Baliqlarda aql bormi?

Baliqlarda aql bormi?

Ko’pchilik odamlar baliqlarning no’xatdekkina miyasi bor va ular kun bo’yi uyoqdan buyoqqa suzishdan boshqa ish qilmaydi deb o’ylashadi. Bundan ham yomoni ko’pchilik “Nemoni izlab” multfilmidagi Dori kabi baliqlarning xotirasi atigi 3 soniyadan iborat xolos, shu bois ular o’zlarining kichik akvariumlarini o’zlari uchun qayta va qayta kashf etadilar deb hisoblashadi. Aslida ham shundaymi?

Avstraliyadagi Makkuori universiteti etolog-ekologi Culum Brown o’zining “Hayvonlarning ongi: shunchaki yoqimli chehra emas” nomli maqolasida bu haqida quyidagicha fikr bildiradi: Baliqlar ko’pchilik o’ylagandan ko’ra aqlliroq jonivorlardir. Ko’pgina jihatdan, jumladan xotira maydonlariga ko’ra ular “yuksak” umurtqalilar, xususan odamsimon bo’lmagan primatlar bilan teng, hatto ulardan ustun turadi”.

Miya hajmi yoki massasining tana hajmi va massasiga nisbatiga qaraganda ham baliqlar ko’pgina hayvonlardan oldinda ekanligini ko’rish mumkin. Masalan, Afrika suvlarida yashaydigan uzun burunli fil baliq (Gnathonemus petersii) miyasining massasi tana massasiga nisbatiga ko’ra barcha umurtqalilar ichida eng yirik miyali jonivor hisoblanadi (hatto odamdan ham), miyaning kislorod qabul qilish hajmiga ko’ra ham barcha umurtqalilar ichida birinchi o’rinda turadi (odamdan uch marotaba yuqori).

Aynan baliqlarning xotirasi bo’yicha olib borilgan tadqiqotlarga e’tibor beradigan bo’lsak, ko’pchilik baliqlarning doimiy xotirasi bir necha oydan bir necha yilgacha davom etishini ko’rishimiz mumkin. Masalan, tadqiqotchi S.G.Reebs o’zining “Baliqlarning uzoq muddatli xotirasi” maqolasida kanal laqqachasi (Ictalurus punctatus) o’ziga ovqat berib yurgan odamning ovozini 5 yildan keyin ham eslagani yoki tillarang tobon baliq (Carassius auratus) o’ziga ovqat beriladigan idish rangini uni bir yildan keyin ko’rganidan keyin darrovda tanib olgan (ushbu ikki baliq turi O’zbekiston suv havzalarida uchraydi). Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Quyida ushbu maqolaning to’liq matni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: baliq, xotira

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.