Meristema bu o’simlikning butun umri davomida o’zining faol ko’payish xususiyati va fiziologik faolligi saqlab qoluvchi, o’simlik umumiy massasining doimiy ortib borishiga sabab bo’luvchi, shu bilan birga boshqa muhim to’qimalarni hosil bo’lishiga javobgar to’qimalarning umumiy nomi hisoblanadi.
O’simlik hujayralari ixtisoslashgandan so’ng o’zining ko’payish xususiyatini yo’qotadi, shu bilan birga ular boshqa tipdagi hujayralarga aylana olmaydi. Meristema hujayralari juda oz ixtisoslashgan yoki umuman ixtisoslashmagan bo’ladi. Meristema hujayralari boshqa hujayralardan farqli ravishda mayda bo’lib, hujayraning asosiy qismini sitoplazma tashkil etadi. Yadrosi yirik, hujayra hajmining yarmini tashkil etadi, membranasida juda ko’p poralar mavjud. Vakuolalari nihoyatda kichkina. Shakllangan plastidalar mavjud emas. Hujayralar o’zaro zich joylashgan, hujayralararo moddasi kam bo’ladi.
Meristema hujayralari mitoz usulida ko’payadi. Hosil bo’lgan hujayralarning biri meristema sifatida saqlanib qolsa, ikkinchisi ixtisoslashib boshqa to’qima hujayrasiga aylanadi. Meristema hujayralari ichidagi initsial hujayra faol bo’linish xususiyatiga ega bo’lib, u bo’linganda hosil qilgan bo’lajak boshqa to’qima hujayrasidan hajmi va vakuolalari soni bilan farqlanadi. Meristema atamasini ilk marotaba nemis botanigi Karl Vilgelm fon Negeli “Botanika faniga qo’shilgan hissalar” asarida keltirib o’tadi.
Meristema va uning turlari
Meristema to’qimasining uch turi farqlanadi: apikal (uchki qismda), interkalyar (o’rtada) va lateral (yon tomonda).
Apikal meristema butunlay ixtisoslashmagan hujayralar to’plamidan iborat bo’lib, uning ikki turi farqlanadi. Poyaning apikal meristemasi (PAM) va ildizning apikal meristemasi (IAM). PAM va IAM hujayralari cheksiz bo’linish xususiyatiga ega bo’lib, bu xususiyati bilan hayvonlarning asos hujayralariga o’xshab ketadi. Hujayralarning necha qavat bo’lib joylashishi o’simlik turiga bog’liq.
Poyaning apikal meristemasi o’simlikning barcha yer ustki qismlarining (barg, gullar) hosil bo’lishiga javobgar hisoblanadi. Poyaning uchidagi meristema hujayrasi asos hujayra vazifasini o’tab boshlang’ich barg va gulni hosil qiladi.
Ildizning apikal meristemasi PAMdan farqli ravishda ikki xil o’lchamdagi hujayralarni hosil qiladi. O’sish nuqtasining markazidagi sokin markaz (SK) deb nomlanuvchi hujayralar (bu markaz hujayralari juda sekinlik bilan bo’linadi) va ildizning hosil bo’lishida faol ishtirok etuvchi hujayralar.
Interkalyar meristema yopiq urug’li o’simliklardan faqat bir urug’pallalilarda uchraydi. Ushbu meristema to’qimasi bir urug’ pallalilarning o’tsimon vakillarida, barg qini hamda poyadagi bo’g’imlarda joylashadi. Shu bilan birga yo’sinlarda ham interkalyar o’sish kuzatiladi. Interkalyar meristemaning asosiy vazifasi o’t formasidagi o’simlikning tezlikda o’sishini ta’minlashdan iboratdir. Masalan, bambuk poyasining bo’g’imlarida joylashgan interkalyar meristema poyaning tezlikda cho’zilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga o’tsimon o’simliklarda jarohatlangan barglarni tezda qayta tiklanishiga ham javobgar hisoblanadi.
Latereal meristema o’simliklarning yon tomonga o’sishini ta’minlaydi. Ushbu hujayralar o’simlikning o’q organlari atrofida joylashadi. Ularga kambiy, qo’shimcha kambiy va fellogen kiradi.
Bundan avval o’tkazuvchi to’qimaning elaksimon naylari va yondosh hujayralari haqida ma’lumot berilgan edi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izohlar
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.
Raxmat tóqimalar haqida ham ma’lumotlar yozing iltimos