to’satdan hujum qilish mumkin ekan. Lekin hayotiga xavf tug’ilib qolgan vaqtda “kosa”sini tashlab qochadi va keyinchalik o’ziga yana qaytadan qalqon yasay boshlaydi.
Qotil qandalaning nimfalari (nimfa – chala o’zgarish bilan rivojlanuvchi hasharotning lichinkasi) mana shunday qobiq yordamida Macrotermes urug’iga mansub termitlarga tashlanishda maskirovka sifatida foydalanishi qayd etilgan. U termit uyasining havo almashadigan yo’llari orqali uyaga kirib olib uya markaziga kiruvchi yo’llarda yashirib oladi va o’ljasini kutadi. Uni bunday qobiqda odatda termitlar payqamay qoladi.
Tadqiqot tarixi
Qotil qandalalarning ushbu qalqondan dushmandan himoya sifatida foydalanishini 2007-yilda Kenterberi universiteti entomologlari ham tajribada tasdiqlashgan. Ular qalqonli va qalqonsiz qandalalarni maxsus oynali idish ichiga chopriq o’rgimchaklarning Hyllus, Plexippus va Thyene urug’ vakillari bilan birgalikda joylashtirishadi. Ushbu uch o’rgimchak turlari hidni yaxshi sezmaydi, o’ljani o’tkir ko’zlari orqali topadi. Tajribada shu narsa ma’lum bo’ladiki, qalqonsiz qandalalar qalqonli sheriklariga nisbatan 10 barobar ko’p ovlanadi. O’rgimchak ovi qandalaning harakatlanishiga bog’liq emasmikan degan taxminni tekshirish maqsadida tajriba xuddi shu tartibda o’lgan qandalalar bilan o’tkaziladi va natijalar yuqoridagi holatdagidek qaytariladi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.