COVID-19 qayerdan va nimadan kelib chiqqan? Koronavirusning odam va hayvon o’rtasida yuqish jarayoni masalalari

COVID-19 qayerdan va nimadan kelib chiqqan? Koronavirusning odam va hayvon o’rtasida yuqish jarayoni masalalari

Saytimizning telegramdagi kanali o’tgan yili butun dunyoda koronavirus epidemiyasi (keyinchalik pandemiya) boshlangandan boshlab ushbu viruslar, ularning keltirib chiqaradigan oqibatlari haqida xabarlar berib keladi. Shu bilan birga mutaxassislarning fikrlari, xulosalari haqida ham o’quvchilarimizni xabar qilib boramiz. Bugun ushbu mavzuda ijtimoiy tarmoqlarning o’zbek segmentida o’zining chiqishlari bilan faol va ko’pchilikka tanish bo’lgan shifokor Abdulazizxon Akramovning koronaviruslar haqidagi quyidagi tahliliy maqolasini hukmingizga havola etamiz.

12-fevral kuni dunyoning mashhur nashrlaridan biri The Wall Street Journal (WSJ) da, Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti ekspertlariga, Xitoy hukumati koronavirusning kelib chiqishini o’rganishdagi muhim faktlarni bermaganligi to’g’risida xabar bosilib chiqdi. Taqdim qilingan fakt va dalillarni o’rganib chiqqan ekspertlar muhim xulosalarga kelishdi. Xususan, Covid-19 ni ko’rshapalaklardan kelib chiqqani to’g’risida delegatsiya rahbari shunday deydi: – Bunday viruslar haqiqatan ham ko’rshapalaklar populyatsiyasidan kelib chiqadi va ekspert olimlar bugun bunga qo’shilishadi. Koronavirusning barcha oldingi turlari hayvonlarda aniqlangan. Ammo “oraliq xo’jayin” ning qaysi hayvon ekanligi savol ostida. Biz bilamizki, ko’rshapalak darhaqiqat, bor edi, va birinchi yuqtirgan odam 19-dekabrda aniqlandi, ammo bularning o’rtasida nima bor edi? Ushbu zanjirda qancha hayvon ishtirok etdi va bu ishtirok etish izlarini qayerdan izlash kerak?”

New York Timesga intervyu bergan yana bir ekspert olim Piter Daszakda ham bir qancha yaxshi nazariyalar mavjud. “U yerda quyonlar va quyonlarning jasadlari bor edi. Quyon fermasi juda muhim bo’lishi mumkin. Bundan tashqari eng katta ehtimollardan yana biri bu bo’rsiqlardir. Ushbu bozorga koronavirusni tashiy oladigan hayvonlar turli nuqtalardan keltirilib sotilgan. Ular Xitoyning boshqa bir joyida ko’rshapalaklardan virusni yuqtirib, Uhanga olib kelingan bo’lishi mumkin” deydi u.  Piter Daszak Uhandagi bozorni kuzatib, ko’rshapalaklar virusiga yaqin shtamm pangolinlar orqali odamga o’tgan bo’lishi mumkinligini ham bildirib o’tdi.

Pangolin

Virusning labaratoriyada yaratilgani ehtimoli juda kamligi tufayli bu borada surishtiruv olib borishga arzimaydi degan xulosaga kelingan. Ammo shu bilan birga Xitoy hukumati bozordan olingan va ishlov berilmagan dastlabki dalillarni taqdim qilishdan bosh tortmoqda. Bu esa o’z navbatida qandaydir sir yoki noto’g’ri ish bo’lganligi to’g’risidagi shubhani oshiradi.

Ammo shuni ham aytish kerakki, koronavirusning tabiiy manbasini va insongacha bo’lgan yuqish zanjirini butkul tadqiq qilish va fosh qilishga hozircha ilm ojizlik qiladi. Sababi bu zanjir tasodiflarga to’la va bir nechta hayvondan ham tuzilgan bo’lishi mumkin.

Xavotirlar shundan iboratki, agar manba va zanjir aniqlanmasa yuqtirish jarayoni abadiy bo’lishi va pandemiya yakuni noma’lumligicha qolaverishi mumkin. Sababi virus ayni kunlarda ham hayvonlardan odamlarga yuqishda davom etayotgan bo’lishi mumkin va bundan tashqari xavfliroq mutatsiyaga uchrashi insoniyatni tashvishga soladi.

Koronavirusning odamdan hayvonga yuqish ehtimoli

Koronavirus oilasidagi viruslarning aksariyati odamlar uchun yangi va ko’pincha hayvonlardan kelib chiqadi. Covid-19 manbasi qaysi hayvon bo’lishi mumkinligi hali aniqlanmagan, ammo bu masala o’rganilmoqda. Biroq, endi odamdan odamga yuqib, tarqalishi aniq bo’ldi.

Ayni paytda Covid-19 virusini chivin chaqishi orqali yuqtirish imkoniyati to’g’risida ma’lumotlar yo’q. Uy pashshalari Covid-19 virusini yuqtirishga qodirligini ko’rsatuvchi dalillar yoki ma’lumotlar ham mavjud emas.

Yuqtirilgan odamlar bilan aloqada bo’lgan bir nechta it va mushuklar (uy mushuklari) Covid-19 yuqtirganligi tasdiqlangan. Bu xolatda yoki uy hayvonlari infektsiyaga moyil bo’lgan bo’lishi yoki kasal bilan tinimsiz kontaktda bo’lganligi tufayli yuqish yuz bergan bo’lishi mumkin. Laboratoriya sharoitida mushuklar va yovvoyi hayvonlarning yuqumli kasallikning intraspetsifik tarzda yuqishi ehtimoli aniqlangan, ammo hozirgacha bu hayvonlar odamlarga kasallik yuqtirishi va Covid-19 tarqalishida ishtirok etishi mumkinligi to’g’risida hech qanday dalil yo’q.

Covid-19 asosan havodagi tomchilar bilan, masalan, yo’talayotganda, kontakt yoki yaqin muloqot qilganda, bemorning nafas yo’llaridan tushadigan tomchilar orqali yuqadi. Bundan tashqari, ifloslangan yuzalar bilan qo’lga o’tishi va agar odam qo’llarini yuvmasdan ko’zlariga, burunlariga yoki og’ziga tegsa, yuqtirishi mumkin.

Biroq, Covid-19 bilan kasallangan yoki Covid-19 bilan kasallanish xavfi yuqori bo’lgan odamlarga uy hayvonlari va boshqa hayvonlar bilan aloqani cheklash tavsiya etiladi. Hayvonlar bilan ishlashda har doim asosiy gigiena qoidalariga rioya qilish kerak. Bunga hayvonlarning oziq-ovqat yoki buyumlarga tekkandan keyin qo’llarni yuvish va o’pishdan, erkalashdan yoki hayvon bilan ovqat almashishdan saqlanish kiradi.

Gongkongda koronavirusning odamdan itga yuqqan holati qayd etilgan edi. Mushuklarda esa bu xolat ko’proq kuzatilgan. Uy hayvonlariga yuqqan virus yana xo’jayinga qaytib yuqish ehtimoli sabab emlanishi to’g’risidagi fikrlar ham paydo bo’ldi. Seulda esa koronavirusga qarshi test o’tkazilganda uy hayvonlarini ham tekshirish allaqachon boshlanmoqda. Xulosa qilib aytganda, koronavirus masalasida fan oldida juda ko’p yechimini kutayotgan savollar mavjud. Masalaning murakkabligi shundan iboratki, yechim tez va aniq bo’lishi kerak.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.