Tirik organizmlarning deyarli barchasi hujayralardan tashkil topgan. Hujayralar esa bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Bo’linishning asosan ikki: mitoz va meyoz turlari mavjud. Eukariot organizmlarning somatik hujayralari deyarli faqatgina mitoz usulida, jinsiy hujayralari esa meyoz usulida ko’payadi. Prokariot organizmlarning hujayralari odatda teng ikkiga bo’linish yo’li bilan bilan ko’payadi (teng ikkiga bo’linib ko’payishni amitoz bilan adashtirmang).
Odam hayoti davomida hujayralarning bo’linib ko’payishi oqibatida 10 kvadrillion (15 ta noli bor) hujayra hosil bo’ladi.
Hujayralarning bo’lib ko’payishini ilk marotaba mikroskop ostida nemis botanik olimi Hyugo fon Mohl yashil suv o’ti Cladophora glomerata hujayralarini tekshirish vaqtida kuzatadi.
Ushbu maqolamizda hujayralarning bo’linish usullari haqida emas, balki hujayralar bo’linishining chegarasi mavjud yoki mavjud emasligi haqida fikrlashamiz.
Ko’p hujayrali organizmlarda hujayralar bo’linib borar ekan, organizm miqdor jihatdan ham o’sib boradi. Lekin shunday bo’lsa ham hujayralar bo’linib ko’payishining ma’lum bir chegarasi mavjud. Masalan, odamlarda hujayra o’rtacha 52 marta bo’lingandan keyin bo’linishdan to’xtaydi. Buni fan tilida Hayflik fenomeni (yoki Hayflik chegarasi) deb ataladi. Bu holat quyidagicha tushuntiriladi. Hujayralar bo’linish vaqtida ularning xromosomalar nasl aparatni ikki hissa orttirish uchun DNK molekulasini replikatsiya qilishga undaydi. Bilamizki xromosomalarning oxirgi uchlarida telomerlar joylashgan. Hujayra bo’linib ko’payar ekan, mana shu telomerlar qisqarib boradi va qaysidir nuqtaga yetgandan so’ng ular tugaydi. Bu esa hujayra bo’linishini to’xtatadi. Bo’linish xususiyatini yo’qotgan hujayralar qari hujayralar deb nomlanadi. Ular asta sekinlik bilan autofagiyaga uchrab nobud bo’ladi.
Saraton hujayralarida esa ko’p miqdorda telomeraza fermenti mavjud bo’lganligi uchun, ushbu ferment xromosomalarning uchki qismidagi telomerlarning qayta tiklanishiga yordam beradi. Bu esa o’z navbatida saraton hujayralarining o’lmasligini ta’minlaydi. Ular tinimsiz va cheklanmagan miqdorda ko’payish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Ammo lekin Nobel mukofoti sovrindori Aleksis Karrel hujayralar bo’linish chegarasi mavjudligi haqidagi Leonard Hayflikning ushbu nazariyasini rad etadi va har bir normal hujayra o’lmas deb yozadi. Karrelning tandiqlari va xulosalaridan so’ng Hayflik o’z fikrlariga shubha qila boshlaydi. Shundan so’ng laboratoriyada o’z xulosalarini qayta va qayta tekshirib ko’rish natijasida haqiqatdan ham Hayflik chegara mavjud ekanligini aniqlaydi. Keyin boshqa bir qancha olimlar tajribalarda Hayflik natijalarini takrorlashadi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.